
Mahallaning eng qiltiriq yigitidan «oltin to‘p» sohibigacha! Barchasiga qo‘l siltashga shoshilmang!
Achinarlisi shundaki, so‘nggi yillarda bolalar futbol maydonlarida ko‘plab iqtidorli yoshlar qolib ketmoqda. Deyarli barcha akademiyalarga bolalar birinchi navbatda jismoniy imkoniyatlaridan kelib chiqib taklif etiladi. Agar akademiyaga kirmoqchi bo‘lgan bolakay nimjonroq bo‘lsa, uning imkoniyatlari deyarli nolga teng.
Barchasiga murabbiylarning erta natija ko‘rsatishga urinishi sabab. Asosiy planga natija ko‘tarilar ekan, hech qanday progress bo‘lmasligi aniq. Bolalar futbolining professionallar bilan farqi katta. Bu erda mutaxassislari birinchi navbatda kelajakda yaxshi natija qayd etishga qodir bolalarni kashf etishi kerak. Hozirda ko‘plab mutaxassislar bugun natija berishga qodir yoshlarga e’tibor qaratadi. Ular jismonan baquvvat, zarbasi kuchli, tezroq yuguradi. Shu bois, aynan shunday yigitlar ko‘proq o‘yin amaliyotga va murabbiylar e’tiboriga ega chiqadi. Kichik musobaqalarda natija berishni boshlagach, bu bolalar jamoaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylanadi.
Nisbatan nimjon, past bo‘yli bolalar futbol akademiyalari eshigi tagidan qaytishga majbur bo‘lmoqda. Zamonaviy futbolda jismoniy tayyorgarlikka bo‘lgan e’tibor oshgach, ularning imkoniyatlari keskin kamayib ketdi. Bunday bolalar akademiyaga qabul qilinsa ham, ko‘pincha soyada qolib ketadi. Ular orasida maydonni ko‘rishi yoki o‘yinni o‘qiy oladiganlari ko‘p uchrasada, baribir natija berishga qodir yosh futbolchilarga bo‘lgan talab hamma joyda yuqori.
Bunday paytlarda ko‘plab bolalarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Ayrimlari futboldan sovib ham ketadi. Agar murabbiylari tomonidan kerakli so‘zlar aytilmasa, deyarli 75 foiz yoshlar futbolni tashlab ketadi. Aynan shu omil sababli, butun jahon futboli yiliga 10 yoki 20 ta "yangi Messilar"ni qo‘ldan chiqaradi.
Hozirgi kunda jismoniy imkoniyatlari past bo‘lishiga qaramay, futbol o‘ynashda davom etayotganlar uchun Luka Modrich chinakam namuna bo‘lishi mumkin. Qahramonimiz 8 yoshida Xorvatiyaning «Xayduk» jamoasiga ko‘rigiga hatto kirgazilmaydi. Ikki yildan so‘ng, ikkinchi bor kelganida, u tengdoshlari ichida eng oriq bola edi. Ilk nazorat mashg‘ulotidayoq, bu faktor darrov ko‘zga tashlanadi. Akademiya murabbiylari Lukaning dadasiga o‘g‘lidan futbolchi chiqmasligini aytib, ortga jo‘natib yuboradi. 10 yoshli bolakay esa, ko‘zda yosh bilan uyiga qaytib keladi. Keyin Modrich futbolni tashlab yuboradi. Uning mashg‘ulotlariga kelmay qo‘yganidan xabar topgan birinchi murabbiyi ishga aralashadi. Uni yana futbolga qaytishga ko‘ndiradi.
Yugoslaviyadagi urushdan qochib kelgan oilada juda qashshoq edi. Dadasi maoshining deyarli 80 foizini o‘g‘lining to‘garagi uchun sarflar, qolgani ro‘zg‘orga arang etar edi. Shunga qaramay, Luka harakatdan to‘xtab qolgani yo‘q. 15 yoshga qadar birorta klub akademiyasi uni o‘z safida ko‘rishni istamadi. Allaqachon o‘spirin yoshiga etgan bo‘lsa-da, uning gavdasi 12 yoshdagi bolakaylarni eslatib yuborgani pand berdi.
16 yoshga to‘lay deganida, Zagrebning «Dinamo» jamoasi uni o‘z qarmog‘iga oldi. Afsuski, murabbiylar yosh yigitdagi texnika va maydonni ko‘ra bilish qobiliyatiga e’tibor qaratgani yo‘q. Luka darrov quyi liga vakiliga ijaraga berib yuborildi. Pastki ligalarda esa, Modrichning ahvoli ancha og‘irlashdi. Asosan qo‘pol futbol namoyish etuvchi himoyachilar bilan to‘qnashuvlardan so‘ng, Modrich bir narsani anglab etdi. Kurashlarga kirmaslik uchun to‘p bilan chaqqon harakat qilish va maydonda tezda qaror qabul qilish lozim! Shu tamoyil asosida o‘zning o‘yin manerasini sekin-asta o‘zgartirib bordi.
