Mening o‘rnimga yoshlarni chaqiring, degan gapni ayta olmadim, terma jamoa esa ikkita klubdan iborat emas - "qarilik"ni tan olmayotgan Jasur Hasanov haqida

  • 16 noyabr, 2020, 18:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“So‘g‘diyona” tarkibida to‘p surib kelayotgan Jasur Hasanov 37 yosh bo‘lishiga qaramay, hali hamon yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgani tahsinga loyiq. Odatda, bu yoshda kamdan-kam futbolchilar qoladi va ular ham doimiy ravishda faollik ko‘rsata olmaydi. Biroq Hasanovdagi holat umuman boshqacha, uning maydondagi tezligi, dribling va harakatlarini ko‘rib, sira 37 yoshga to‘lganga o‘xshamaydi. Mana shunday charm to‘p ustalarini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatsa arziydi.

Uning faoliyati ham maqtasa arzigulik darajada chiqdi. O‘zbekiston va Qatar chempioni bo‘ldi. Skolaridek mutaxassis bilan ishladi. Yurtimizda yana boshqa sovrinlarni ham yutdi. Milliy terma jamoada ham samarali to‘p surdi. Xullas, Jasur Hasanov el nazariga tushgan futbolchi sifatida nom qozondi.

Odatda, matbuotda doim ham ko‘rinish beravermaydi va u bilan suhbatlashishni istovchilar juda ko‘p. Shunday bo‘lsa ham Jasur bizning taklifimizni erda qoldirmaslikka qaror qildi. Uning sports.uzga bergan intervyusida bir qator qiziqarli mavzular bo‘yicha fikrlar jamlanmasi mujassam bo‘ldi.

-  Joriy mavsumda 37 yoshda ham Jasur Hasanovning tinib-tinchimayotgani va o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgani to‘g‘risida ko‘plab iliq fikrlarni eshitib kelyapmiz. Bunday yoshda qanday qilib, oldingidek faol to‘p sura olyapsiz?

-  37 yoshda bo‘lsam ham faoliyatimni davom ettiryapman va “So‘g‘diyona”daman. Bunday o‘yin ko‘rsatishimga asosiy sabab mening doim professionallik holatim bilan bog‘liq. Har safar o‘yindan-o‘yinga tayyorlanib boraman. O‘zbekiston chempionatida bu yoshda 80-90 daqiqa o‘ynay oladigan futbolchilar kam. Yuqoridagilarni o‘zimning rejimim va kun tartibimdan kelib chiqib aytyapman. Har uchrashuvdan keyin yoshlarga maslahatlarimni aytaman. Qanday tayyorgarlik ko‘rishi sportchining o‘ziga bog‘liq. Shu yoshimga nisbatan ham o‘zimga juda e’tiborli va talabchaman. Yana bir yil o‘ynaymanmi yoki ikki yilmi, baribir kuchim etganicha O‘zbekiston chempionatida to‘p suraman. Ammo Superligamizda bemalol yana 3-4 yil ishtirok eta olaman.

-  Yuqoridagi savolning davomi sifatida yana shuni aytish mumkinki, hozirgi holatingizda jismoniy tayyorgarligingiz hammani hayron qoldirayotgani ham rost. Qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazasizmi?

-  Qo‘shimcha mashq qilmayman-ku, lekin menda katta tajriba maktabi bo‘lgan. Qalb baribir yoshligicha qoladi. Mirjalol Qosimovdan bitta gap eshitganman: meni yoshim va organizmim to‘g‘ri kelmaydi, degandi. Kimlardir bu qariya, deb aytishi mumkin. Terma jamoaga borganimda bu yoshlarga joy bo‘shatib bermaydimi, degan turli gap-so‘zlar bo‘ladi. Hozirgi yoshlarni o‘zimning jamoamda ham, boshqa klublarda ham ko‘rib kelyapman. Bugungi kundagi yoshlarda ishtiyoq yo‘q. Oldinga intilish, kelajagimni o‘ylashim lozim, degan maqsadlarni ko‘zlayotganlar kam. Masalan, o‘zim milliy termada, Qatarda, Dubayda, etakchi klublarimizda to‘p surdim. Tajribamdan kelib chiqib aytsam, chindan ham yoshlarimizda o‘ziga e’tibori etarli emas. Mening yoshligim shunday o‘tganki, hattoki uyimga ham bormaganman, stadionda qolib, keyingi mashg‘ulotga tayyorgarlik ko‘rardim. Mana, chempionatimizda restartdan keyin “Paxtakor”ni yutdik va yana boshqa ijobiy natijalar ko‘rsatdik. Adashmasam, iyun oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldim. Bu 37 yoshimda men uchun yana bir xursandchilik. Undan keyin “Bunyodkor” bilan uchrashuvdan so‘ng tur futbolchisi bo‘ldim. Matbuotni kuzatib boramiz, har o‘yindan so‘ng turning ramziy terma jamoasiga meni ham kiritishyapti. Yoshlarga esa o‘rnimda aslida sizlar bo‘lishinglar kerak, deyman. Ulug‘bek Baqoev qaysidir intervyusida yoshlar Jasur Hasanovdan o‘rnak olsin, deb aytdi-ku. Bilasizmi, shu yoshimda ham o‘z ustimdan bir emas, ikki barobar ko‘p ishlayman. Futbolni tanlab, shuning nonini edim va bu sohani yaxshi bilaman.

