
Karantin tugagandan keyin ham futbolga ruxsat berilishi aniq emas... Kerak bo‘lsa futboldan voz kechiladi... "Navbahor" Namanganda o‘ynashi shart emas...
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sekin-asta yumshatilmoqda. Birin-ketin virusdan forig‘ bo‘lgan viloyatlarda hayot avvalgidek bo‘la boshlayapti. Bu esa futbol bahslari ham ozgina vaqtdan so‘ng boshlanib qolishini anglatadi.
Ayrim davlatlar ligalarni to‘xtagan holatida tugatmoqda, ba’zilar mavsumni yakunlab qo‘ymoqchi vahokazo. Xo‘sh bizdachi? Bizda bu jarayon qanday kechadi? Endigina boshlangan Superliga ma’lum vaqt muxlislarsiz o‘tishi aytildi xolos.
Qolgani taxminan qanday bo‘lishini bilish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik. “Sport” telekanali translyatsiya rejissyori Jamoliddin Bobojonov savollarimizga javob berdi.
“Sport” telekanali sharhlovchisi Murod Rizaev futboldagi mavjud qoidadan norozi, uni bekor qilish tarafdori
- Karantindan keyin o‘zbek va xorij futbolini qanday tasavvur qilasiz? O‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi?
- Aniq bir fikr bildirish qiyin. Chunki karantinning qachon tugashi juda muhim. Masalan, Evropa mamlakatlari chempionatlarni aprelning boshlari yoki oxirgi haftasiga, undan so‘ng may oyining dastlabki 10 kunligidan davom ettirishni rejalashtirgandi. Agar vaziyat shu oyning oxirigacha o‘nglanmasa, savollar ko‘payadi. Ya’ni futbol o‘tkaziladimi, shunday bo‘lsa qaysi sanalarda, yangi mavsumgacha tugatiladimi vahokazo. Bu savollarga javob yo‘q. Sababi karantin tugagandan keyin ham futbolga ruxsat berilishi hali aniq emas.
Karantindan keyin futbol, albatta, o‘zgaradi. Yuqorida sanab o‘tganlarimning o‘zi bir misol. Iqtisodiyotda ham krizis boshlanadi. Futbol inson yashashi uchun birlamchi vosita emas. Agar kerak bo‘lsa birinchi navbatda futboldan voz kechiladi.
Evropa qit’asida millionlar o‘yini tezroq tiklanadi. Boshqa joylarda jarayon sal og‘irroq kechishi mumkin. Lekin umid qilamanki, uzog‘i ikki yilda futbol ham, hayot ham karantingacha bo‘lgan holatiga qaytadi.
- Superligani endi qanday o‘tkazishni taklif qilasiz?
- May oyida karantin butunlay tugatilsa ham hukumat ommaviy tadbirlarga ruxsat bermasligi yoki odamlar to‘planmasligi uchun futbol muxlislarsiz o‘tkazilishi mumkin. Bu holat bizning futbolimizga katta yo‘qotish bo‘lmaydi. “Navbahor”, “Andijon” va bir nechta klublarimizning ishqibozlarini aytmasa, boshqalar bilan maqtana olmaymiz. Lekin 3-5 ming bo‘lsa ham muxlis stadionga tashrif buyurardi.
Ko‘p ehtimol yoz oylarida futbolni tiklaganimiz bilan o‘yinlar muxlislarsiz o‘tkaziladi. Bunday paytda klublarga maydonning aloqasi yo‘q. Tomoshabinlar kelmagandan keyin “Navbahor” Namanganda o‘ynashi shartmas, deb o‘ylayman. Superliganing ma’lum bir qismini yoki muxlislarning kelishiga ruxsat berilgunga qadar uchrashuvlarni Toshkent va Toshkent viloyatida tashkil etish mumkin. Bunda jamoalarga engillik bo‘lardi. Chunki viloyatlararo transportlar harakati tiklanmagan. Xavfsizlik nuqta’i nazardan kelib chiqib aytdim. Yakuniy qarorni PFL chiqaradi.
