Legionerimiz: "Qozog‘iston finalida hali bunaqasi bo‘lmagan, motivatsiyani ota-onamdan olaman". Kubok finalida "Ordabasi" safidagi futbolchimiz nega o‘ynamaganini bilasizmi?
Qozog‘iston chempionati ham yakunlandi. 12 noyabr kuni mamlakat Kubogi finali bo‘lib o‘tdi. “Akjayik” hamda “Ordabasi” klublari ishtirokidagi uchrashuvda darvozalarga naqd 9 ta gol urildi. Bunday final kamdan-kam bo‘ladi. Avvaliga “Akjayik” 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Keyin “Ordabasi” hisobni tenglashtirdi. Gol urish navbati yana “Akjayik” klubiga keldi va ikki marta to‘p kiritdi. Hisob – 4:2. Ammo “Ordabasi” “sinmadi”. Uchrashuvning 90+7-daqiqasida hisobni tenglashtirdi – 4:4. Qo‘shimcha bo‘limning 119-daqiqasida esa “Orbadasi” futbolchisi Elxan Astanov penaltidan gol urdi va jamoasi Kubok sohibiga aylandi.
“Ordabasi”da ikki nafar hamyurtimiz – Odil Abdumajidov bilan Shahboz Umarov to‘p surishini bilsangiz kerak. Shu bois legionerlarimizga ham Kubokni qo‘lga kiritish nasib qildi. Ammo finalda faqat Shahboz Umarov maydonga tushdi. Abdumajidov esa qaydnomada ham yo‘q edi. Shu bois Sports.uz muxbiri buning sababini bilish uchun Odiljon bilan bog‘landi.
Finaldagi “triller” haqida
- Xudoga shukr, Kubok sohibi bo‘lish nasib qildi, - deya gap boshladi, Abdumajidov. - Chempionatda ham yomon ishtirok etmadik, mavsumni 5-o‘rin bilan yakunladik. Kubok finalida o‘ynamaganimga keladigan bo‘lsak, “Ordabasi”ga ijara evaziga kelgandim va shartnomam 10 noyabrgacha mo‘ljallangandi. Kubok finali esa 12 noyabrga to‘g‘ri kelib qoldi. Bundan oldin jamoamizga yangi o‘yinchilarni transfer qilish ta’qiqlab qo‘yilgandi. Bizda avval o‘ynagan bir-ikkta futbolchilardan qarzdorlik mavjud ekan. Shuning evaziga UEFA maydonga tushishimga ruxsat bermadi. Biz ham vaziyat bundayligini bilmagandik. Uchrashuvdan ikki kun oldin Astanaga borganimizda bildik. Garchi menga finalda o‘ynash nasib qilmagan bo‘lsa-da, jamoamga g‘alaba qozonish nasib qildi.

Abdumajidov ham stadiondamidi?
- Men jamoam bilan birga bo‘lganman, uchrashuvni stadiondan kuzatdim. Qozog‘iston tarixida bunaqa final bo‘lmagan, shekilli. O‘yin yaxshi boshlandi. Ikki marta hujumga o‘tganimizda, raqib qarshi hujumda ikki marta gol urib ketdi. Birinchi taym tugaguncha bitta gol urib oldik. Ikkinchi bo‘lim boshlangach, hisobni tenglashtirdik. Hujumkor va ochiq futbol bo‘ldi. Tomoshabop bellashuvga aylanib ketdi.

Qozog‘istonda o‘tkazgan mavsum yoqdimi?
- Xudoga shukrki, Qozog‘istondagi faoliyatimni ijobiy deya olaman. Yaxshi chempionatni o‘tkazdik. U erga borganimga afsuslanganim yo‘q. Hammasi yaxshi, ajoyib o‘tdi, xuddi ko‘nglimdagidek kechdi. Buning uchun birinchi navbatda meni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga, yaqinlarimga rahmat aytaman. Shuningdek, klubdagi murabbiylarim va jamoadoshlarimdan ham minnatdorman.
Futbolchimizning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?
- Keyingi taqdirim bo‘yicha hali bir nima deya olmayman. “Ordabasi”ni o‘zidan ham yangi taklif bo‘lyapti. Bu mening qo‘limda emas. Shartnomam “Metallurg” klubi bilan tuzilgan. Hozir uyda ta’tildaman. Hamma ishni dadamning maslahati bilan qilaman. Dadam qanaqa maslahat bergan bo‘lsa, hali yomon bo‘lib chiqqani yo‘q. Bundan keyin ham dadam nima desa shu bo‘ladi. Alloh nasib qilsa, peshonaga yozganini ko‘ramiz.

Takliflar to‘g‘risida
- Bu haqida bir nima deyishim qiyin. Boya aytganimdek, amalda shartnomam bor. Yana qaytaraman: barchasi dadamga borib taqaladi. Kim nimani xohlasa, o‘shalar faqat dadam orqali hal qilishadi. Men aniq gap ayta olmayman, chunki o‘zimga biror nima aytilmaydi. Chunki boya aytganimdek, ota-onam nima desa shu bo‘ladi. Ularga doim minnatdorchilik bildiraman. Hamma vaqt meni qo‘llab-quvvatlab keladilar. Xudo xohlasa, ularning ishonchi orqali Evropa maydonlarida to‘p surishga va’da beraman. Hayotda faqat ota-onamdan motivatsiya olaman.
O‘zbekiston-Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokidagi o‘yin oldidan
- Bemalol ayta olamanki, qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Qozog‘istondagi futbolchilarni ko‘rdim, ularning saviyalari ham yaxshi. O‘zimiznikilardan qolishmaydi. Terma jamoamizdagilarni ortiqcha aytishni hojati yo‘q, barchasi yuqori saviyali. Kimni tayyorgarligi qanday, kim qanaqa formada, shunga qarab aniq bo‘ladi. Ikkala terma jamoada ham kuchli futbolchilar bor.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar