
"Men ham "Andijon" bilan birga tarixga kirdim, "Xorazm" autsayder bo‘lib qolmaydi". Ilhom Alijonov endi urganchliklar sharafini himoya qiladi
15 yil deganda Superligada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritgan “Xorazm” klubi yangi mavsum uchun tarkibini kuchaytirish ishlarini davom ettiryapti.
Yaqinda “Andijon” bilan xayrlashgan himoyachi Ilhom Alijonov urganchliklar tarkibiga qo‘shildi va bir yillik shartnoma imzoladi.
Shundan so‘ng futbolchi “Xorazm” a’zosi sifatidagi ilk intervyusini berdi.
- Ilhomjon "Andijon" klubidagi 3 yillik faoliyatingiz qanday o‘tdi va siz uchun eng esda qoladigani nima bo‘ldi?
- “Andijon”da 2022 yilda kelgan bo‘lsam, uch yil faoliyat olib bordim. Buni o‘zim uchun yaxshi natija deb o‘ylayman. Birinchi yili kelganimda jamoa pro ligada edi. Superligaga olib chiqdik. Keyingi yilga murabbiy almashdi va Viktor Kumikov o‘rniga Aleksandr Xomyakov tayinlandi. Ushbu murabbiy qo‘l ostida ham ikki yil to‘p surdim. Birinchi yili 7-o‘rinni oldik, o‘tgan yili Kubok sohibi bo‘ldik hamda tarixga kirdik. Men uchun eng katta yutuq – bu shubhasiz Kubokni yutganimiz bo‘ldi. Men ham “Andijon” klubi bilan birgalikda tarixga kirganim esda qolarli natijaga aylandi. Yana shuni aytmoqchimanki, birinchi bo‘lib pro ligada meni jamoaga qabul qilgan Jahongir aka Nuritdinov va Elbek aka Samatovga katta rahmat aytaman. Shu insonlar meni Superligaga qaytib shunchalik o‘ynashimga sababchi bo‘lishdi. Jamoadoshlarim bilan yaxshi va yomon kunlarda doimo birga bo‘ldik. Murabbiylarga ham minnatdorchilik bildiraman. “Andijon” muxlislariga alohida rahmat. Ularga har doim omad tilayman. Bu yil OChLda qatnashishadi va unda ham klubga va ishqibozlariga omad tilab qolaman. Fan-klub to‘xtamasin va bundan ham ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etaversinlar.
- Endilikda "Xorazm" sharafini himoya qilasiz. Bu klub taklifini qabul qilishingizga nima turtki bo‘ldi?
- “Xorazm” jamoasiga qo‘shildim. Men uchun bu taklifni qabul qilish juda qiyin bo‘ldi. Nimagaki, bir klubda uch yil o‘ynab, keyin boshqa jamoaga ketish og‘ir. “Xorazm”ga o‘tishimga turtki bo‘lgan eng birinchisi – bu murabbiy. Hakim Fuzaylovni yaxshi bilganligim uchun keldim. U ham yaxshi kollektiv yig‘adi. Murabbiyning ishonchi sababli ushbu klubga keldim.
- "Burgutlar" oilasini tark etish sizga qiyin kechmadimi?
- “Andijon”ni tark etish to‘g‘risi qiyin bo‘ldi. Ba’zida kechalari bilan ketaymi-ketmaymi, deb o‘ylanib chiqdim. Futbol shunaqada, bir u erda, bir bu erda o‘ynaysiz. Qachondir tark etish kerak edi. Shu bu yil ekan, mazkur holat yuz berdi. Albatta, tark etish oson bo‘lmadi.
- Yangi jamoada qanday qarshi oldilar va moslashuv qanday kechyapti?
- Yangi jamoada murabbiy ham, rahbar ham juda yaxshi tanish. Futbolchilarning ko‘pi bilan ham birga o‘ynaganmiz. Moslashuv qiyin kechgani yo‘q. Hammasi a’lo darajada.
- "Xorazm"ga Superliga yo‘llanmasi taqdim etildi. Shunga yarasha jamoa qanday shakllantirilmoqda?
- “Xorazm” 15 yil deganda Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu “Xorazm” va uning xalqi uchun juda quvonarli holat bo‘ldi. Xudo xohlasa, Superligadagi barcha raqiblarga bosh og‘rig‘i bo‘ladigan darajadagi jamoa tashkil qilinyapti. “Xorazm” autsayder bo‘lib qolmaydi. Tarkib ham mahalliy va tajribali legionerlar bilan to‘ldirilyapti.
- "Andijon"da 66-raqamda o‘ynagansiz. "Xorazm"da qaysi raqamni tanladingiz?
- Ha, Andijon” 66-raqamda o‘ynagandim. O‘ylaymanki, “Xorazm”da ham 66-raqamda to‘p suraman.
- Superligada klublar soni 16 taga oshirilganiga munosabatingiz qanday?
- Superligada klublar 16 ta bo‘lgani juda yaxshi. Chunki endi o‘yinlar yanada ko‘p bo‘ladi. Bu muxlislar uchun ham, futbolchilar uchun ham nihoyatda ijobiy.
Fikrlar