
Luisma Ernandes "Dinamo"ga qarshi bahsdan so‘ng: "Nazorat uchrashuvida natija muhim emas"
“Metallurg” – “Dinamo” (1:1) jamoalari o‘rtasidagi nazorat uchrashuvidan keyin bekobodliklar bosh murabbiyi Luisma Ernandes o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Avvalo shu narsani aytib o‘tishim kerak, biz bu yil hisobidan tabiiy maydonga ikkinchi marta tushishimizda nazorat o‘yinida qatnashdik. Kecha mazkur stadionga kelib mashg‘ulot o‘tkazib ketgandik. Bekobodda esa asosan zalda shug‘ullangandik hamda trenajer zalida futbolchilarga yuklamalar berdik.
Umuman olganda, shogirdlarimning hatti harakatidan qoniqish hosil qildim. Birinchi navbatda maydonning holatidan kelib chiqqan holda o‘yinni jarohatlarsiz yakunlab olganimiz yutug‘imiz bo‘ldi.
Xudoyshukurning ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda biroz lat eganini hisobga olmaganda hammasi yaxshi. Bevosita o‘yinga keladigan bo‘lsak, nazorat uchrashuvida natija muhim emas.
Biz ikkita taymda turli tarkiblarni ko‘rib oldik. Birinchi taymda asosiy jamoa o‘zagi katta tashabbusga erishdi. Ikkinchi taymda esa yoshlarni hamda jamoa ko‘rigiga kelgan yangi o‘yinchilarni kuzatdik.
Bitta o‘yin bilan yakuniy xulosa chiqarish qiyin. Kamida ikki hafta davomida tarkibga qo‘shib olishimiz mumkin bo‘lgan futbolchilarni sinovdan o‘tkazamiz. Zero ularga ham imkoniyatlarini namoyish etish uchun vaqt berishimiz lozim. Bir qator o‘rtoqlik-ko‘rik o‘yinlari uchun sparring raqiblar bilan kelishib qo‘yganmiz. Shundan keyingina fikr, xulosa bildirish o‘rinli deb o‘ylayman", - dedi "ma’danchilar" murabbiyi.
Fikrlar