Xorvatiyaning pastki divizonlarida to‘p bilan «uchib» ketayotgan bolakay haqida OAV yozishni boshlab yuboradi. Keyinroq, «Xayduk» Modrichning dadasi bilan aloqaga chiqdi. Bundan xabar topgan «Dinamo» yigitchani asosiy jamoaga qaytardi.
Modrich o‘zi singari oriq yigitlar uchun g‘alaba formulasini yaratdi desak, adashmagan bo‘lamiz. Markazda to‘p bilan chaqqon harakat qilishi, to‘p uchun kurashda tezlik evaziga g‘alaba qozonishi bilan Luka tezda murabbiylar ishonchini oqladi. 3 yil davomida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Qatorasiga ichki chempionat oltin medalliga ega bo‘lgach, terma jamoadan taklif oldi.
Shu bilan uning hayotida yaxshi kunlar boshlandi deb o‘ylasangiz, adashasiz! Modrich 2008 yildagi Evropa birinchiligida ishtirok etgach, ko‘plab grandlar e’tiboriga tushdi. Ular orasida «Barselona» va «Arsenal» yarim himoyachi uchun asosiy da’vogar edi. Luka yoshligidan Kataloniya klubi muxlisi bo‘lgani uchun transfer oynasining so‘nggi kuniga qadar taklif kelib tushishini kutdi. Afsuski, uning agentlari «Barselona» Modrichdan jismonan zaifroq bo‘lgani uchun voz kechgani haqidagi alamli xabarni eshitdi. Arsen Venger esa, Modrichni APLning kontaktlarga boy o‘yinlardagi bosimni ko‘tara olmasligi haqidagi bashoratni OAV orqali o‘qib qoldi. U hech qachon Evropaning kuchli klublarida to‘p surmasligi mumkinligidan siqildi, ammo qo‘llarini tushirib yuborgani yo‘q. Dedlaynning so‘nggi soatlarida «Tottenxem» bilan shartnoma imzoladi.
Uning Londondagi sarguzashtlari boshlanib ketdi. Xorvatiyadagi futbol asosan texnikaga tayangani uchun to‘qnashuvlar soni bir necha barobar kam. Angliyada esa, burchak bayroqchasi oldida ham raqib katta tezlikda senga tashlanishi mumkin. Buni anglab etgan Modrich bor e’tiborini tezkorlikka qaratdi. Uning o‘z ustida tinimsiz ishlashi samara berdi. Qisqa fursat ichida, Luka APLning eng kuchli universal yarim himoyachisiga aylandi. 2012 yilda Madridning «Real» jamoasi tomonidan sotib olindi.
Uning Ispaniyadagi faoliyati sovrinlarga boy o‘tmoqda. 4 bor EChL g‘olibligi va Ispaniya chempionligi! 2018 yilda «oltin to‘p». Bir qarashda Madrid klubida Luka o‘zini erkin his qilgandek tuyulishi mumkin, lekin barchasi siz o‘ylagandek oson emas.
2012/13 yilgi mavsum so‘nggida, Ispaniyaning ko‘plab nashrlari Modrich transferi sababli, «Real»ni keskin tanqid qildi. Maydon markazida passiv, ikkinchi qavatdagi kurashlarda befoyda, jismonan nimjon yigit qanday qilib butun o‘yinning tempini belgilab berishi mumkin? Modrichning «Qirollik klubi» safidagi ilk mavsumi juda omadsiz o‘tdi. Hatto, unga Londonga qaytish taklifi ham berildi, biroq qahramonimiz xarakter ko‘rsatdi. Madridda qoldi va yana kurashga qo‘shildi. Uning tinimsiz o‘z ustida ishlashi, mashg‘ulotlardagi mehnati besamar ketgani yo‘q. Xorvat 2014/15 yilgi mavsumdan boshlab, klubning asosiy figurasiga aylandi. Oradan 6 yil o‘tgan bo‘lsa-da, hali hech kim Lukani asosiy tarkibdan siqib chiqarishni uddalay olmadi. Bunday yutuqlar ortida ulkan mehnat va kuchli iroda borligini payqash qiyin emas.
Tasavvur qilib ko‘ring! Agar u 10 yoshda «Xayduk» ko‘rigidan so‘ng, qo‘llarini tushirib yuborganda nima bo‘lar edi? ! Qahramonimiz butun faoliyati davomida o‘z kamchiligini berkitish maqsadida boshqa tomondan kuchli bo‘lishga intildi va buni uddaladi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar