Mag‘lubiyatga Fayzullaev sababchimi?!

  • 24 noyabr, 2024, 18:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya Premer-ligasining 16-turida TsSKA o‘z maydonida “Rostov” futbolchilarini qabul qildi. Bu uchrashuvdagi g‘alaba “armiyachilar”ga yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan peshqadam jamoalar qatoriga qo‘shilish imkonini berardi.

Bellashuv mezbonlar uchun muvaffaqiyatli boshladi. O‘yin bobida rostovliklardan har tomonlama ustunlik qilgan “armiyachilar” to‘rtinchi daqiqadayoq Kellvenning goli evaziga hisobni ochishga erishdi.

Biroq o‘yinning ikkinchi yarmida TsSKA boshlangan ishni oxirigacha etkaza olmadi. “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin amalga oshirgan o‘zgarishlar o‘z samarasini berdi. 75-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Egor Golenkov ikkita to‘p kiritib, mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirib yubordi.

Rossiya futboli ekspertlari, xususan, football24.ru sayti mutaxassislari ushbu uchrashuvni tahlil qilib, mag‘lubiyatga sabab bo‘lgan uch futbolchini aniqladi.

Danil Krugovoy

TsSKAning qanot himoyachisi Danil Krugovoy juda bo‘sh o‘ynadi. Raqib hujum qilganda himoyalanib, qolgan payt hujumga o‘tishi talab qilingan futbolchi butun uchrashuv davomida biror marotaba jamoa o‘yinini kuchaytiradigan harakatni amalga oshira olmadi.

Bundan tashqari, Krugovoy raqib darvozasiga bironta zarba yo‘llagani yo‘q. Maydon markazida qoida buzib, umuman kerak bo‘lmagan vaziyatda ogohlantirish oldi.

Abbosek Fayzullaev

TsSKAning o‘zbekistonlik hujumchisi Abbosbek Fayzullaev bugungi kunda jamoaning asosiy figurasi hisoblanadi. Shu bois undan har bir uchrashuvda faollik, samaradorlik talab etiladi. Jamoaning ijobiy natija qayd etishi ko‘proq 21 yoshli hujumkor futbolchining o‘yinlariga bog‘liq.

Biroq “Rostov”ga qarshi uchrashuvda Fayzullaev o‘z darajasida o‘ynay olmadi va muxlisu mutaxassislarning ishonchini oqlagani yo‘q. To‘liq vaqt davomida harakat qilgan Fayzullaev darvozaga atigi bitta zarba yo‘lladi, biror marotaba raqiblarini aldab o‘ta olmadi.

Raqib bilan yakkakurashga olti marotaba kirishib, faqatgina bittasida ustunlik qildi, xolos.

Kristiyan Bistrovich

“Rostov”ga qarshi o‘tgan uchrashuvda o‘z o‘yinini topa olmagan yana bir futbolchi TsSKAning xorvatiyalik yarim himoyachisi Kristiyan Bistrovich bo‘ldi. Shunga qaramay, murabbiylar shtabi o‘z hududida ustunlikni ta’minlay olmagan legionerni negadir zaxiraga olmadi.

Bistrovich o‘yin davomida raqibni aldab o‘tishga uringani ham yo‘q, darvozaga bittagina zarba yo‘lladi va sakkiz marotaba yakkakurashlarga kirishib, ularning teng yarmida yutqazdi.

Ta’kidlash joizki, TsSKA bu mag‘lubiyatdan keyin musobaqa jadvalida oltinchi o‘ringa tushib qoldi. Yuqoridagi jamoalar bilan ochkolar o‘rtasidagi farq yiriklashib bormoqda. Fayzullaev esa, joriy mavsumdagi o‘yinlari sonini yigirmata etkazib oldi. Legionerimiz bu bahslarda ikkita gol va oltita assist muallifi bo‘lgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!