
"Liverpul" bosh murabbiyi: "Qiyin o‘yin bo‘ldi. Ammo haqqoniy yutuqni qo‘lga kiritdik"
"Liverpul" klubi bosh murabbiyi Arne Slot Angliya liga kubogi 1/8 finali doirasida "Brayton" ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"O‘yin qiyin bo‘ldi albatta. Raqibingiz "Brayton" kabi jamoalar bo‘lsa, bellashuvga ko‘rgan tayyorgarligingizni o‘yin davomida o‘zgartirib turishingiz kerak bo‘ladi. Bu narsani garchi o‘zingiz juda istamasangiz ham, o‘yinning borishi sizni majbur qilishi mumkin.
So‘nggi bir necha yil ichida "chaykalar"ning o‘yin uslubi va maydondagi xarakatlarini hisobga olgan holda yigitlarga ko‘rsatma bergan edim. Bugun g‘alaba qozondik. Demak, mamnun bo‘lishimiz uchun sabab bor. "Brayton" maydonidan g‘olib bo‘lgan holda ketish yaxshi darajadagi klub ekanligingizdan dalolat beradi.
O‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan futbolchilarimning bugungi o‘yini menga juda yoqdi. Ular odatdagi futbolimizni ko‘rsata olishdi va sifatli o‘ynashdi. Shuning uchun yaqin haftalarda APL bahslari uchun tarkibni tanlash menga yanada qiyinroq bo‘ladi", - dedi "Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot.
Fikrlar