
Legionerimiz Rossiyani zabt etishga keldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining iste’dodli futbolchilaridan biri Rustam Ashurmatov faoliyatini Rossiyaning “Rubin” jamoasida davom ettirishi rasman e’lon qilindi. 26 yoshli futbolchimiz yangi jamoa safiga qo‘shilganidan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Rubin”ga o‘tganimdan keyingi taassurotlarim super. Anchadan beri kuchli ligada o‘ynashni orzu qilardim. Shuning uchun ham “Rubin”ga o‘tganimdan juda xursandman. Aslida menga yozda taklif bilan chiqishgandi, o‘shanda klubim bilan amaldagi shartnoma borligi uchun darrov kelishning imkonini topolmagandim.
- Yangi jamoangda qanday kutib olishdi? Yig‘inning dastlabki kunlaridan qanday taassurot olding?
- Zo‘r kutib olishdi. O‘yinchilar va murabbiylardan bunaqa kutib olishlarini kutmagandim. Hammasi juda yoqimli bo‘ldi. O‘zimni avvaldan shu jamoada bo‘lgandek his qildim.
- “Rubin”da hamyurting Umarali Rahmonaliev bor. Moslashishda bir-birlaringga yordam beryapsizlarmi? Yana kimlar bilan yaqinroq tanishib olding?
- Umarali ham kelganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, shu bois, bir birimizga yordamlashyapmiz. Hamma bilan yaxshi munosabatdaman.
- Rossiyaning ob-havosi sovuq. Sovuqqa chidamlimisan? Minus haroratda ham o‘ynashga tayyormisan?
- O‘zbekistondan ham qishda sovuq bo‘ladi, shuning uchun ham bunga moslashganmiz. Rossiyada yanada sovuqroq, lekin o‘ynasa bo‘ladi.
- O‘zing haqingda ko‘proq ma’lumot bersang. Qaysi pozitsiyada o‘ynaysan? Kusli tomonlaring nimada?
- Markaziy himoyachiman. Mendan aynan mana shu pozitsiyada foydalanishadi, deb o‘ylayman. Kuchli tomonlarim haqida gapirishim qiyin. Buni murabbiy va muxlislar baholasin.
- Bu mavsumda maqsading qanday?
- Premer-ligaga chiqish kerak. Jamoaga qo‘limdan kelganicha yordam berishni istayman.
- Qozon shahri haqida nimalar bilasan?
- Qozonga birinchi marotaba boraman. Lekin ko‘p eshitganman. Chiroyli shaharligini bilaman va yanada ko‘proq narsalarni bilib olmoqchiman.
Rustam Ashurmatov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda “Qo‘qon-1912” va “Navbahor” jamoalari sharafini ham himoya qilgan. 2019-2022 yillar davomida Janubiy Koreyaning “Kvandju” hamda “Kanvon” jamoalarida o‘ynagan.
Klublar miqyosida jami 194 ta uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, raqiblar darvozasini o‘n marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatgan.
Rustam 2017 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Hozirgacha 22 ta uchrashuvda qatnashgan.
Ashurmatovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Rubin” o‘tgan mavsumda Rossiya premer-ligasidan tushib ketgan edi. Ayni paytda birinchi ligada uchinchi pog‘onada bormoqda va yana oliy divizionga ko‘tarilish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.
Fikrlar