Madrid superklubi qimmatga olgan o‘yinchini arzon sotib yuboradi
Ispaniya chempionatida ishtirok etayotgan Madridning “Atletiko” klubi angliyalik yarim himoyachisi Konor Gallaxerni qishki transfer oynasi paytida sotib yuborishi kutilyapti.
“Chelsi” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchini “Manchester Yunayted” o‘z safiga qo‘shib olish istagini bildirgan.
Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.
- Fikrimcha, Konor Gallaxer qishda yoki yozgi transferlar davrida “Atletiko”ni tark etish ehtimoli katta. Bu bitim formulasiga bog‘liq bo‘ladi.
“Manchester Yunayted” avgust oyida ham unga qiziqish bildirgan edi, ammo “Atletiko” o‘yinchini ijaraga qo‘yib yuborishni rad etgandi.
Agar qishda Gallaxer bo‘yicha to‘liq transfer taklifi kelsa, vaziyat boshqacha bo‘ladi. Xususan, yanvar oyida angliyalik futbolchini 30 million evroga transfer qilish imkoni bor, - dedi Fabritsio Romano.
Gallaxer “Atletiko”ga 2024 yilning yozida 34 million funt (39 million evro) evaziga ko‘chib o‘tgan edi. 25 yoshli futbolchi joriy mavsumda madridliklarning boshlang‘ich tarkibiga kirishga qiynalmoqda.



Fikrlar