"Katanets ikki xil gapirdi, bu uning xiylasi" - Xayrulla Hamidov bugungi terma jamoamiz, murabbiyning uslubi va Shomurodovning "Roma"dagi taqdiri haqida fikrini aytdi

  • 28 mart, 2022, 21:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

27 mart kuni Andijonda pro liga doirasida “Andijon” hamda “Aral Samali” jamoalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda mezbonlar 4:0 hisobida ustun keldi. Ushbu o‘yinni “FutbolTV” telekanali orqali taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov sharhlab bordi.

Sports.uz muxbiri uchrashuvdan avval Xayrulla Hamidov bilan suhbatlashdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasini hozirda Namanganda o‘tkazilayotgan turnirdagi ishtiroki, Srechko Katanetsning uslubi va Eldor Shomurodov borasida o‘zining munosabatini ochiq bildirdi.

- Oxirgi yillardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bu musobaqaning o‘tkazilayotganini faqat pozitiv ko‘raman, - deya gap boshladi, Hamidov. - Hech qanaqa yomon tarafini ko‘rmayapman. Oldinlari o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lardi. Mayli, kim bilan o‘ynashimizdan qat’iy nazar, u Shvetsiya bo‘ladimi, Ugandami farqi yo‘q. Lekin bu turnir chala rasmiy o‘yinga aylanyapti. Ya’ni, bunda penaltilar seriyasi bor. O‘rtoqlik uchrashuvida penaltilar seriyasi bo‘lmaydi. Mana shu penaltilar seriyasida ham futbolchilarimizni ko‘rishimiz kerak. Chunki Osiyo Kubogida aynan penaltilar seriyasidan keyin chiqib ketganmiz. Namanganda o‘tayotgan musobaqada muxlislar stadionni to‘ldirib o‘tirishibdi. Andijon va Farg‘onadan ham muxlislar kelishayotganini ko‘rdim. Turnirni zo‘r paytda o‘tkazilayotganini ham aytmoqchiman, nomi ham ajoyib – “Navruz Cup”. Deylik, ushbu musobaqa yozda, misol uchun muxlislar stadiondan qaytib qolgan paytda o‘tkazilganida yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Hozir esa ayni avjida. Hatto, Eldor Shomurodovga ham o‘yin kerak, gol kerak. “Roma”da “o‘tirib” qoldi. Sergeevning qaytishi...Raqiblar ham yomon tanlanmagan.

xayrulla

Qo‘shnilarimiz bilan o‘tadigan musobaqani avvaldan gapirib yurardik. Masalan, oldin Qozog‘iston bilan o‘rtadagi farqimizni yaxshi bilmasdik. Tojikiston bilan Qirg‘izistonda so‘nggi yillarda futbol o‘syapti. “Istiqlol”ning OChLdagi o‘yinlari...Qirg‘iziston terma jamoasining o‘yinida esa haqiqiy klublarcha o‘sish bor. Bu terma jamoa klubga o‘xshaydi. Bosh murabbiyi bir tizim asosida futbolchilarni jamladi. Osiyo Kubogida ham Qirg‘izistonning o‘yini yoqqandi. Qirg‘izistonning o‘yini O‘zbekiston futzal terma jamoasi o‘yinini esga soladi. Garchi futzalchilarimiz yutqazishgan bo‘lsa ham barchaning yodida qolgandi. Xuddi shu kabi Qirg‘izistonni o‘yini ham ko‘pchilikning yodida qolgandi. O‘shanda ular qiyin guruhdan chiqishgandi. Bizdan chiroyliroq o‘yin ko‘rsatishgandi. Shuning uchun bu turnirdagi o‘yinning og‘ir kechishini taxmin qilgandim. Bosh murabbiyi o‘yindan keyin ikkinchi bo‘limda kuchimiz etmadi deb aytibdi. Bunga asosiy sabab O‘zbekiston terma jamoasi birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgani va butun o‘yin davomida gol urishga majbur bo‘lgani bilan bog‘liq. Bunday paytda energiya sarflanadi. Bu ham yaxshi. Ba’zi muxlislar Qirg‘izistonga jiddiy qarashmadi, ammo hamma futbol o‘ynashni o‘rgangan. Qirg‘iziston futbolchilaridan tashqari, futbol federatsiyasining matbuot xizmati ham zo‘r ishlaydi. Ularning kelgani ham yaxshi bo‘ldi. Afsus, Tojikiston finalga chiqa olmadi. Hozircha menda terma jamoamiz o‘yini bilan bog‘liq yomon taassurot yo‘q. Finalda osonroq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapman. Chunki biz uchta raqib orasidan eng kuchlisini yutdik.

Katanets rasmiy o‘yinlar arafasida kelmadi. Pandemiya paytida keldi. Iroq terma jamoasidagi uslubidan kelib chiqsak, u g‘irt terma jamoa murabbiyi. Milliy chempionatni qanchalik kuzatayotganidan xabarim yo‘q. Lekin bitta hujumchi bilan o‘ynayotganidan kelib chiqsak, klublarimizga o‘xshab o‘ynayapti. Shu narsadan qutulmadik-qutulmadik. Yangilik ko‘rmayapmiz. Bu murabbiy pressing qo‘llashga yaqinroq. Bunaqa paytda ikkita hujumchi bilan o‘ynash unchalik xavfli emas. Bu ham cho‘chiyapti-da. Buning sababi markaziy himoyachilarimizning zaifligi. Haligacha aniqlanib bo‘lmagan. Qirg‘iziston bilan uchrashuvda ham ushbu ojiz nuqtamizdan gol o‘tkazdik. Eng katta muammoimiz shu. Oldinlari terma jamoamizda hujumchi topilmasdi. Himoyachilar har doim muntazam ravishda bo‘lardi. Hozir teskarisi bo‘lib qoldi. O‘sha “Liverpul” uchligiga o‘xshab aniq maydonga tushishadi. Yarim himoya ham zo‘r.

hamidov

Ochig‘i, milliy chempionatimiz terma jamoaga tortadigan ikki yaxshi markaziy himoyachini chiqarib bera olmayapti. Markaziy himoyachilarni kashf qila olmas ekan, Katanets o‘zbekcha futbol ko‘rsataveradi. Boshqa iloji yo‘q. Bitta o‘yinchi oldinga qo‘shilishini istayapman-u, ammo o‘zimga-o‘zim savol beryapman: orqada 3 ta himoyachi bilan qoladigan bo‘lsa yoki yarim himoyada bir futbolchi kamaysa qiynaladi. Katanets vaziyatdan kelib chiqib ish tutyapti. Sochilib ketgan futbolchilarni olib keldi. Hammani tekshirib ko‘ryapti. Hozir murabbiyni jamoada biror-bir yoqimtoy futbolchisi yo‘q. Ammo uslubiga mos bo‘lgan o‘yinchilarga tayanadi. Masalan, Shomurodovni har doim asosiy tarkibda tushiradi. Qanaqa qilib, uni tushirmasligi kerak? Ammo birinchi uchrashuvda Igor Sergeev yaxshi ish qildi. Shomurodovni uyg‘otish uchun ham zo‘r bo‘ldi. Eldor asosiy hujumchimiz. Zaxiradan tushadigan ikkinchi hujumchimiz bu Sergeev. Agar Igor asosiy tarkibda tushiriladigan bo‘lsa, Eldorni chap qanotda o‘ynatsa ham bo‘ladi. Shu tomonlama Katanetsda ko‘p variantlar bor-u, uni bu turnirda muxlislar qarshisida maydonga chiqqaniga ancha bo‘lgan ekan. Boshida bosim bilindi. Murabbiy ikki xil gapiribdi. Uchrashuvdan avval natija shart emas debdi. Keyin natija muhim edi, deb gapiribdi. Bu murabbiylarning xiylasi. Boshida natija muhim emas deb turadi, mabodo yutqazib qo‘ysa shu gapi qalqon bo‘lib turadi. Ammo yutgandan keyin natija shart edi deyishadi. Ammo yaxshi o‘yin bo‘ldi, kambek qildik, gollar urdik. Gollar ham kombinatsiya hisobiga, darvoza yaqinidan kiritildi. Uzoqdan, tasodifiy gollar bo‘lmadi. Kuchsiz terma jamoani yutdik deya olmayman. Menimcha, musobaqada g‘olib bo‘lishi shart.

xa

Eldorni “Roma”ga noloyiq demayman. Bu erda gap Mourinoda. Har doimgidek agressiv hujumchilarga ro‘yxo‘shlik bildiryapti. Oldin ham shunaqa edi. Baribir Eldorni tabiati yumshoq. Eng mashhur yulduzimiz bo‘lsa ham eng xokisor yigitimiz. Boshqa futbolchi uning o‘rnida osmonlarga chiqib ketardi. Balki hujum chizig‘ida o‘ynaydigan shunaqa tabiatli hujumchilarni Joze unchalik xushlamas. Gyanni maydonga tushiryapti. Uni ko‘p xatolari bor, ammo afrikalik hujumchini tashnaligi, motivatsiyasi bor. Bitta krossovka berib qo‘ysa ham zo‘r o‘ynab qo‘yishi mumkin. Mourino Shomurodovning ko‘zida balki o‘t ko‘rmayotgandir. Yoki uning o‘zi “Roma” kelganim etarli deb o‘ylayotgandir. Oldin Shomurodovni Mourga juda mos tushadi deb o‘ylardim. Ammo oxirgi paytlarda tushirmayotganidan va hatto maydonga tushirishi kerak bo‘lgan paytlarda ham zaxirada qoldirganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, agressiv hujumchilarga e’tibor qaratmaydigan “Sevilya”ga o‘xshagan jamoalarga, sxemasiga ega bo‘lgan klubga o‘tishi ma’qulmikin, deb o‘ylab qoldim. Gap “Roma” darajasiga etmaganida emas. Boshida o‘ynadi, gollar ham urdi. Boshqa futbolchilardan qolishmaydi. Bu erda gap Mourinoda deb o‘ylayman. Jangga bitta quroli bilan chiqadi. U ishlasa ishladi, ishlamasa ishlamadi. Shuning uchun jamoasi pastki o‘rinlarda yuribdi, - deya fikr bildirdi, taniqli sharhlovchi.    

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!