"Manchester Yunayted" va "Real"ga Bundesliganing "yangi Rodri"si qiziq
"Manchester Yunayted" skautlari "Shtutgart"ning 20 yoshli yarim himoyachisi Chema Andresning oʻyinidan hayratga tushdi. Biroq, "qizil iblislar"ning ehtimoliy transferini amalga oshirishga oʻtgan yozda futbolchini nemis klubiga sotgan "Real" xalaqit berishi mumkin. "Qaymoqranglilar" akademiyasi tarbiyalanuvchisini qaytarish variantini koʻrib chiqmoqda. Bu haqida TEAMtalk xabar berdi.
Manbaga koʻra, "Qirollik klubi" Andresni 11,4 mln yevroga qayta sotib olish imkoniyatini koʻzda tutgan. "Real" bu imkoniyatni kelasi yozda ishga tushirishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, yarim himoyachi oʻyin sifatlari boʻyicha "Manchester Siti" futbolchisi Rodri va "Barselona"ning sobiq futbolchisi Serxio Busketsga oʻxshaydi.
Joriy mavsumda Andres barcha musobaqalarda 29 ta oʻyinda maydonga tushib, 2 ta gol va 2 ta assistni oʻz hisobiga yozdirib qoʻydi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar moʻljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, futbolchining bozor narxi 15 mln yevroni tashkil etadi.
Fikrlar