
Legionerimiz boshqa shaharga ko‘chib o‘tishi mumkin
Rossiya premer-ligasida to‘p surayotgan “Tambov” klubi moliyaviy muammoalarga duch kelgani haqida xabar bergan edik. Jasur Jaloliddinovni ijaraga olgan ushbu klub sport direktori Pavel Xudyakov tambovliklar boshqa shaharga ko‘chib ketish mumkinligini ma’lum qildi.
- To‘g‘risini aytsam, bu mavzuni muhokama qilish yoqmaydi. Klubda amalga oshirilgan ishlar keyinchalik boshqa shaharga ko‘chib ketish uchun qilinmagan. Bu loyihalarning barchasi tambovlik futbol muxlislari premer-liga o‘yinlaridan bahramand bo‘lishi uchun hayotga tatbiq etilgan edi. Hozir barcha o‘y-xayollarimiz jamoani Tambov shahrida olib qolishga qaratilgan.
Agar 2021 yilning yanvar-fevral oylarida stadion qurilishi va moliyaviy vaziyatni o‘nglash bo‘yicha hech qanday o‘zgarishlar yuz bermasa, jamoani saqlab qolish uchun ko‘chib ketishimiz dolzarb mavzuga aylanadi. Moliyaviy muammolarimiz yig‘ilib qolgan. Lekin biz oldimizdagi beshta turda maksimal darajada ochko olishimiz kerak, - dedi Pavel Xudyakov.
Agar “Tambov” jamoasi kelasi yil boshida boshqa shaharga ko‘chadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan hamyurtimiz Jasur Jaloliddinov ham jamoadoshlari bilan birga ketadi. Chunki, “Tambov” uni “Lokomotiv”dan mavsum oxirigacha ijaraga olgan. Shunday bo‘lsa-da, hamyurtimiz premer-ligada hali debyutini nishonlagani yo‘q.
Ayni paytda “Tambov” futbolchilari uy uchrashuvlarini Saransk shahrida o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Fikrlar