
Kutib oling, "Bosh vazir kubogi" an’anaviy futbol musobaqasi qaytmoqda!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5887-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 noyabrdagi “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 735-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi vazirliklar, idoralar va yuqori turuvchi tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida futbol bo‘yicha an’anaviy “Bosh vazir kubogi-2021” musobaqasi bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar joriy yilning 5 noyabridan 10 noyabriga qadar “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda tashkil etiladi.
Hal qiluvchi final o‘yini esa 10 noyabr kuni soat 15:00da mamlakatimizning bosh arenasi – “Bunyodkor” stadionida boshlanadi.
Ayni vaqtgacha musobaqada qatnashish istagini bildirgan jamoalarning soni 30tadan oshib ketdi. Ertaga, 4 noyabr kuni soat 11:00da Turizm va sport vazirligi (sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi) binosida“Bosh vazir kubogi-2021” an’anaviy futbol musobaqasiga qur’a tashlash marosimi o‘tkaziladi.
Musobaqa Nizomiga ko‘ra, o‘yinlar 25 daqiqadan ikki bo‘lim davom etadi. Har bir jamoa o‘z tarkibiga 15 nafar futbolchini kiritishi mumkin va almashishlar soni cheklanmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 va 2020 yillarda o‘tkazilgan “Bosh vazir kubogi” musobaqalarida bosh sovrin O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jamoasiga nasib etgan.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar