
"Liverpul" maktab bolalari yoxud ikkinchi tarkib bilan "Chelsi"ni yutdimi?
"Liverpul" "Chelsi"ga qarshi ikkinchi tarkib bilan o‘ynadi, degan fikrlar juda ko‘p yangradi. Ha, bu aniq. Asoslab ham bera olaman:
Asosiy tarkibda maydonga tushgan Elliot (Saloh), Gakpo (Nunes, Jota), Gravenberx (Soboslai), Bredli (Arnold), Konate (Matip), Kellexer (Alisson) kabi futbolchilar aslida qavs ichidagi ijrochilarning jarohati bois boshlang‘ich tarkibga loyiq ko‘rildi. Gakpo, Elliot va Konate, shuningdek, Endo o‘rtacharoq toifa.
Zaxiradan maydonga tushgan Quansa, Danns, Makkonel va Klark o‘rinbosarlar tarkibi futbolchilari. Shuningdek, Gomes odatda himoyaning istalgan qismida harakat qila oladi va asosiy tarkib a’zolari safdan chiqqan paytda ko‘rinish beradi. Tsimikas esa Robertsonga o‘rinbosar.
Bugun chindan asosiy tarkibning ajralmas qismi bo‘lganlardan faqat Van Deyk, Makalister va Luis Diasni ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Xullas, shunaqa chigal holatda ham sovrin yutishni eplagan Kloppga tasanno. "Liverpul" muxlislari unga va qaerdandir finalga kelib qolgan "Chelsi"ga rahmat aytishi kerak. Balki boshqa bir APL grandi bunaqa yo‘qotishlari bor "Liverpul"ga mag‘lub bo‘lmasmidi va biz voqelikdan bu qadar hayratlanmasmidik degan taxminim bor. Har holda, bir necha kun avval "Arsenal" o‘yindagi total ustunlik evaziga "qizillar"dan ustun kelgandi (3-1).
Karim Xudayqulov
Fikrlar