Lеmpard birinchi g‘alabaga izoh berdi
«Koventri» bosh murabbiyi Frenk Lempard Angliya Premier-ligasining 5-turida jamoasining «Nottingem Forest» ustidan qozongan 1:0 hisobidagi g‘alabasi haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, u uchrashuvning 87-daqiqasida raqib tomonidan urilgan, ammo bekor qilingan golga munosabat bildirdi. Bunga qadar Lempard jamoasi umumiy 0:10 hisobidagi natija bilan ketma-ket to‘rtta uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan edi.
- Futbolda kurashish, ko‘p mehnat qilish va intizomni saqlash kerak. Ko‘plab futbolchilarni alohida ko‘rsatish va ularning har biri jamoaviy o‘yin doirasida o‘zini qanday namoyon qilganini ta’kidlash mumkin. Omadni mehnat bilan qozonish kerak. Menimcha, bekor qilingan gol bilan bog‘liq epizodda haqiqatan ham fol bo‘lgan, ammo yigitlar shu qadar astoydil mehnat qilishdiki, bu muvaffaqiyatga munosib edik. Muxlislar uchun juda xursandman. Biz uchun bu ajoyib o‘yin bo‘ldi.
Menimcha, birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik. Faqat hujumni yakunlash bosqichida bizda ishonch va o‘tkirlik yetarlimi, degan savol tug‘ildi. Gol ura olishimizga ishonddikmi? Tanaffusda ularga aynan shu haqida gapirdim va ular o‘z uslubida harakat qilishda davom etdi. Keyin Jey Dasilva sahnaga chiqdi. U avvalgi barcha uchrashuvlarda ajoyib o‘ynagandi, shuning uchun uning gol urgani juda yaxshi bo‘ldi. Biz aynan shu kombinatsiyani – hujumga pas va tezkor yugurishni – mashg‘ulotda ishlagan edik.
Jey o‘zini qo‘riqlayotgan futbolchidan o‘zib ketishi kerak edi va u yugurish uchun ideal paytni tanladi. Biz raqib himoyasini kombinatsion o‘yin orqali yorib o‘tishni bilamiz, ammo futbolchilarning tezkor yugurishlaridan foydalanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat qilishimiz ham mumkin. Bunday yondashuvning samaradorligini bu gol yaqqol ko‘rsatdi, - deb Lempardning so‘zlarini Sky Sports keltirgan.

Fikrlar