Mashhur futbolchi odam savdosida ayblanyapti

  • 22.01.2026 08:27
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Yevropa Chempionlar ligasi va Frantsiya chempionatining amaldagi g‘olibi “Pari Sen-Jermen” klubi himoyachisi Lukas Ernandes va uning rafiqasi Viktoriya Triay jiddiy huquqiy muammolarga duch keldi.

Paris Match nashri ma’lum qilishicha, 29 yoshli futbolchi va uning hamrohiга noqonuniy mehnatdan foydalanish hamda odam savdosi bilan bog‘liq ayblovlar rasmiy tarzda qo‘yildi.

Versal’ prokuraturasi 2024 yil sentyabridan 2025 yil noyabrigacha Ernandes xonadonida ishlab kelgan bir oilaning murojaatidan so‘ng jinoyat ishini qo‘zg‘atgan. Ushbu oila a’zolari qo‘riqchi, oshpaz, uy xizmatchisi, bola boquvchi vazifalarini bajargan, shuningdek, boshqa turli ishlarga ham jalb etilgan.

Jabrlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Lukas Ernandes va Viktoriya Triay ularni haftasiga 72 soatdan 84 soatgacha ishlashga majbur qilgan, shu bilan birga rasmiy mehnat shartnomasi tuzilmagan. Bu holat mehnat qonunchiligining jiddiy buzilishi hisoblanadi. Oila bunday ish soatlarini adolatsiz va me’yordan ortiq, deb hisoblamoqda.

Hozirda prokuratura tomonidan tergov ishlari davom etmoqda, ammo hozircha himoyachi va uning rafiqasiga nisbatan hech qanday jazo choralarі qo‘llanilmagan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!