Mbappe pul uchun PSJga odam jo‘natdi
Frantsiyaning eng badavlat klubi “Pari Sen-Jermen” va ushbu klubning sobiq hujumchisi Kilian Mbappe oʻrtasidagi pul bilan bogʻliq muammolar hali ham oxirigacha barham topgani yoʻq.
Bir necha marta oʻtkazilgan sudlardan keyin PSJ hujumchiga oʻz vaqtida toʻlanmagan jami 60,9 million yevro qarzdorlikni yopishi majburiyati qoʻyilgan edi. Parijliklar bu ishni oxirigacha yetkazmadi. Xususan, klub 60,9 million yevroning 5,9 million yevrolik qismini (foydalanilmagan mehnat taʼtillari uchun toʻlov) hali ham toʻlagani yoʻq.
Adliya organlari sakkiz kun ichida ushbu mablagʻni majburiy tarzda undirishi (muzlatishi) mumkin. Ana shu masala doirasida “Pari Sen-Jermen” qarorgohiga sud ijrochisi tashrif buyurdi. U klubga Mbappe 2024 yilning yozida erkin agent sifatida klubdan ketganidan beri davom etayotgan nizo doirasidagi qarzni toʻlash toʻgʻrisida rasmiy talabnoma mutasaddilarga topshirdi. Gap qariyb 6 million yevro haqida ketmoqda.
2025 yilning dekabr oyi oxirida Parij mehnat nizolari boʻyicha sudi PSJni sobiq hujumchisiga jami 60,9 million yevro toʻlashi borasida hukm chiqargan. Bu mablagʻning:
55 million yevrosi — toʻlanmagan maosh va bonuslar;
5,9 million yevrosi — foydalanilmagan mehnat taʼtillari va kechiktirilganlik uchun foizlar edi.
Sud qarori darhol ijro etilishi shart, deb belgilangan edi. Biroq, Parij klubi faqat 55 mln yevroni oʻtkazib, qolgan soʻnggi qismni (5,9 mln) toʻlashdan bosh tortgan.
Fikrlar