Kannavaro: "Jahon chempionatida hech kimni oldindan kuchli deb bo‘lmaydi"
Italiya terma jamoasi safida 2006 yildgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan afsonaviy himoyachi Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan tarixiy JCh–2026 ishtirokini oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terma jamoasida katta ishtiyoq va o‘sishga bo‘lgan intilish mavjud.
"Bu O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ilk ishtiroki. Men uchun ham murabbiy sifatida bunday musobaqada qatnashish birinchi marta.
Jamoada katta maqsadlarga ega futbolchilarni ko‘rdim. Ular o‘rganishni, rivojlanishni va qattiq mehnat qilishni istaydi. Bizda yo‘qotadigan narsa yo‘q", — dedi Kannavaro.

Ma’lumki, O‘zbekiston JCh–2026 guruh bosqichida Kongo DR, Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Kannavaro raqiblar kuchli ekanini tan olgan holda, jahon chempionatida har qanday natija bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Bu juda qiyin guruh. Kolumbiya va Portugaliya dunyoning eng kuchli 20 terma jamoasi qatoriga kiradi.
Kongo termasida ham Frantsiya va Angliya chempionatlarida o‘ynaydigan futbolchilar ko‘p. Shuning uchun oson bo‘lmaydi.
Amo jahon chempionatida qaysi jamoa kuchliroq ekanini oldindan aytish qiyin. Bu — jahon chempionati", — dedi italyalik mutaxassis.

Shuningdek, terma jamoa yarim himoyachisi Otabek Shukurov ham futbolchilar bosim haqida emas, tarixiy imkoniyat haqida o‘ylayotganini aytdi.
"Bu jahon chempionatidagi birinchi ishtirokimiz. Biz bosimni chetga surib, maydonga chiqishimiz, o‘yindan zavq olishimiz va O‘zbekiston futbol mamlakati ekanini ko‘rsatishimiz kerak", — dedi Shukurov.
Yana bir futbolchi Umarali Rahmonaliev esa terma jamoada raqobat har qachongidan ham kuchayganini ta’kidladi.
"Raqobat doimo bo‘lgan, ammo jahon chempionati oldidan yanada kuchaydi. Biz mamlakat bayrog‘ini baland ko‘tarish va dunyo sahnasida salohiyatimizni namoyish etish uchun bor kuchimizni ishga solamiz", — dedi Rahmonaliev.

Fikrlar