Futbol muxlislarsiz bo‘lsa-da, tezroq tiklangani yaxshi. Chunki o‘yinchilar sport formasini tiklab olishi lozim. Qolaversa, kuzda Osiyoda terma jamoalarning muhim uchrashuvlari boshlanishi mumkin. Ungacha esa biz, albatta, futbolimizni etkazib olishimiz shart. Qancha tez boshlasak, shuncha yaxshi.
Bobur Akmalov: Superliganing tezroq tugashi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga foyda
- Evropada futbol chempionatlarining davom etishi ko‘proq pulga bog‘liqmi yoki chempionni aniqlashga?
- Nazarimda, ikkilasiga ham. Chunki kuchli beshlikda pul masalasida ayniqsa, APL juda katta shartnomalarga ega. Agar mavsum davom ettirilmasa, oqibati nima bo‘lishini bilmayman. Mutasaddilar biror echim topadi. Ko‘p ehtimol mavsum davom ettiriladi.
Tasavvur qiling siz dehqonsiz. Shartnoma asosida kimgadir 100 tonna maxsulot etkazib berishingiz kerak. Siz uning 70 tonnasini bergansiz, lekin kelishuv 100 tonnaga. Siz undan shuncha maxsulotga pul olib qo‘ygansiz va keyingi ishlarni mo‘ljallagansiz. Xaridor ham ishlarini rejalashtirgan. Shuning uchun pul juda muhim omillardan biri.
Eng muhimi kimningdir ko‘nglini qoldirmaslik kerak. Frantsiya, Niderlandi chempionati to‘xtatildi. Katta ehtimol bilan mavsum davom ettirilmaydi. Chempionni va boshqa o‘rinlarni aniqlash klublarning o‘zida qolgani yaxshi. Sport printsiplariga asoslanib, muammoni hal etgan ma’qul. Qanaqa formatdaligidan qat’iy nazar uchrashuvlarni davom ettirish lozim. Lekin hozir dunyo shunday holatdaki, har qanday qarorni qabul qilamiz. Agar Angliyada ham karantin davom etsa, futbol o‘ynashning iloji yo‘q. Mana shu noma’lumlik nafaqat futbolda, balki hammaning hayotida muhim rol o‘ynayapti.
- Chempionatlarda chempionni kay tarzda aniklash kerak deb xisoblaysiz?
- Chempionni, albatta, o‘yinlar, yig‘ilgan ochkolar bilan aniqlash kerak. Bu eng adolatli yo‘l. Qanaqadir qur’a, hozirgi o‘rinlarga qarab o‘yinlar to‘xtatilsa, e’tirozlar ko‘payadi. Agar o‘yinlar o‘tkazishning imkoni bo‘lsa, buni amalga oshirish darkor.
Fikrlar
2022 yil Qatarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan jahon chempionati boshqa muddatga qoldirilishi ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda Rossiyaning RIA Novosti agentligi muxbiriga FIFA vakili ma’lum qilgan.
Manbada aytilishicha, FIFA yig‘ilib qolgan o‘yinlarni qulay muddatda o‘tkazish uchun a’zolar bilan maslahatlashgan holda yechim topadi: «Pandemiya vaqtida futbol jamoatchiligi birdamlik ko‘rsatmoqda va FIFA bu koronavirusning futbolga ta’sirini kamaytirishiga ishonadi», deb FIFA vakilining so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.
Agentlikning suhbatdoshi 18 mart kuni FIFA tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilgani, bu guruh pandemiya vaqtida qanday harakatlanish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqqani va xususan, xalqaro o‘yinlar kalendari bo‘yicha ishlayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, koronavirus pandemiyasi sabab JCH-2022 saralash o‘yinlari to‘xtatib qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasining Yaman (31 mart), Singapur (4 iyun) va Saudiyaga qarshi (9 iyun) o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirilgan. Saralashning «D» guruhida qatnashayotgan O‘zbekiston 9 ochko bilan o‘z guruhida yetakchilik qilmoqda.