Hasanov7

-  “So‘g‘diyona”da hozirgacha barcha 22 ta uchrashuvda ishtirok etdingiz. Ko‘rsatkichlaringiz shundayki, 7 ta golga assistentlik vazifani bajardingiz va o‘zingiz 4 ta gol urdingiz. Jamoa o‘yini esa go‘yoki sizga bog‘langandek taassurot uyg‘otyapti. Agar biror futbolchi to‘pni egallagan zahoti maydonda sizni qidiryapti. Bu qanchalik to‘g‘ri? Vaqti kelib klubdan ketganingizda jamoaning o‘yin sxemasiga ta’sir qilsa kerak?!

-  Yaxshi savol. Maydonga chiqqanimda gol urish yoki boshqasi emas, balki faqat jamoamning g‘alabasini xohlayman. Gol urdim nima, urmadim nima?! Mening asosiy vazifam assistentlik. Instagram sahifamda bir odam menga “drujba” jo‘natibdi. Unda bir xabarni o‘qib o‘zimga xulosa qildim. Ya’ni, Cheran, Masharipov va Hasanov O‘zbekiston chempionatida eng ko‘p xavfli vaziyatlarni va assistentlikni bajarish bo‘yicha faollik ko‘rsatishgani aytilgan. Maydonga tushganimda qo‘limdan kelganicha jamoamning g‘alabasini istayman. Ko‘p marotaba g‘olib bo‘lganman. Hayotim va faoliyatim davomida qanday qilib el nazariga tushganimni, qanday yutuqlarga erishganimni yoshlarimizga aytib kelaman. Masalan, mamlakatni san’at bilan sport ko‘proq tanitadi. O‘zimdan-o‘zim Jasur Hasanov bo‘lib qolganim yo‘q. Hammasi mehnatim orqali. Avvalo Yaratgan egam meni shunday darajaga etkazgani uchun doim shukr keltiraman. Balki ertaga murabbiy yoki biznesmen bo‘larman, Xudo nimani ixtiyor qilgan bo‘lsa, shu bo‘ladi.

-  Sizdagi yana bir ustunlik tomonlaringizdan biri shu bo‘lganki, faoliyatingiz davomida ko‘plab tajribali mutaxassislar bilan ishladingiz. Ayting-chi, futboldagi hayotingizda tub burilish yasagani uchun qaysi murabbiyga haligacha rahmat aytasiz.

-  To‘g‘ri savolni berdingiz. Rostdan ancha murabbiylar bilan birga ishladim. O‘zbekiston chempionatida kimning qanaqa murabbiyligini o‘zim uchun zo‘r bilaman.  Men uchun eng yaxshi murabbiylar – Ro‘ziqul Berdiev, Ulug‘bek Baqoev va Luis Felipe Skolari. “Nasaf”da o‘ynaganimda Ro‘ziqul akani qanday murabbiy ekanini bir qarashdayoq bilganman. Baqoev esa hozirgi kunda mening murabbiyim. Oldin o‘zi bilan birga to‘p surganman va bitta xonada yashaganmiz.

-  Qachondir Evropaga ketish uchun sizda imkoniyat bo‘lganmi?

