"Mash’al" "Qo‘qon-1912" uchun qulay raqib...mi? Superliga yo‘lidagi pley-off oldidan

  • 22 noyabr, 2023, 00:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

22 noyabr kuni Coca-Cola Superliganing 25-turi boshlanadi. Shu bilan birga siz bilan bizni yana bir o‘yin ham kutmoqda. Ya’ni, Superliga yo‘llanmasi uchun ikkinchi pley-off o‘yinida “Qo‘qon-1912” Muborakning “Mash’al” klubiga qarshi bahs olib boradi. Bu uchrashuv Olmaliqdagi stadionda o‘tkaziladi.

15 noyabr kuni “Mash’al” dastlabki pley-offda Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Sho‘rtan”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi. Endi esa pro ligada 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Qo‘qon-1912” muborakliklarning navbatdagi raqibiga aylanadi.

Bu jamoalar joriy yilgi pro liga chempionatida ikki marotaba to‘qnash kelishgan. Birinchi davrada qo‘qonliklar o‘z maydonida San’at Shixovning yagona goli evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi davrada Muborakda bo‘lib o‘tgan bahsda ham o‘yin taqdirini birgina gol hal qilgan. Bu safar Anvar Hojimirzaevning goli “Qo‘qon-1912”ga navbatdagi g‘alabani taqdim qilgan. Ko‘rib turganingizdek, chempionatdagi har ikkala uchrashuvda qo‘qonliklar “Mash’al”ni 1:0 hisobida taslim qilgan.

shixov

Shuningdek, “Qo‘qon-1912” va “Mash’al” klublarining O‘zbekiston chempionatidagi o‘zaro bellashuvlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 16 ta bahsda ro‘baro kelishgan. “Qo‘qon-1912”da 5 ta, “Mash’al”da esa 7 ta g‘alaba bor. Yana 4 ta o‘yinda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 19\25 “Mash’al” foydasiga.

Lekin statistika shuni ko‘rsatyaptiki, “Mash’al” klubi oxirgi paytlarda “Qo‘qon-1912”ni mag‘lub etish yo‘llarini topa olmayapti. Gap shundaki, muborakliklar 2017 yilning 16 sentyabr kuni Qo‘qonda 2:4 hisobida g‘alaba qozongan va shundan beri “Mash’al” ushbu raqibini taslim qila olmasdan kelmoqda. Albatta, bugungi uchrashuv ikkala jamoa uchun katta ahamiyat kasb etadi. Qo‘qonliklar bo‘lajak o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ikki marta “Andijon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib bir durang va bir g‘alaba qayd etdi.

mash sho‘r_1

Bilasiz, g‘olib jamoa Superligada 12-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga qarshi so‘nggi pley-off uchrashuvida maydonga tushadi. Yaqinda “Qo‘qon-1912” klubi rahbari Akromjon Mamadaliev Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoasining Superligaga chiqishiga qat’iy ishonayotganini alohida ta’kidlagani yodimizda. So‘nggi uchrashuvlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Mash’al” klubi qo‘qonliklar uchun qulay raqibdek ko‘rinmoqda, ammo bitta o‘yindan iborat bahsda hamma narsa bo‘lishi mumkin va muborakliklar ham Superliga orzusida kurashni davom ettirmoqda. Haqiqat shuki, Olmaliqdagi uchrashuvda albatta g‘olib nomi aniqlanadi.

Darvoqe, uchrashuvni Asker Najafaliev boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi va o‘yinda VARdan foydalaniladi.

Uchrashuv rasmiylari

Bosh hakam: Asker Najafaliev

Yordamchi hakamlar: Islom Azimov, Sherzod A’zamov

Zaxira hakami: Sultonmurod Abdurahmonov

VAR: Akobirxo‘ja Shukurullaev

AVAR: Rishat Nugmonov

Nazoratchi: Timur Abdullaev

Komissar: Qudrat Madraimov

Umid qilamizki, ushbu pley-off uchrashuvida hakamlar asosiy mavzuga aylanib qolishmaydi va o‘yin tomoshabop tarzda kechadi. 

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Dili
22/11/2023 12:21
Хакамларга инсоф Беринг омадлиги ютсин