
Legionerimiz o‘zini o‘zi sotib olgani oshkor bo‘ldi
O‘zbekiston futbolida yozning eng katta transferlaridan biri “Paxtakor” hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning Rossiya Premer-ligasi vakili – Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi.
Birinchi navbatda, Superliganing qizg‘in pallasida jamoa etakchilaridan hisoblangan futbolchining ketib qolishi “Paxtakor” uchun biroz kutilmagan vaziyat bo‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi yilning eng yirik ikki musobaqasi – Toshkentdagi Osiyo chempionati hamda Argentinadagi jahon chempionatida porlagan o‘yinchiga TsSKAdan boshqa xaridorlar ham bor edi.
Abbosbek Fayzullaev legioner maqomini olish istagini amalga oshirish uchun shartnomasdagi banddan foydalandi. “Paxtakor”da o‘z tarbiyalanuvchisini qo‘yib yuborishdan boshqa imkn qolmagandi. TsSKA esa, iste’dodli o‘yinchiga ega bo‘ldi.
“Paxtakor” bosh direktori Dmitriy Adisman Rossiyaning Sport24 nashriga bu transferning moliyaviy ma’lumotlarini oshkor qildi.
- “Paxtakor” va TsSKA o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, o‘yinchi o‘z shartnomasini sotib olishi va o‘zi mustaqil tarzda klub g‘aznasiga 500 ming evro kiritishi belgilab qo‘yilgan.
Ayni paytda hech qanday muammo yo‘q, Abbosbek o‘zining transferi uchun ko‘rsatilgan summani to‘liq to‘ladi. TsSKA esa hamkorlik bo‘yicha faoliyatni davom ettirmoqda.
Bizda Fayzullaevga ham TsSKAga ham hech qanday e’tiroz mavjud emas, - dedi Dmitriy Adisman sayt jurnalisti Vladislav Shapiroga.
TsSKA bilan 3+1 ko‘rinishida shaxsiy bitim tuzgan 19 yoshli Abbosbek Fayzullaev esa, jamoaga kirishib ketdi. Dastlab, jismoniy tayyorgarlik bosqichidan o‘tgan legionerimizni TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov sekin-asta o‘yinga tushira boshladi.
Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasidagi debyutini Moskva derbisi – “Dinamo” va TsSKA o‘rtasidagi bahsda nishonlab, 87-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan edi. O‘sha bahsda “dinamo” 2:1 hisobida zafar quchdi.
Legionerimiz “Orenburg” maydoni bo‘lgan navbatdagi bahsda o‘n daqiqadan ko‘proq harakat qildi. Mutaxassislar 1:1 hisobida yakunlangan bellashuvda o‘zbek legioneri faol o‘ynaganiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuvdan keyin Abbosbek Fayzullaev o‘yin borasida o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
- Jangovar o‘yin bo‘ldi, hamma oxirigacha kurashdi, 100 foiz kuchini sarfladi. Biz yutishni istagan edik, lekin bunday bo‘lib chiqmadi.
- Sun’iy qoplamali maydon haqida nima deysiz?
- Biz bunaqa maydonda o‘ynashga ko‘nimaganmiz, shuning uchun ham biroz og‘ir bo‘ldi, - dedi Abbosbek Fayzullaev “Match TV” kanaliga.
TsSKA jamoasi Rossiya Premer-ligasida oltita uchrashuvdan keyin o‘n ochko jamg‘arib, yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.
Rossiyaliklar O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydigan futbolchilar nomini e’lon qildi
Dunyoning eng qimmat o‘nta ligasida to‘rtta o‘zbek to‘p tepmoqda!
Mashhur futbolchi: O‘g‘lim Shomurodovga muxlislik qilyapti!
Rossiya uchun O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘ynash qiziq!
Fikrlar