
Maksim Shatskix: "Jahon chempionatiga chiqish qo‘limizdan keladi"
5 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoamiz safarda BAAga qarshi “JCh-2026” saralashidagi juda muhim o‘yinda maydonga tushadi. Bo‘lajak uchrashuvda vakillarimiz ijobiy natija qayd etishsa, tarixda ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz.
O‘zbek futboli afsonalaridan biri, milliy terma jamoamiz safida yorqin faoliyat olib borgan Maksim Shatskix ham bosh jamoamizni kuzatib bormoqda va mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritish borasida qo‘llab-quvvatlayapti.
Hozirda "Andijon" bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Shatskix terma jamoamizga oid ayrim savollarga javob qaytardi.
- Milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga juda yaqin turibdi. BAAga qarshi o‘yin oldidan imkoniyatimizni qanday baholaysiz?
- Jahon chempionatimizga chiqishimiz uchun bizda doimgidan-da ko‘ra juda yaxshi imkoniyat paydo bo‘lgan. Maydonga albatta g‘alaba uchun chiqishadi va yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsata oladilar. Bu safar jahon chempionatiga chiqish masalasini hal qilishimiz kerak. Bu orqali xalqimizni xursand qilishimiz lozim. Jahon chempionatiga chiqish qo‘limizdan keladi.
- Terma jamoa libosida to‘p surish qanchalik mas’uliyatli va sharafli?!
- O‘ylaymanki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosini kiyish hammaga mas’uliyat yuklaydi. Ushbu yurtda tug‘ilgan har qanday inson uchun terma jamoa libosini kiyish sharaf, albatta. Bu juda katta mas’uliyat. Ayniqsa, har bir yosh futbolchini bunday formani kiyib maydonga tushish orzusi bo‘ladi. Har qanday o‘yinchi milliy terma jamoada yurt sharafini himoya qilishni yoshligidan orzu qilib yashaydi.
- Siz Toshkentda Quvaytga qarshi dramatik kechgan o‘yin qahramonlaridan birisiz. O‘sha uchrashuvda gol urgansiz. Terma jamoamiz 0:2 ni 3:2 ga aylantira olgan. Ushbu bahsdan qanday xotiralar qolgan?
- Quvayt bilan o‘yinni yaxshi eslayman. Qiyin uchrashuv bo‘lgandi. Biz dastlab ikkita to‘p o‘tkazib yuborgandik. Yaxshi xulosa chiqarib, ikkinchi taymda ajoyib harakat qilganmiz. Haqli ravishda 3:2 hisobida g‘alaba qozonganmiz.
- 2006 yilgi JCh saralashida terma jamoamiz pley-offda Bahraynga qarshi o‘yinda omadsizlikka uchragan. O‘shanda ham mundialga yaqin edik...
- Bahrayn bilan juda alamli holat bo‘lgandi. O‘tish uchrashuvlari orqali biz juda yaqin kelgandik. Buni eslayman, ammo ancha bo‘ldi. Birini o‘yinni o‘z uyimizda o‘ynagandik. 1:0 ga yutayotgandik, keyin penalti tepdik. Adashmasam, yaponiyalik hakam edi va u ish ko‘rsatgan. Xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, o‘shanda qandaydir yangi qonunlarni joriy qilishganmidi?! Penaltini bekor qilgan. Xullas, tushunarsiz vaziyatlar yuz bergan. Shundan keyin texnik g‘alaba ilinjida federatsiyamiz shikoyat xati yozgan. Bahrayn haqida biror narsa deya olmayman. Bu erda hakamlarni qo‘pol ravishdagi xatosi bo‘lgan. Menimcha, raqibga 3:0 hisobida texnik mag‘lubiyat yozilishi haqidagi shikoyat xati to‘g‘ri bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Keyingi o‘yinda Toshkentda 1:1 o‘ynaganmiz. Safardagi javob bahsida 0:0 natijasi qayd etilgan. Afsuski, javob bahsida men ishtirok eta olmagandim. Bahraynda edim, o‘shanda kasal bo‘lib qolgandim. Adashmasam, bizda 89-daqiqada imkoniyat bo‘lgandi. Tepgan to‘pimiz darvoza ustuniga tegib qaytgan. Bu safar umid qilamanki, barcha yurtdoshlarimizning orzusi ushaladi. Terma jamoamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladi.
Fikrlar