Lekin bizga gol urmasin! O'zbekistonlik futbolchi Messini emas, Ronalduni tanladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq himoyachisi Vitaliy Denisov Argentina terma jamoasi yulduzi Lionel Messi va Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronalduning oʻrtasidagi koʻp yillik bahs haqida fikr bildirdi.
- Messi — haqiqiy fenomen. Messi va Ronaldu kabi futbolchilar yuz yilda bir marta dunyoga keladi. Lekin ularning oʻzaro raqobatida mening simpatyam koʻproq Krishtianu tomonida.
Albatta, uning O‘zbekiston terma jamoasi darvozasiga gol urgani koʻrgim kelmaydi (kulgusi). Lekin xolis qarasak, men uni qoʻllab-quvvatlayman. Messi ham, Ronaldu ham bu jahon chempionatida yana gol urishga ulgurishadi, — deya Denisovning soʻzlarini Metaratings keltiradi.
Jahon chempionati guruh bosqichi 2-turida Avstriyaga qarshi oʻyinda (2:0) Messi dubly qayd etib, musobaqa tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylandi. Uning jahon chempionatlaridagi gollari soni 18 taga yetdi. Shu tariqa, argentinalik futbolchi Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klozeni ortda qoldirdi. Klozening hisobida jahon chempionatlarida 16 ta gol bor edi.
Krishtianu Ronaldu esa hali joriy jahon chempionatidagi gollari hisobini ochgani yoʻq. Umuman olganda, portugalialik hujumchi jahon chempionatlarida 23 oʻyinda maydonga tushib, sakkizta gol urgan va ikki marta golli pas bergan.
2-tur doirasida Portugaliya terma jamoasi O‘zbekiston bilan toʻqnash keladi. Uchrashuv 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

Fikrlar