"Lokomotiv" futbolchisi: "Mavsumni 1-o‘rinda yakunladik, demak o‘zimizdan kuchli jamoa bilan o‘ynamadik"
Pro ligadan Superligaga qaytgan "Lokomotiv" jamoasi futbolchisi Abdulloh Yo‘ldoshev klub matbuot xizmatiga yakunlangan mavsum va boshqa bir qator savollarga javob berdi.
- Yakunlangan mavsum haqida fikrlaringiz? O‘yinlar sonining kamligi jamoaga qanchalik ta’sir qildi?
- Yakunlangan mavsum biz uchun zo‘r o‘tdi. Hammasi biz istagandek yakunlandi. O‘yinlar sonining kamligi jamoaga unchalik katta ta’sir o‘tkazdi, deb o‘ylamayman. Mavsumni birinchi o‘rinda yakunladik, demak o‘zimizdan kuchli jamoa bilan o‘ynamadik va shu boisdan jamoada o‘sish ko‘rinmadi, deb o‘ylayman. Bu ligada raqobat kamroq bo‘ldi.
- Ushbu mavsumda 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldingiz. Bu siz uchun yaxshi natijami? O‘z o‘yiningizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Ikkita gol men uchun, himoyachi uchun yaxshi natija deb hisoblayman. Ushbu mavsumdagi o‘yinlarimdan ko‘nglim to‘ldi. Boshqacha qilib aytganda, o‘zimning o‘yinimdan qoniqish xosil qilmagan o‘yin bo‘lmadi. Umumiy qilib aytganda, bu mavsum men uchun yomon o‘tmadi.
- Mavsumdagi eng qiyin o‘yin siz uchun qaysi biri bo‘ldi?
- 19-turda Toshkentda "Olimpik-Mobiuz"ga qarshi o‘yinni ayta olaman. Unda 1:1 hisobi qayd etildi. Ikkala jamoa ham g‘alabaga o‘ynadi. Raqiblarning yaxshi o‘yini va hakamlik sababli biroz qiynalib qoldik. O‘sha kun barchasini hal qilishimiz mumkin bo‘lgandi. Bosimga boy o‘yinda hamma qiynaldi.
- Kelasi mavsum haqida fikrlaringiz.
- "Lokomotiv" yangi mavsumda Superligaga kuchli bo‘lib qaytadi. Kelasi yili Superligada kurash ancha qizg‘in bo‘lishi jamoalarning transferlaridan bilinib turibdi. Barcha raqiblarga kurash taklif qilamiz. "Lokomotiv" bilan yuqori o‘rinlarni egallash nasib qilsin.
Fikrlar