-  Evropadan chorlov bo‘lmagan-ku, ammo yodingizda bo‘lsa, “Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasida Avstraliyada “Adelaida” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab qaytgan. O‘sha uchrashuvda jarima zarbasidan gol urgandim. Toshkentdagi javob o‘yinini esa Jar stadionida o‘tkazganmiz va o‘sha bahsda Alibobo Rahmatullaevning goli bilan chorak finalga chiqqandik. O‘sha o‘yindan keyin “Adelaida” klubi meni o‘zlari bilan birga olib ketmoqchi bo‘lgan. Ularga “Bunyodkor” bilan shartnomam bor, klubim bilan gaplashinglar, deb aytgandim.

Hasanov5

-  Faoliyatingiz mobaynida ko‘plab g‘alabalar va sovrinlarni yutishga o‘rgangansiz. Bugungi kunda Jasur Hasanovga ana shunday muvaffaqiyatlar etishmayaptimi?

-  Har bir futbolchi sovrin yutgisi keladi. Ko‘rdingiz, bu yil pandemiya sababli chempionat to‘xtatildi, keyin o‘yinlar markazlashgan holda o‘tdi. Futbolimiz rahbariyati bu tomonlama to‘g‘ri yondashishdi, deb o‘ylayman. Lekin vaziyat qiyin edi. Chunki futbolchilarda kasalliklar chiqdi. Bu yilgi chempionatimiz pandemiya hisobiga unchalik sermahsul o‘tmadi. Ammo pandemiyani engib o‘tamiz, deb ishonaman. Avvalambor, Yurtboshimizga biz uchun yaxshi sharoitlar yaratib berganiga minnatdorchilik bildiraman. Hayot davom etadi. Masalan, bu yil sovrindor bo‘lmagan bo‘lsak, balki kelasi yilga erisharmiz. Bundan fojea yasamayman. Balki “So‘g‘diyona” jamoasi keyinchalik O‘zbekiston kubogi yoki chempioni bo‘lar, bu – futbol. Kim o‘ylabdi, pandemiyadan keyin “Paxtakor”ni “So‘g‘diyona” yutishini. O‘sha o‘yindan so‘ng, Toshkentda “Lokomotiv” maydonida ham g‘alaba qozondik. Ko‘ryapsizmi, bu – futbol. Bu murabbiyning to‘g‘ri tanlagan yo‘li. Misol uchun sovrin yutyapman yoki yuta olmayapman deb afsuslanmayman. Hozir ikkita farzandim ham futbol bilan shug‘ullanyapti. Kattasi “Bunyodkor”da, kichigi “Lokomotiv”da. Ularga ham doim to‘g‘ri maslahat beraman. Hayotda hamma narsaga o‘z mehnati bilan erishiladi. Chiroyli o‘yini, tashqi ko‘rinishi yoki butsasi bilan emas. Shularni ikkala farzandlarimga ta’kidlab kelaman.

-  Nima uchun bittasini “Bunyodkor”da va ikkinchisini “Lokomotiv” maktabiga berdingiz?

-  Buni bolalarimning o‘zi tanlagan. O‘zim esa “Bunyodkor”da ham, “Lokomotiv”da ham o‘ynaganman. Har turdan keyin “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “So‘g‘diyona” qanaqa o‘ynaganini oilaviy muhokama qilamiz.

Hasanov2

-  Shuningdek, sizni yaqinda Vadim Abramov milliy terma jamoa yig‘iniga ham chaqirgandi. O‘shanda taklif bo‘lishini kutganmisiz va sizni terma jamoada qanday qabul qilishdi?

