
Manchini Gvardiolani eng badavlat murabbiyga aylantirdi
Jahon futbolida eng katta maosh olayotgan murabbiylar ro‘yxatida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Bu italiyalik mutaxassis Roberto Manchining ishdan olingani bilan bog‘liq.
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi Manchinini terma jamoaga bosh murabbiy qilib tayinlaganida yiliga 21,5 million funt maosh berishga rozi bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich orqali tajribali mutaxassis dunyo futbolida eng katta maosh olayotgan bosh murabbiyga aylangan edi.
Saudiya Arabistoni terma jamoasining ko‘rsatkichlari tushib ketishi ortidan Manchini iste’foga chiqarildi.
Endi eng katta maosh olayotgan bosh murabbiy Xosep Gvardiola hisoblanadi. “Manchester Siti”ni chempion qilishdan charchamagan ispaniyalik mutaxassisga “shaharliklar” har yili 20 million funt miqdorida maosh to‘lab kelmoqda.
Xosep Gvardiola shogirdi Mikel Artetaga nafaqat jamoani boshqarishni, balki pul topishni ham puxta o‘rgatgan. “Arsenal”ni kuchli klublar qatoriga qaytargan Arteta har mavsum uchun “kanonirlar” g‘aznasidan olayotgan yillik maoshini yaqinda 9 milliondan 15 million funtga ko‘tardi.
Katta maosh olayotgan bosh murabbiylar reytingida kuchli uchlikni “Real” va “Barselona”dan chempionlikni tortib olishga urinayotgan “Atletiko” ustozi Diego Simeone oladi. Madridning ikkinchi klubi keyingi yillarda katta yutuqlarga erisha olmayapti va shu bois o‘tgan yili argentinalik mutaxassisning maoshi 16 milliondan 13 million funtga pasaytirildi.
Fikrlar