Kimdir alamzada, boshqasi esa g‘alabaga chanqoq yoxud Superligada siz kutayotgan o‘yinlar

  • 26 sentabr, 2023, 12:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligamizda 20-tur bahslari boshlanish arafasida. Bu safar o‘tgan turdagiga nisbatan barcha o‘yinlar to‘liq o‘tkaziladi. 7 ta juflik 27-30 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Tecno

27 sentyabr

“Metallurg” – “Andijon”

Ikkala jamoa o‘tgan turda juda muhim va yoqimli g‘alabalarni qo‘lga kiritishganidan xabardorsiz. “Metallurg” Olmaliqda OKMKni 2:4 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, “Andijon” “Bobur Arena”da “Navbahor”ni oxirgi daqiqalarda urilgan gol evaziga 2:1 hisobida taslim qila oldi.

Endi ushbu turda kuchli raqiblarini dog‘da qoldirgan ikkala klub bir-biri bilan to‘qnash keladi. O‘yin esa Olmaliqdagi OKMK stadionida bo‘lib o‘tadi. Bekoboddagi arenaning maydon chimi ta’mirlanishi sababli “Metallurg” o‘z uy uchrashuvlarini Olmaliqda o‘tkazadi. Har qanday holatda ham “Metallurg” – “Andijon” qarama-qarshiligi muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Balki bellashuvning Bekobodda emas, Olmaliqda o‘tishi mehmonlarga ham qo‘l kelishi mumkin, albatta buni vaqt ko‘rsatadi.

“Neftchi” – “Buxoro”

Ikkala klub Superliganing 19-turini majburan o‘tkazib yubordi. Ular oxirgi uchrashuvlarini 27 va 31 avgustda o‘tkazishgan. Salkam bir oylik tanaffusdan so‘ng “Neftchi” bilan “Buxoro” rasmiy uchrashuvlariga qaytmoqda. Chempionatda hali mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan farg‘onaliklar o‘z uyidagi imkoniyatdan foydalanishi katta ehtimol. Ammo eng ko‘p durang “Neftchi”da bo‘lib, ularning hisobida naqd 10 ta durang mavjud. Shu bois mezbonlar durang kerak emas. Ikkinchi tomondan qaraganda, “Buxoro”ga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Shuning uchun ushbu bellashuvning qiymati juda baland. “Buxoro” so‘nggi bor Toshkentda “Bunyodkor”ni mag‘lubiyatga uchratgandi. Albatta, mezbonlarda imkoniyat ko‘proq, ammo Ulug‘bek Baqoev jamoasi ham jimgina qarab turmaydi.

neftchi1_2

28 sentyabr

“Olimpik” – “Nasaf”

“Olimpik” ham o‘tgan turni o‘tkazib yubordi va oxirgi bor 25 avgustda Superligada o‘z o‘yinini o‘tkazgan. Chunki jamoa a’zolari bosh murabbiy Timur Kapadze boshchiligida Osiyo o‘yinlariga jo‘nab ketgandi. Klubdagi qolgan futbolchilarni Server Jeparov shug‘ullantirib kelmoqda. Navbatdagi to‘qnashuvda “Olimpik”ni jiddiy sinov kutyapti. O‘zi shundoq ham yosh jamoa chempionatni barqaror o‘tkaza olmayapti. Medallar uchun kurashayotgan “Nasaf” esa o‘tgan turda o‘z maydonida “Bunyodkor” bilan bahsda oxirgi daqiqalarda juda alamli golni o‘tkazib yuborib mag‘lubiyatga uchradi. Endi Ro‘ziqul Berdiev jamoasi ushbu mag‘lubiyat aybini yuvish uchun ham Toshkentda yutishiga to‘g‘ri keladi.

