"Manchester Yunayted" hujum chizig‘ini kuchaytirishda Uotkins va Sheshkoni asosiy nomzod deb bilmoqda
"Manchester Yunayted" jamoasi hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzod sifatida Olli Uotkins ("Aston Villa") va Benyamin Sheshkoni ("RB Leyptsig") ko‘rib chiqmoqda. ESPN nashrining xabariga ko‘ra, Yugo Ekitikening "Liverpul"ga, Viktor Dyokereshning esa "Arsenal"ga o‘tishi ortidan ushbu ikki futbolchi bozordagi eng maqbul variantlar sifatida baholanmoqda.
Biroq, MYu rahbariyati potentsial transferlar narxidan xavotirda. "Aston Villa" va "Leyptsig" klublari talab qilayotgan summalar juda yuqori deb hisoblanmoqda. Shu bilan birga, mankunianliklar futbolchilar va ularning agentlari bilan aloqaga chiqib, moliyaviy talablar haqida ma’lumot to‘plashga kirishgan. Hozircha qay biriga ustuvorlik berish masalasida yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Sheshkoga "Nyukasl" ham jiddiy qiziqish bildirmoqda. Shunga qaramay, MYu klubi uning tanlovi aynan ular foydasiga bo‘lishiga ishonmoqda — hatto "Nyukasl" kelasi mavsum Chempionlar ligasida ishtirok etsa ham.
Bu orada "Aston Villa" Uotkinsni sotish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Lekin manchesterliklar yaxshi taklif berilsa, birmingemliklar bu transferga ko‘nsa kerak deb hisoblamoqda. Angliya terma jamoasi hujumchisi 45 million funt atrofida baholanmoqda.
Klub rahbariyati ushbu transferlar uchun kerakli mablag‘ni Alexandro Garnacho, Antoni, Jeydon Sancho va Malasiyani sotish orqali qoplashga umid qilmoqda. Shuningdek, Rasmus Xoylundning kelajagi ham noma’lumligicha qolmoqda.
Fikrlar