
Messi, Azar, Neymar... Transfer narxi keskin pasaygan futbol yulduzlari
"Transfermarkt" portali Evropa milliy chempionatlaridagi futbolchilarning yangi transfer narxlarini ma’lum qildi. Biz o‘z qiymatini yo‘qotgan futbolchilar to‘g‘risida so‘z yuritamiz. E’tiborliroq bo‘ling, bu erda sizning sevimli futbolchingiz ham bo‘lishi mumkin.
10. Sadio Mane, “Liverpul”
30 mln evro (150 – 120 mln evro)
Senegallik futbolchi 2019/20 yilgi mavsumni a’lo darajada o‘tkazgan edi: 47 uchrashuvda 22 gol va 12 assist. Unda nega uning narxi bunchalik tushib ketdi? Koronavirus pandemiyasi aksariyat sohalar qatori futbolchilar narxiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu yil bahorida aynan ushbu portal tomonidan futbolchilarning 10-20% pasaygan yangi narxlari e’lon qilindi. Shuningdek, restartdan keyin Mane 9 ta o‘yinda ishtirok etib, 4 ta gol ura oldi, xolos. Bu ham etmaganidek, koronavirus yuqtirib olganligi ham uning oyog‘idan chaldi.
9. Xarri Keyn, “Tottenxem”
30 mln evro (150 – 120 mln evro)
Keynda ham shunga o‘xshash vaziyat. Uning transfer bahosi ham pandemiya natijasida ancha pastladi. Bundan tashqari, u ketma-ket jarohatlarga yo‘liqib, bir necha oylarni o‘tkazib yuborishga ham majbur bo‘ldi. Biroq joriy mavsum angliyalik forvard uchun juda omadli boshlanganini ham e’tirof etmasdan iloj yo‘q. 8 o‘yinda 8 gol urgan Keyn 7 bor sheriklari goliga hammualliflik qilgan. Shu tempni ushlab qolishni uddalasa, Xarrining transfer narxi tez orada ko‘tarilishi tayin. Biroq hozircha, u bahosi 30 mln evroga pasaygan futbolchilar qatorida.
8. Muhammad Saloh, “Liverpul”
30 mln evro (150 – 120 mln evro)
Fenomenal kechgan 2017/18 yilgi mavsumdan keyin Saloh o‘yinida biroz pasayish yuzaga keldi. Balki bu himoyachilar uning o‘yin uslubini, qaysi vaziyatda qanday yo‘l tutishini o‘rganib olganliklari natijasidir. Yoki ketma-ket Chempionlar Ligasi va APL bosh sovrinlarini qo‘lga kiritgan misrlik futbolchida biroz motivatsiya bilan bog‘liq muammolar kuzatilayotgandir. Ammo shunisi aniqki, Muhammad hamon yuqori darajadagi o‘yinchi va uning mahoratiga shubha bilan qarashning o‘zi xato! Tanganing ikkinchi tomoni esa, uning transfer qiymati 30 mln evroga kamayganini ko‘rsatmoqda.
7. Kevin De Bryuyne, “Manchester Siti”
30 mln evro (150 – 120 mln evro)
Uning narxi pasaygani hamma uchun kutilmagan holat ekanligi tabiiy. O‘tgan mavsumdagi kuchli o‘yinlariga qaramay, belgiyalik daho faqatgina Angliya Liga kubogi bilan cheklandi. Superyulduz uchun bu etarli emas, albatta. Shuningdek, ushbu mavsumni ham Kevin uchun omadli boshlandi, deya olmaymiz. Ortda qolgan 3 o‘yinda 1 gol urib, 1 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan De Bryuyne o‘z jamoasini 14-pog‘onadan ko‘tarishga urinmoqda. Balki “shaharliklar” yana peshqadamlar safiga qaytganida, Kevinning transfer narxi ham ko‘tarilar.
6. Raxim Sterling, “Manchester Siti”
32 mln evro (160 – 128 mln evro)
Sterling bir necha mavsumdan buyon stabil o‘yin namoyish etmoqda. Ammo "Transfermarkt" talqiniga ko‘ra, uning narxi 32 mln evroga pasaydi. Bunga sabab qilib nafaqat futbolchining o‘yini, balki futbolchiga bo‘lgan ehtiyoj va uning jamoada tutgan o‘rni ham inobatga olinishi aytib o‘tilgan. Ammo quyida yana bir muammo bizni qarshi oladi. Sterlingning narxi pasayishiga esa, APL va Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizliklar sabab bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Uzoq kutilayotgan Evropa taxti “shaharliklar”ga ancha qimmatga tushmoqda.
