«Lester» hech kim e’tibor bermagan sensatsiyani amalga oshirmoqda

  • 25 mart, 2021, 19:20
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Voqealar rivojini to‘liq kuzatish uchun avval «tulkilar»ning o‘tgan mavsumdagi statistikasiga e’tibor qaratish lozim. Ular birinchi davrani 2-pog‘onada yakunlagach, ko‘pchilikni hayron qoldirgan edi. Turnir finishida esa, bir nechta keraksiz ochko yo‘qotishlar sababli, kuchli to‘rtlikdan chiqib ketdi. Brendan Rojersning barcha rejalari barbod bo‘lganiga qaramay, murabbiy bundan to‘g‘ri xulosa chiqardi. Gap shundaki, o‘tgan yili «Lester» to‘liq Vardiga bog‘lanib qolgani yakunda pand berdi. Ushbu statistikaga e’tibor qarating!

Vardi qanday qilib natijaga ta’sir ko‘rsatdi?!

Vardi

O‘tgan mavsumning birinchi davrasida «Lester» 12 g‘alaba 3 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi. O‘rtacha har bir o‘yinda 2,05 ball jamg‘ardi. Ikkinchi davraning statistikasi esa, biroz passiv. 6 g‘alaba, 5 durang va 8 mag‘lubiyat. O‘rtacha o‘yinlardagi jamg‘arilgan ochko 1,2 ga teng. O‘yindagi pasayish shu statistikaning o‘zidayoq ko‘zga tashlanadi. Bunga ba’zi mutaxassislar mavsumlar o‘rtasidagi pauzani yoki klub a’zolarining jismoniy holatini bahona qilib ko‘rsatishi mumkin, biroq aslida sababi boshqa. Umuman olganda, Jeymi Vardining gollari soni hammasiga aybdor.

2019 yilning kuzida Vardi o‘z gollari bilan APLni «yondirib» tashladi. Ilk 19 tur davomida Jeymi 15 bor raqib darvozalarini ishg‘ol qildi va barcha o‘yinlarni asosiy tarkibda boshladi. Ikkinchi davra arafasida u oyoq mushaklaridan jarohat oldi. Ko‘p o‘tmay, yana va yana safdan chiqishni boshladi. Oqibatda, ikkinchi davrada hujumchi umumiy hisobda 6 bor gol urdi. Uning shaxsiy statistikasi to‘liq «Lester»ning ochko jamg‘arishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Shu o‘rinda, barchasini Vardiga to‘nkab qo‘yish noo‘rindek ko‘rishi mumkin. Taniqli analitik dastur xG bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, barchasi oydinlashadi. «Lester» birinchi davrada o‘rtacha har bir o‘yinda hujum uyushtirish borasida 29.9 ball olgan. Ikkinchi davrada esa, bu ko‘rsatkich 31.1 ga teng. Jamoa ikkinchi davrada o‘z o‘yinini pasaytirmagan. Shunchaki, Vardi gol urish borasida oqsagan xolos. To‘g‘ri, jarohatlar va charchoq forvardga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aniq. Bu esa, o‘z-o‘zidan butun boshli jamoaning natijalarida aks etgan.

Shuningdek, Ndidi va Chilluelning jarohat olib safdan chiqqanini ham unutmaslik lozim. Nima bo‘lgan taqdirda ham, hujumning so‘nggi qismi pand bergani aniq. Qolgan aspektlarda Brendan Rojers rotatsiyadan foydalanish orqali kamchiliklarni berkitgan. Vardining o‘rnini bosa oladigan futbolchi yo‘qligi esa, yakunda EChL yo‘llanmasidan quruq qolishga asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.

Hozirgi «Lester» Vardiga bog‘langanmi?!

lgoerkogeorkge

Joriy mavsumga kelib, Rojers xatolardan to‘g‘ri xulosa qilganini ko‘rsatdi. Ilk turlardan boshlab, asosiy urg‘uni jamoaviy o‘yinga va pozitsion hujumlarga qaratdi. Hozir Vardi ajoyib formada, ammo unga endi klub qaram bo‘lib qolgani yo‘q.

