Klopp kimlarga ishonmoqda? «Enfild»dagi yangilar haqida

  • 11 fevral, 2021, 23:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2013 yilning kuzida Yurgen Klopp «Borussiya» Dortmund safida muammoga duch keladi. Bir vaqtning o‘zida Neven Subotich, Mats Xummels va Marsel Shmeltser jarohat sababli safdan chiqadi. Asosiy tarkibdagi 3 himoyachining o‘rnini murabbiy akademiyadagi futbolchilar bilan to‘ldirmoqchi bo‘ldi. Noyabr oyida esa, kutilmagan qaror qabul qildi. 34 yoshli erkin agent Manuel Fridrix transferi e’lon qilindi. E’tiborlisi shundaki, Yurgen bu qarori bilan klubni og‘ir vaziyatdan olib chiqib ketdi. Fridrix 15 ta o‘yinda maydonga tushdi va klub mavsumni yuqori notada yakunladi.

O‘tgan yilning kuzida, bu holat Yurgen Klopp bilan yana takrorlandi. Endi, «Liverpul»dagi himoyachilarga «ko‘z tegdi». Virjil Van Deyk, Joel Matip va Jo Gomes lazaretga ravona bo‘ldi. Ularning o‘rnini to‘ldirishga qodir Fabino ham safdan chiqdi. Bu yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish maqsadida, «Liverpul» transfer oynasining so‘nggi kunlarida ikki futbolchini tarkibga qo‘shib oldi. Xo‘sh, ular kim?

Ozan Kabak

2018 yilning dekabr sanasida Ozan o‘z taqdirini burib yuborgan rasmni “Instagram”ga joylaydi. «Galatasaray» futbolchisi gollandiyalik himoyachining futbolkasi bilan suratga tushadi. Tagida esa, Virjil Van Deykni sayyoramizdagi eng kuchli himoyachi ekanligi haqida post qoldiradi.

Orzu sari yo‘l kutilganidek, uzoq davom etmadi. 2 yil o‘tib, Kabak o‘z kumiri bilan bir jamoada to‘p surish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bunga qadar «Galatasaray» safida EChLda to‘p surdi, «Shtutgart» bilan Bundesligani tark etdi, «Shalke» bilan katta sahnaga chiqib keldi. Klubning joriy mavsumda ishlari yurishmayotgan bo‘lishiga qaramay, Yurgen 20 yoshli himoyachini sotib olishdan qo‘rqqani yo‘q.

“Devid Vagner («Shalke» ustozi) menga Ozanning tug‘ma etakchiligini aytdi. Hozir Gelzenkirxen klubining muammolari ko‘p, biroq bunda Kabakning zarracha aybi yo‘q», - deb futbolchini ruhlantirishga urindi «Liverpul» ustozi. Ozan o‘zining «Enfild»dagi birinchi intervyusida ingliz muxlislarini hayron qoldirdi.

«Men jismonan baquvvatman. Ikkinchi qavatdagi kurashlarda ham hech kimdan qolishmayman. Bundan tashqari, to‘p bilan munosabatda bo‘lishni hush ko‘raman. Shu bois tez-tez gol kiritaman».

Klub rasmiy sayti uchun bergan ilk intervyusida, futbolchi katta maqsadlarni ko‘zlaganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Uning so‘zlarida haqiqat mavjud. Aslida, «Liverpul» Kabakni o‘tgan yili qo‘lga kiritmoqchi edi. Deyan Lovrenning o‘rnini egallashi taxmin qilingan yigit mersisaydliklar safiga bir mavsum kechroq, ammo kerakli pallada keldi. Turk yangi jamoaga moslashishda muammo sezmaydi. «Shtutgart» safidagi debyut mavsumida uni «Bundesliga» kashfiyoti, deb tan olishgan edi.

Kabak haqiqatdan ham gol kiritish borasida benazir himoyachi. U Turkiya yoshlar jamoasida 13 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Shuningdek, “Shtutgart» safida bir uchrashuvda dubl qayd etishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Eng muhimi u ingliz va nemis tillarida erkin so‘zlasha oladi. Bu Kloppga va yangi muhitga moslashib ketishda juda muhim faktor. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, u allaqachon jamoa futbolchilari bilan til topishib ketdi. Hatto, Trend Aleksandr-Arnoldning oyoqlari orasida to‘pni o‘tkazishga ham ulgurdi.

Ben Devis

Bu futbolchining o‘tmishi Ozannikidan keskin farq qiladi. Devis hech qachon o‘zgacha yoki kelajagi porloq, deb hisoblanmagan. U hozir 25 yoshda. Faoliyati davomida birorta grand klubda to‘p surmagan, terma jamoadan ham chaqiruv olmagan. Qishki transfer oynasi ochiqligida uni «Udineze», «Sheffild» yoki «Genk»ka o‘tishi taxmin qilingan edi, biroq yakunda «Liverpul» katta sahnaga chiqib keldi.

Har qanday muammo kim uchundir yangi imkoniyat degani. Bu so‘zlar Benga juda mos keladi. Agar jarohatlar seriyasi bo‘lmaganda, Klopp «Preston» a’zosiga hech qachon omad poezdiga chiptani bermagan bo‘lar edi. Hozirga qadar, bunday chiptalardan birini qabul qilgan Ris Uilyams markazda ishonchli ko‘rinmoqda.

«Liverpul» Chempionshipda o‘ralashib yuruvchi «Preston»dan kelgan yigitga 4,5 yillik shartnoma taklif qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning oilasida farzand dunyoga keldi. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, Ben o‘z xarakteriga ega shaxs. Aynan shu omil sababli Klopp uning transferini rahbariyatdan iltimos qilgan. Devisning sobiq ustozi Pol Karden bildirgan fikrlarga e’tibor qarating:

«U juda irodali yigit. Hayotda ko‘plab qiyinchiliklarni engib o‘tgan. Shu bois, uni qo‘rqitishning imkoni yo‘q. U maydonda chinakam «jangchi». Ochig‘i, u bizning klub darajasida kamida 10 yilga o‘zib ketgan edi».

Bu futbolchilar Klopp tomonidan bejizga tanlanmagani aniq. Ikki xil taqdir egalari bir klubda uchrashib qoldi. Ularning qay biri «Enfild»ni «yondiradi»?! Balki ikkisi ham klubning ajramas bo‘lagiga aylanar?! Bu savollarga, yaqin 4-5 oy ichida javob olishimiz mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!