Kuchli raqiblar bilan bahslar kamchiliklarimizni ko‘rsatib beradi, Shveytsariyaga qarshi o‘yin rejamizda bor - terma jamoamiz ustozi bo‘lajak yig‘in haqida

  • 6 fevral, 2021, 06:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ayollar o‘rtasida "Osiyo kubogi-2022" saralash bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 8-14 fevral kunlari Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etadi.

Bir hafta davom etadigan yig‘indan so‘ng, terma jamoamiz 15 fevral kuni Turkiyaning Antaliya shahriga yo‘l oladi. U erda Bahrom Norsafarov bosh murabbiyligidagi terma jamoamiz Antaliyada tashkil etiladigan “Festival Womens Trophy 2021” xalqaro turnirida ishtirok etadi.

15-24 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur musobaqada O‘zbekiston vakillari Ekvatorial Gvineya, Nigeriya va Zambiya ayollar terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Norsafarov mazkur musobaqa oldidan sports.uz muxbiriga rejalari va bundan ko‘zlangan maqsad haqida gapirdi.

- Terma jamoamiz menejeri Akmal Rahmatov xalqaro turnir bo‘yicha shug‘ullangandi, - deya gap boshladi bosh murabbiy. - Ma’lum bo‘lishicha, Turkiyada ikkita musobaqa chiqqan. Bittasida Ruminiya, Qozog‘iston, Iordaniya kabi termalar kuch sinashadi. Lekin biz ilgari mazkur raqiblar bilan o‘ynaganmiz. Agar o‘sishni istasak, yanada kuchli jamoalar bilan o‘ynashimiz kerak. Iordaniya singari raqiblarni yutib kelyapmiz. Qozog‘istonga qarshi ham to‘p surganmiz. Agar ular ishtirok etadigan turnirda qatnashsak, bu biz uchun qulayroq bo‘lardi. Biroq biz o‘zimiz uchun kuchli bo‘lgan musobaqada qatnashishni xohladik. Mabodo, o‘zingizga teng bo‘lgan jamoa bilan o‘ynasangiz kamchiliklar etarli darajada ko‘rinmaydi. Kuchli jamoalarga qarshi o‘yin esa, sizning kamchiliklaringizni yaqqol ko‘rsatib beradi. Biz tanlagan turnirdagi raqiblarimiz esa kuchli. Ular Afrika qit’asining etakchilari va jahon chempionatida ishtirok etgan. Baribir o‘zimiz bilan teng jamoalarga qarshi o‘ynaganimizda kamchiliklarimiz ko‘zga tashlanmay qolyapti. Mana, futzalda terma jamoamiz jahon chempioni – Argentinaga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatdi. Biz Turkiyadagi musobaqada g‘olib chiqish yoki boshqa uchun borayotganimiz yo‘q. Asosan, o‘yindagi muammo va kamchiliklarimizni ko‘rib, ularni bartaraf etish maqsadida, ushbu uchrashuvlar tashkil qilinyapti. O‘z navbatida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilishda yordam berayotgani uchun Aziz Haydarovga ham minnatdorlik bildiraman.

norsafarov2_1

Afsuski, etakchi futbolchilarimiz qolib ketyapti. Masalan, Lyudmila Karachik mazasi yo‘qligi sababli, Turkiyaga bora olmasligini aytdi. Chap qanot o‘yinchimiz Soliha Xusniddinovada jarohat bor. Galimova esa, bu yil faoliyatini tugatmoqchi. Ammo terma jamoa 3-4 ta futbolchiga qarab qolmaydi. 22 nafar o‘yinchi ro‘yxati tuzilgandi va ulardan tashqari yana zaxira varianti sifatida 10 ta futbolchidan iborat bor edi. Dekabr oyida tashkil etgan yig‘inimizda asosan ikkinchi tarkib sifatidagi futbolchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgandik va ularning orasidan 10 nafarini tanlab olgandik. Har qanday vaziyatda ham Turkiyadagi xalqaro turnir biz uchun har jihatdan foydali bo‘ladi. Bizga bahoni sentyabr oyidagi Osiyo Kubogi saralash bahslaridan keyin berasizlar. Biz Turkiyadagi xalqaro musobaqadan tashqari yana bir qator terma jamoalar bilan o‘yin o‘tkazmoqchimiz. Belarus, Shveytsariya kabi termalarga qarshi o‘yinlar tashkil qilish rejamizda bor. Lekin hali bu rasman tasdiqlangani yo‘q. Ayni paytda muzokaralar davom etyapti. Shu tariqa, o‘yin uslubimiz va taktikalarimizni sentyabr oyigacha shakllantirib boramiz. Turkiyadagi ikkita musobaqa parallel ravishda o‘tkaziladi. Agar o‘zimizga teng raqiblar bilan o‘ynab, o‘zimizni-o‘zimiz ishontirib, keyin bo‘shashib qolsak, bu keyin zararimizga ishlashi mumkin. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlar orqali kamchiliklarimizni ko‘rib olmoqchimiz.

Bu milliy terma jamoa, o‘smirlar yoki yoshlar jamoasi emas. Agar qizlarimiz ruhiy tomondan muammolarga duch kelsa, unda biz ularni bu borada jihatdan yaxshi tayyorlay olmagan bo‘lamiz. Agar 90 daqiqa davomida munosib kurashadigan bo‘lsak, unda bu ruhiy tayyorgarlik yaxshiligini ko‘rsatadi. Lekin men jamoamizni yaxshi bilaman, ruhiy tayyorgarligi yaxshi. Bu borada xavotirli joyi yo‘q.

norsafarov1

8 fevralda to‘planamiz va futbolchi-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazamiz. Balki kimlardadir jarohat bo‘lishi mumkin. Natijada tarkibda rokirovda yuz berishi ham hech gap emas. Masalan, 9 fevralda tibbiy ko‘rikdan o‘tsak, 10-11 fevralda yakuniy tarkibni e’lon qilamiz, -  deydi Norsafarov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!