Buning eng birlamchi sababi sifatida Kelechi Ixeanachoni ko‘rsatish mumkin. Nigeriyalik hujumchi Vardi singari qarshi hujumda yoki joy tanlashda ajoyib o‘yin ko‘rsata olmaydi. Shu bois, o‘tgan mavsumda u zaxiradan maydonga  tushgan birorta o‘yinida Vardining o‘rnini bosa olmagan edi. Endi Rojers Kelechini Jeymi bilan birgalikda tandemda to‘p surishini ta’minlamoqda. Himoyachilarning aksariyatini o‘zi bilan band qilishga o‘rgangan Vardi Ixeanacho uchun bo‘sh zonalar yaratib berishni ta’minlamoqda. Natija ham chakki emas. Nigeriyalik futbolchi ikkinchi davraning o‘zidayoq 6 gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Vardy

Vardi esa, o‘tgan mavsumdagidan ancha sermahsulligini kamaytirdi. Albatta, o‘zi istamagan xolda. «Lester» joriy mavsumning ilk davrasini 12 g‘alaba, 2 durang va 5 mag‘lubiyat bilan yakunladi. Ikkinchi davraga kelib, natija biroz pasaydi. 10 tur davomda «tulkilar» 5 g‘alaba, 2 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etdi hamda umumiy hisobda har bir o‘yinda 1.8 ochko ishlashga muvaffaq bo‘lmoqda. Chempionat so‘ngida natija yaxshilanishi mumkin.

Brendan Rojers shogirdlari o‘tgan yildagi bahorgi natijalardan to‘g‘ri xulosa chiqargan ko‘rinadi. Sababi, 2021 yilda jamoa natijalari ancha yaxshilandi. Natijalar yaxshi bo‘lgan bo‘lsada, Vardining gollari bunda asosiy omil bo‘lgani yo‘q.

Rojers buni qanday uddaladi?

Murabbiy o‘z o‘yin taktikasini o‘zgartirdi. O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, «Lester» ikki hujumchi bilan to‘p surmoqda. Vardi biroz ortga chekingan xolda, Ixeanachoni klassik forvard zonasiga olib chiqmoqda. «Sheffild»ga qarshi bahsda bu omil qanday katta effekt berganini barcha ko‘rdi. Yaqindagina, «Manchester Yunayted» ham hujum tandemiga dosh bera olmadi. «Lester» Ule-Gunnar Sulsherning jamoasiga maydonda hech qanday imkon qoldirmadi.

vardy3r4

Aslida, «Lester» natijalari yaxshilangani faqat hujum chizig‘idagi o‘zgarish bilan bog‘liq emas. Rojers bu mavsum 3 himoyachi bilan to‘p surishni boshladi. Vaholanki, Brendan ayni damda APLning eng qiyin vaziyatga tushib qolgan murabbiylaridan biri sanaladi. Hozirgi «Lester»ning asosiy figuralari sanalgan Ndidi, Seyunju, Pereyra, Kastan, Prat singari futbolchilar 10 dan ortiq o‘yinlarni jarohat sababli o‘tkazib yubordi. Shuningdek, anchadan beri Meddison bilan Barns bir paytda murabbiy qo‘l ostida bo‘lmayapti. Bundan bir yil ilgari «Lester» o‘yin strukturasini saqlab qoldi, biroq natija tushib ketdi. Bu yilga kelib, Rojers o‘z odatiga sodiq qolmadi. U o‘yin sxemasini tarkibdagi yigitlarga moslashtirgan xoldan o‘zgartirmoqda. Shu tufayli, natijalar yaxshilandi. Taktik va o‘yin sxemasi o‘zgargan bo‘lsa-da, «Lester» natija ko‘rsatmoqda.

Agar klubning so‘nggi o‘yiniga e’tibor qaratsak, jamoadagi bu o‘zgarish naf berayotganini ko‘rish mumkin. «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda «Lester» har jabhada raqibidan kuchli ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hujum tashkil etish, pressing va tartibli o‘yin sababli «qizil iblislar» Rojers shogirdlariga qarshi hech narsa qila olmadi.

O‘yin davomida Vardi ikki bor gol kiritish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo unumli foydalana olmadi. Bu esa, «Lester»ning g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilgani yo‘q. Jamoa jipslashgan xolda tezkor hujumlar orqali Sulsher shogirdlariga hech qanday imkon qoldirmadi.

vardy2

Hozirgi «Lester» kuchli to‘rtlikda qolishi dargumon. Sababi, raqobatchilar katta kuch bilan oldinga intilmoqda. Shunga qaramay, «tulkilar»ning o‘tgan yilda olgan saboqlari navbatdagi mavsumlarda o‘zlariga qo‘l kelishi mumkin. Rojers vaziyatdan kelib chiqib eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi. Mavsum so‘nggida klub chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘ldan chiqarib yubormasa, hayron bo‘lmang-a! «Lester», o‘zinig o‘tgan yilgi variantidan ancha kuchli!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!