-  Milliy terma jamoadan chaqiruv bo‘lishi kutilmagan hol bo‘ldi. U erga borganimdan keyin Vadim Karlenovich bilan gaplashdim. Jamoangdagi zo‘ri bo‘lganing uchun chaqirdim dedi. Bungacha ozmi-ko‘pmi, milliy termada to‘p surdim. Murabbiyga esa undan ko‘ra yoshlarni chaqirib, o‘ynating degan gapni ayta olmadim. Muxlislar har xil izohlar yozishadi. Uni yoki buni chaqiribdi, deb gapirishadi. Lekin kimni chaqirish yo chaqirmaslik bu murabbiyning qarori. U kimni xohlasa o‘shani taklif qiladi. Terma jamoamizda 60 ga yaqin uchrashuvlarda o‘ynagan bo‘lsam ham hozir milliy termamiz bilanman. Chunki men o‘zbek farzandiman. Biz muvaffaqiyatlarga erisha olmadik. Terma jamoamizning mundialga chiqishini juda xohlayman. Boya aytganimdek, termaga kimlarni chaqirish bu murabbiyning tanlovi, uning ishiga hech kim aralasha olmaydi. Negaki, ertaga natijaga javob beradigan ham uning o‘zi. Lekin terma jamoada faqat “Bunyodkor”, “Paxtakor” va legionerlarni emas, yana boshqa klublardan ham futbolchilarni sinab ko‘rishini istayman. Boshqa klublarda ham yaxshi o‘yinchilar bor. Men faqat o‘zimning shaxsiy fikrimni aytyapman. Chunki Superligamizda 14 ta klub bor. Terma jamoamiz esa ikki-uchta klubga bog‘lanib qolmasligi kerak. Kerak bo‘lsa, pro-ligadan ham ko‘rsin. Vaqtida jahonning ko‘zga ko‘ringan murabbiyi bilan ishlaganman. Undan yaxshigina saboq olganman. Yuqorida aytganimdek, Superligamizda 14 ta klubimiz bor, boshqa gapim yo‘q.

-  Hammaga ham jahondagi top-murabbiylardan biri bilan ishlash nasib qilmaydi. Siz Skolari  qo‘li ostida to‘p surishga muvaffaq bo‘ldingiz. Shu bois u haqida boshqalarga qaraganda, qanday fikr bildirishni yaxshi bilasiz. Skolari nimasi bilan ajralib turadi?

-  Har bir murabbiyning uslubi bor. Futbolchilar bilan qanday muomalada bo‘lishi ham muhim. Skolari 2009 va 2010 yillarda “Bunyodkor”da ishladi. Men esa uning qo‘lida ikki yilcha o‘ynadim. Skolari tufayli keyin Qatarga ketdim, “Lahviya” klubiga. Bu hozirgi “Duxayl”. Braziliyalik mutaxassisdan o‘rganganlarim juda ko‘p. Qaysidir payt oldiga chaqirib, to‘g‘ri maslahat berardi. Yana qaysidir paytda esa tanbeh berardi. O‘shanda undan xafa bo‘lardim. Dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgan Rivaldo menga, xafa bo‘lma, u to‘g‘ri maslahat beradi va seni to‘g‘ri yo‘nalishga soladi, derdi. Bunday insonlarni qadrlayman.

Hasanov6

-  Oradan ancha yillar o‘tdi. Rivaldo yoki Skolari bilan aloqa saqlab qolinganmi?

-  Ular bilan gaplashmayman. Ammo o‘shalar bilan gaplashadigan odamlar bor. Hozirgacha o‘shalardan ular haqida so‘rayman va nomimdan salom aytib qo‘yishini aytaman.

-  Bir yarim yildan beri “So‘g‘diyona”da to‘p suryapsiz. Yana klubda faoliyatingizni davom ettirasizmi yoki ketmoqchimisiz?

-  Aniq javobni eshitgingiz kelyaptimi? 37 ga to‘lib, 38 ga qarab ketdim. Shu yoshimga qaramasdan, menga to‘rtta jamoadan jiddiy qiziqish bor. Birinchi davradan keyin ham takliflar bo‘ldi. Oldinda esa shartnomam, to‘rtta o‘yin va kubok o‘yinlari bor. Shundan so‘ng, bosh murabbiy va klub prezidenti bilan gaplashamiz. Ularni juda hurmat qilaman. O‘shalar bilan maslahatlashamiz, ularsiz bir qarorga kelmayman. Doim borgan joyimda yutuqlarga erishishni istayman. Chunki g‘alabalarga o‘rgangan futbolchiman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Алишер Собиров
17/06/2021 13:04
ЭХ ЖАСУР АБРАМ УЗБЕКНИ УСТИДАН КУЛДИ УЙЛАДИКИ КЕЧИРИШАРАДИ ДЕБ. ЕШ УЙИНЧИЛАР АТРОФДА ЯХШИ УЙНАБ ЮРГАНДА ЧОЛЛАРНИ ТУПЛАБ ОЛДИ.ИНСОН ОЧИК ТАН ОЛИШ КЕРАК НИМА МЕН СУПЕРЛИГАДА УЙНАШММ МУНКУН АММО МТЖ ТОРТМИМАН ДЕЙИШ ХА ПУЛ КУРСИН