Manchesterliklar "Barsa" futbolchisini oʻzigа oʻgdirib olmoqchi
«Manchester Yunayted» yangi chap himoyachi qidirishni davom ettirmoqda. Klub rahbariyati uchun bu masala, «Brayton» bilan yarim himoyachi Karlos Baleba transferi bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyin, asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.
Bu haqida insayder jurnalist Fabrizio Romano ijtimoiy tarmoq X da xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda «qizil iblislar» «Barselona»ning chap qanot himoyachisi Aleks Bal’de atrofidagi odamlar bilan aloqaga chiqqan. Maqsad — uning Kataloniya klubini tark etishi ehtimoli va bunday transfer qaysi shartlarda amalga oshishi mumkinligini aniqlash bo‘lgan. Shu bilan birga, hozircha ispaniyalik futbolchi o‘zini «Barselona»da baxtli his qilayotgani ta’kidlanmoqda.
O‘tgan mavsumda Bal’de barcha musobaqalar doirasida 42 ta o‘yinda maydonga tushdi va uchta golli uzatma muallifiga aylandi. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, Bal’dеning bozor qiymati 50 million yevro atrofida baholanmoqda.

Fikrlar