“Paxtakor” – OKMK

Osiyo Chempionlar ligasi qatnashchilari ilk turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng Superligada ochkolarni yo‘qotishdi. Bilasiz, “Paxtakor” Jizzaxda arang mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. OKMK esa o‘z uyida “Metallurg”ga hech kim kutmaganda 2:4 natijasi bilan engildi. G‘alabaga tashna klublar endi o‘zaro bir-biriga qarshi o‘ynaydilar. Maksim Shatskix va Mirjalol Qosimov to‘qnashuvi desak ham bo‘laveradi. Ha, “Paxtaxor” hamon jadvalda peshqadam. Lekin oxirgi paytlarda “Sherlar” o‘ziga o‘xshamayapti. OKMK esa ochkolar yo‘qotgani sari sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan raqiblaridan uzoqlashyapti. Bu safargi bahs esa har ikki jamoa uchun qanchalik muhimligini o‘zlari yaxshi his qilib turishibdi. Tashqaridan qaraganda, jamoalarning imkoniyati tengga o‘xshab ko‘rinyapti. Lekin maydonda nimalar ro‘y berishi va natija qanaqa bo‘lishini bahs yakunlangach, bilib olamiz.

paxta nav2_1

“Navbahor” – “Turon”

Samvel Babayan jamoasini yana vodiy derbisi kutyapti. 23 sentyabr kuni Andijonda alamli tarzda yutqazgan “Navbahor” bu safar 28 sentyabr sanasida Farg‘onaning “Turon” klubini qabul qiladi. Hozirgi paytda “Turon” musobaqa jadvalida yana so‘nggi pog‘onaga tushib qoldi. “Navbahor” esa yutmasa bo‘lmaydigan darajada. Agar Namanganda autsayder ochko oladigan bo‘lsa, buni mezbon muxlislari kechirmasa ham kerak. Shunday ekan, “Navbahor”da imkoniyat ko‘proq baholanyapti. Qolaversa, Andijondagi mag‘lubiyatdan tegishli xulosalarni chiqargan bo‘lishsa ajab emas.

29 sentyabr

“Bunyodkor” – “Surxon”

Yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Bunyodkor” Qarshidagi g‘alabadan keyin yuqori kayfiyatda. “Surxon” esa nominal mezbon sifatida “Qizilqum”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Bunyodkor” stadionida jiddiy kurash kechishi hozirdanoq ma’lum. Ikkala jamoa tarkibida ham iqtidorli yoshlar bor. Ochiq o‘yin ko‘rsak ham ajablanmaymiz. Ular yopiq o‘yinga odatlanmaganlar. Balki gollarga boy o‘yin bo‘lishi ham istisno qilinmayapti. Xullas, qiziqarli bahs guvohi bo‘lamiz.

bunyodkor3_5

30 sentyabr

“Qizilqum” – “So‘g‘diyona”

Turni yakunlab beruvchi uchrashuv Navoiyda bo‘ladi. Shu kuni “Qizilqum” Jizzaxning “So‘g‘diyona”sini qabul qiladi. Ligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashayotgan “Qizilqum” nihoyat yangi bosh murabbiy Jamshid Saidov boshchiligida chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdilar. O‘tgan turda “Surxon”ni 1:2 hisobida yutib qaytgan “Qizilqum” endi “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvga tayyorlanyapti. Agar kuchlar teng kelsa ham bundan ajablanmagan bo‘lamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Тулкин Гуломов
27/09/2023 14:51
Шунинг учун кўпчиликда футболга қизиқиш қолмаяпти. Охири бахайр бўлсин. Тошкентлик мухлислар аллақачон тушиниб етган, шунинг учун хам мухлислари кам
&
Арсен1965
26/09/2023 16:59
Пахтакор фарм клублари ( ОКМК ,Бунёдкор ,Металлург , Олимпик) ва хакамлар ёрдамида ЯНА ва ЯНА Чемпион булаверади.
&
Арсен1965
26/09/2023 16:50
Чемпионат тугаган. Куришга уйин колмади, хаммаси договор уйинлар.