5. Neymar, PSJ
32 mln evro (160 – 128 mln evro)
Neymarning qadri, shu bilan birga narxi ham tushishda davom etmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri uning raqobat kuchli bo‘lmagan ligada o‘ynayotganligi. Bundan tashqari, braziliyalik yulduzning ko‘rsatayotgan o‘yini avvalgi mavsumlardagidan ham biroz past. Unga jarohatlar, boshqa turli xil muammolar tinmay halal berishda davom etmoqda. Neymar 3 yil ichida deyarli 400 kunni o‘tkazib yubordi. Shunchaki solishtirish uchun: “Barselona”dagi raqamlar bu miqdorning yarmiga ham etmagan edi. Neymar oldida 2 yo‘l turibdi: biri PSJni butun Evropada tengsiz jamoaga aylantirib, Parijni yorug‘ yuz bilan tark etadi, boshqasi iloji boricha tezroq klubini almashtirib, o‘z nomi uchun kurash olib boradi. Frantsiya chempionatini PSJ Neymargacha ham yutayotgan edi, bundan keyin ham boshqa nomzod chiqishi biroz qiyin masala. Parijda qolib, Chempionlar Ligasini yuta olmaslik esa, Neymar uchun eng ayanchli variant hisoblanadi.
4. Antuan Grizmann, “Barselona”
40 mln evro (120 – 80 mln evro)
Grizmann katta umidlar bilan Kataloniyaga kelgan edi. Ammo jamoaning etakchisi boshqa va uning “Barselona”da juda katta roli borligi Antuanga xalal berdi. Har holda, hozircha shunday deyish uchun asos etarli. Omadsiz o‘tgan mavsumdan keyin o‘ziga kelishi kutilayotgan frantsuz La Liganing ortda qolgan 3 uchrashuvida birorta golda qatnashmadi. O‘zi uchun to‘langan 120 mln evroni oqlashga harakat qilayotgan futbolchiga bosh murabbiy keyingi bellashuvlarda imkon berishiga hech kim kafolat bermaydi. O‘yindan o‘yinga nimalarga qodirligini isbotlab kelayotgan Fati, tobora o‘z darajasiga qaytayotgan Koutino kabi futbolchilar bilan raqobatda Grizmannga oson bo‘lmasligi aniq.
3. Lionel Messi, «Barselona»
40 mln evro (140 – 100 mln evro)
Umuman olganda, Messi yomon harakat qilmayapti. Shunchaki, yosh faktori uning narxi pasayishida asosiy rol o‘ynamoqda. Leo avvalgidek reydlar amalga oshirishni biroz kamaytirgan, o‘ning o‘rniga jamoadoshlariga ideal uzatmalar berayotgan bo‘lsa-da, uning transfer qiymati 33 yoshli futbolchi uchun yomon emas. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich Krishtianu Ronalduda 60 mln evroni tashkil etmoqda va u argentinalik raqobatchisidan 2 yoshga katta, xolos. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, narx belgilashda klubning ushbu futbolchiga nechog‘lik bog‘lanib qolganligi ham inobatga olinadi. Demak, “Barsa” muxlislari Messining bu narxidan juda xafa bo‘lishlari ham adolatdan emas, nazarimizda.
2. Kepa Arrisabalaga, “Chelsi”
42 mln evro (60 – 18 mln evro)
“Aristokratlar”ning erka posboni qachondir reytinglarning yuqori pog‘onalarini egallashiga chin dildan ishongan ko‘rinadi, bizning ro‘yxatimizda unga 2-o‘rin nasib qildi. Bundan tashqari, Kepa dunyoning eng qimmat darvozaboni hisoblanadi. Ammo u o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash o‘rniga, katta xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Uning narxi va o‘yinidagi pasayish paralell. Bejizga londonliklar rahbariyati Kepa o‘rniga boshqa nomzod xarid qilmadi. 25 mln evrolik Eduar Mendi 80 mlnga sotib olingan Arrisabalaganing joyini olib qo‘yishi biroz achinarli holat, albatta. Biroq bu ispaniyalik posbonni o‘z ustida ishlashga majbur qila olsa, biz “Chelsi” asosiy tarkibida Mendini ko‘rishga umid qilamiz.
1. Eden Azar, “Real”
60 mln evro (120 – 60 mln evro)
Uning haqiqiy transfer summasi 150 mln evrodan ham baland ekanligi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Ammo ortda qolgan vaqt oralig‘ida belgiyalik futbolchi bu pullarni o‘ndan birini ham oqlay olmadi, deyishga haqlimiz. U oxirgi golini 1 yildan ham ko‘p vaqt oldin kiritgan edi. Katta umidlar bilan Madridga olib kelingan Azar uchun ilk mavsum faoliyati davomidagi eng omadsizlaridan biri bo‘lgani shubhasiz. Qo‘shimchasiga, uning jarohatlari bu mavsumda ham unga xalal berishni boshlab yubordi. Ronaldu o‘rniga olib kelingan futbolchi dastlabki 3 ta “el-klasiko”ni o‘tkazib yuborishi “Qirollik klubi” ishqibozlariga yoqmasligi aniq. Narxdagi kamomad esa, bundan ham kamaymasligi uchun Azar oldida uzog‘i 1-2 mavsum bor.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar