Messini tarbiyalagan murabbiydan Osiyo chempionligigacha-futbolning «qatarcha» rivojlanishi (Erkin G‘aybullaev tahlili)

  • 19 mart, 2019, 15:17
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

U erda Messini kashf qilgan murabbiylar ishlamoqda

Tecno

80-yillar oxirida Quvayt neft kapitaliga suyanib SSSR bilan ko‘rgazmali o‘yinlar o‘tkazdi, cho‘lni yashil rangga bo‘yab tashladi va hatto Platinini ham qaytarishga erishdi. Mishel Platiniga faoliyatini qayta tiklashi uchun “og‘ziga siqqan pul”ni to‘ladi va uni yarim taymga arabga aylantirib qo‘ydi. Hozirda Quvayt FIFA reytingida 158-o‘rinda bormoqda.

2019-yil yanvarida Qatar Osiyo Kubogida qit’aning eng kuchli termalarini chiqarib yubordi, finalgacha etib bordi va unda kimsan Yaponiyani 3-1 hisobida “er tishlatdi”.

Yaponlarni “kuchli beshlik”, “Red Bull” va “Galatasaroy” kabi Evropada nomi chiqqan jamoalari vakillari olg‘a boshlab bordi. Qatar tarkibida esa hatto Osiyoda ham taniqli bo‘lmagan bolakaylar javlon urdi. Ularning tarjimayi holida millat punkti mos kelmasada, muhim jihat ularning birlashtirib turardi: bu Aspire Academy bitiruvchilari ekanligi.

Qatar “xonakilashtirish”ni boshladi, ammo uslubni o‘zgartirdi

Qatar o‘tgan asrning oxirigacha tilla va marvaridlar qazib olish ortidan kun ko‘radigan kambag‘allarga to‘la mamlakat edi. 1970-yilda mamlakat o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritdi va neft sanoatini milliylashtira oldi. O‘tgan asrning oxiridan boshlab faol tarzda rivojlanib bordi va 2019-yilda jahonda aholi jon boshiga YaIM ga ko‘ra 6-o‘rindagi davlatga aylandi.

Mamlakatning 88% mehnat migrantlari hisoblanadi. Mahalliy kishilar neft eksportidan ulush oladi, shu tufayli ular yoki ishlamaydi, yoki milliy va shaxsiy biznes-loyihalarda boshqaruv organlarida o‘tirishadi. Shu bilan bir qatorda ular neft va gaz umrbod emasligini tushunishadi va diversifikatsion iqtisodni tuzishadi. Evropalik aviakompaniyalar va yirik shaharlarda ko‘chmas mulklarni sotib olishadi, turistik infrastruktura va metallurgiyani rivojlantirishadi.

Qatar neftga «qaram» bo‘lishni xohlamaydi

Sport Qatarning mashhurligi va obro‘sini dunyoda oshirish rejasiga kiradi. 90-yillar oxiridan ular top sportchilarga faol tarzda pasport tarqatish bilan shug‘ullandi. Gandbol bo‘yicha turli millat vakillaridan tarkib topgan kuchli terma jamoani tuzdi. Og‘ir atletika bo‘yicha dovrug‘ taratdi. Keniyalik stayer-rekordchi Stiven Cherononi “mahalliylashtirdi”. U garchi faoliyatini tugatganiga ancha bo‘lgan bo‘lsada, Qatarda umrining oxirigacha har oy 1000 dollar oladi.

Futbol dasturi darrovgina umumiy kontseptsiya bilan mos tushmadi. Boshida Qatar bir necha lotin amerikaliklarni “xonakilashtirdi” va hatto “Verder” to‘purari Ailtonni ko‘ndirdi. Braziliyalik futbolchi arablarni 1.4 million evro evaziga 2006-yilgi Jahon Chempionatiga olib chiqishga rozi bo‘ldi, ammo FIFA fuqarolikni almashtirishni ta’qiqlab qo‘ydi.

O‘shanda Qatar futbolni rivojlantirishga bo‘lgan uslubini o‘zgartirdi.

Aspire uch qit’ada ishlamoqda va ispancha futboliga urg‘u bermoqda

Djasim Al Tani Qatarning voris shahzodasi edi, ammo 2003-yilda kichik ukasining foydasiga taxtdan voz kechdi. Bunday ishlardan forig‘ bo‘lgach qudratli shayx bor e’tiborini futbolga qarata boshladi. 2004-yilda uning tashabbusi bilan Aspire Academy tashkil etildi.

Tanqidchilar Qatar 2022-yilgi Jahon Chempionatiga mezbonlik qilish uchungina akademiyani rivojlantirmoqchi deya baholadi. Ammo saylovlarda yutib chiqqanidan keyin ham investitsiya hajmi o‘zgarmasdan qolaverdi. Djasimning o‘ylari omadsizroq chiqdi. U ko‘rfaz bo‘yidagi cho‘lni raqobatbardosh futbol maydonlariga aylantirish edi.

Muammo shunda ediki, qatarliklar jami 313 ming kishini tashkil qiladi. Ya’ni Vologdadagi aholi soni bilan teng. Mahalliy aholi esa shunchalar sportga qiziqmaydiki, gasterbayterlarga mahalliy chempionatni kuzatishlari uchun har bir o‘yinga deyarli 8 dollardan pul beradi.

Futbolga qiziquvchilar uchun esa bolalikdan ta’minlanadi va pul topish doimiy mashg‘ulotlarga ehtiyoj sezmaydi.

Bunday shartlarda o‘yinchilarni etishtirish imkonsiz, shuning uchun Djasim boshqacha yo‘ldan bordi. Mavjud resurslardan maksimum foydalanish uchun shayx mashhur bolalar murabbiylari, fizioterapevt va psixologlardan iborat jamoa to‘pladi. Ular sportchilarni atletika, qilichbozlik, stol tennisi, gimnastika va skuashga tayyorlay boshlashdi.

Futbol yo‘nalishini La Masiyaning sobiq direktori va skauti, “Barsa” uchun 13 yoshli Messini kashf qilgan Xosep Kolomer boshqardi. Kolomer “Barsa”daligidayoq navbatdagi “Messi” Afrikada paydo bo‘lishiga ishonchi komil edi. Uning fikri kelajakdagi qidiruv yo‘nalishini belgilab berdi. Ammo akademiya mahalliy yig‘indan o‘z ishini boshladi.

“Biz Qatar klublaridan eng kuchli yoshlarni saralab oldik va ularni milliy terma jamoaga tayyorladik” – deya xotirlaydi terma bosh murabbiyi Feliks Sanches Bas. “Bizda klub yo‘q edi, shu tufayli dam olish kunlari tarbiyalanuvchilar o‘z jamoalari uchun o‘ynashardi. Ammo ustuvor vazifa doim akademiya edi. Agar biz turnir uyushtiradigan bo‘lsak, futbolchilar o‘z klublariga emas, biz uchun o‘ynardi.”

Aspire – milliy loyiha edi, shu bois raqobat yo‘q edi. Bundan tashqari klublarning o‘zi bizga eng iqtidorlilarni taklif qilardi. Qidiruv oson edi, boisi Qatarda 16 jamoa bor va ularning bari bitta shaharda joylashgan.

Umumiy metodologiya birdaniga paydo bo‘lmadi. Futbol bo‘limida Ispaniya, Gollandiya va Germaniyadan murabiyylar ishlardi. Ularning har biri o‘zlariga xos uslubni ustun qo‘yardi. Bu “Real Sosedad”ning sobiq murabbiyi va direktori kelguncha davom etdi. U tayyorgarlikning umumiy kontseptsiyasini ishlab chiqdi. U to‘p nazorati va hujumdagi o‘yinga kuchli e’tibor qaratadigan ispancha futbolga asoslandi.

Skautlar tezda uqib olishdi va kontseptsiyalarini o‘zgartirishdi. 2007-yilda akademiya Aspire Africa loyihasini ishga tushirdi. Tanqidchilar Qatar Afrikaning eng iqtidorlilarini “mahalliyshtirish” rejalari haqida gapira boshlashdi. Ammo eng kuchli tarbiyalanuvchilar o‘z fuqaroliklarini saqlab qoldi va hozirda o‘z terma jamoalari uchun o‘ynashmoqda. Kolomer afrikaliklarni raqobatni kuchaytirish va akademiya ichida qarshilikni oshirish uchun olib keldi. Albatta tarbiyalanuvchilar sonini oshirish ham ko‘zlangan maqsad edi.

Akademiya kichik shaharlarda va qishloqlarda minglab musobaqalarni moliyalashtirdi. Afrika radio va TVda ommaviy reklamalarni o‘tkazdi. Aspire texnologiya etib bormagan va tashqi dunyodan uzilib qolgan joylargacha kirib bordi. U erlarda turnirlarda qatnashish uchun plakatlar osib qo‘yildi. Hatto bitta murabbiyni o‘g‘irlab ketishdi va uni sakkiz soat so‘roq qilishdi. Nigeriya hukumatiga loyiha shubhali tuyuldi.

Bir yil mobaynida Aspire Marokash, Kamerun, Nigeriya, Senegal, Gana, Keniya va JARda 450 ming bolakaylarni ko‘zdan kechirdi. Har bir mamlakatdan 50 tadan odam tanlab olindi. Ular haftalik musobaqalarda o‘ynashdi va shundan 42 tasi (har bir chiziq uchun uchtadan) Dohaga jo‘natildi.

Afrikalik bolalar Aspire o‘ylaganidan ham ancha iqtidorliroq chiqishdi. Ammo yakunda o‘rtacha yigirma kishi stipendiyaga loyiq ko‘rildi va Dohada qoldirildi. Qolganlarni esa akademiyaning Senegaldagi Sali filialiga yuborishdi. Bolalar muntazam ovqatlanish, kiyim-kechak, tibbiy xizmat va ta’lim olishdi. O‘z vatanlariga bepul samolyot biletlaridan tashqari har oy bir necha yuz dollar miqdorida “maosh” berib borildi. Yiliga 5 ming dollar esa ularning ota-onalariga yuborildi.

O‘shandan beri akademiya Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasinig 17 mamlakatlarida 17 milliondan ortiq bolakaylarni kuzatishdi. Aspire ning 40 dan ortiq stipendiatlari o‘z mamlakatlarini turli yosh kategoriyalarida o‘ynashga ulgurdi.

Senegal kampusi tarbiyalanuvchilari esa 2013-yilda Messi bilan tanishishdi. Yulduz u erga bezgakga qarshi kurashishi kampaniyasida ishtirok etish uchun kelgandi. Aspire Afrikaning har bir joyida tibbiy markazni ochdi va 400 mingdan ortiq anti-chivin haltachalarini tarqatdi.

Tarbiyalanuvchilarni yo‘qotmaslik uchun Aspire Ispaniya va Belgiyada klublar sotib oldi

Rahbariyat oldida yangi vazifa 2010-yilda birinchi “qaldirog‘lar” tayyor bo‘lganida paydo bo‘ldi. Boshqa mashhur akademiyalardan farqli o‘laroq Aspire ning biror klubga tegishliligi yo‘q. Tarbiyalanuvchilarga biror klubga borish imkoniyati yo‘q edi. Ular osonlika Qatar jamoalariga taqsimlasa bo‘lardi, ammo liga na daraja, na obro‘ borasida ajralib turmasdi.

Xosep Kolomer va Andres Bleyxer (o‘sha vaqtda akademiya direktori) da qat’iy fikr tug‘ildi: Aspire bitiruvchilari o‘ynay oladigan Evropa klubini sotib olish. Xo‘jayinlar tezda Evropa Ittifoqidan bo‘lmaganlarga cheklov qo‘yadigan Angliya, Frantsiya, Ispaniya va Italiya variantlaridan voz kechishdi. Tanlov Belgiya va Portugaliya o‘rtasida bo‘ldi. Belgiya bir necha faktor tufayli ko‘proq mos tushardi: avvalo afrikalik tarbiyalanuvchilarga frantsuz tilida gaplashuvchi mamlakat varianti yaxshiroq edi, ikkinchidan Belgiya pasportini uch yildayoq olsa bo‘lardi.

Bryussel yosh futbolchilarni qo‘llashi mumkin edi. Shu tariqa ular “Eypen”da to‘xtalishdi. Mer va aholini ko‘ndirishdi (ko‘pchilik mahalliy autsayder klubni sotilishiga qarshi edi). Klubning 4 million evrolik qarzlarini to‘lashdi va o‘z yoshlarini olib kelishdi. Albatta noroziliksiz amalga oshdi deya olmaymiz. Jamoaning qariyb eski tarkibi sotib yuborildi va o‘zinikilarga joy bo‘shatishdi.

2015-yilda Aspire Ispaniyaning “Kultural Leonessa”sini 1.7 million evroga sotib oldi. Ammo “Eypen” Qatar akademiyasining “cho‘ntak” klubiligicha qolmoqda. Eng sara bitiruvchilar raqobatbardosh belgiya futbolida chiniqmoqda. Evropadagi tezlik va intensivlikka moslashib borishmoqda. Ayni vaqtda akademiya futbolchilar bilan aloqalarni saqlab qolmoqda.

Buning uchun qatarliklar faqatgina klub sotib olishmagan. Ta’limni tugatgan barcha bitiruvchilarga majburan agent biriktirib qo‘yilgan. Hammasiga bir kishi – Senegal filialining sobiq direktori Lamin Savan tayinlangan. U futbolchilarga emas, Aspire ga ishlaydi. Maoshini ham akademiyadan oladi. Rasman qatarliklar tarbiyalanuvchilarining faoliyatini nazorat qiladi, ularning transferlari va ehtimoliy nizolarni boshqaradi. Shartnoma bo‘yicha muammolar yo‘q. Boisi agent akademiyani himoya qiladi, futbolchilarnimas.

G‘arb matbuoti esa bunday narsalar uchun akademiyaga bosim uyushtirmoqda. 2007-yilda The Observer buni “insoniylik niqobi ostida odam savdosi” deya yozgandi. Gazetaning tarbiyalanuvchilarni “xonakilashtirish” shubhalari o‘zini oqlamadi. 2014-yilda Irish Times “Orzular yoki ekspluatatsiya kademiyasi?” sarlavhali maqolani nashr qildi. Zepp Blatter ham Aspire dasturini ekspluatatsiya deb atadi. Ammo shaxsiy tashrifidan so‘ng o‘z so‘zini qaytib oldi.

“Mening oilam Kataloniyadagidek yashashmoqda” – deya tushuntiradi terma jamoa murabbiyi Feliks Sanches Bas. “Garchi qatarliklar dindor bo‘lishsada, boshqa madaniyatni hurmat qilishadi. Mast holatda avtomobilni boshqarishni qattiq jazolashsada, g‘arbliklar barchasini juda bo‘rttirishadi. Gazetalar Qatarga qarshi juda yomon narsalarn yozishadi. Haqiqat esa yozilganlardan ancha farq qiladi.”

Qatar Osiyo Kubogini yutdi, afrikalik tarbiyalanuvchilar Evropada javlon urmoqda

Fevralda Aspire ning 10 tarbiyalanuvchisi Osiyo chempionlariga aylanishdi. Ular orasida “Villyareal” vakili tezkor vinger Akram Afif va turnir to‘purari Almoez Ali bor. Finalda o‘ynagan besh futbolchi bolaligidan Feliks Sanches Basda tarbiya topgan.

Feliks Aspire ga 2006-yilda o‘tdi. Ungacha La Masiyada 10 yil ishladi. U erda Deulofeu va Serdji Robertoni shug‘ullantirdi. Bas o‘smirlar bilan ishladi, 2014-yilda ular bilan Osiyo Kubogini yutdi. Feliks o‘quvchilari kabi akademiya bilan birga rivojlandi.

“Bizga o‘yinni nazorat qilish yoqadi, ammo biz Qatar ekanligimizni tushunamiz” – deya izohlaydi ispaniyalik murabbiy. “Agarda biz hammamiz bir xil o‘ynagamizda ilk bosqichlardayoq chiqib ketgan bo‘lardik. O‘rganishga majbur bo‘ldik, o‘yinning turli qismidan foydalandik”.

Shu bilan birga Aspire ning eng kuchli tarbiyalanuvchilari Qatar uchun o‘ynamasligi tilga olish kerak. 20 yoshli senegallik Mussa Vage Rossiyada bo‘lib o‘tgan JChning kashfiyoti bo‘ldi. “Barsa” tezkor va kuchli qanot futbolchisini 5 million evroga sotib oldi. Genri Onenkur uchun ikki yil avval Evropa top-klublarining yarmi kurashdi. U ayni vaqtda “Tottenxem”ga tegishli va “Galatasaroy”dagidan ancha ko‘p gol urmoqda.

***

Yigirma yil avval Qatar Quvayt izidan borgandi, ammo vaqtida yulduz-nafaqaxo‘rlar va ma’nosiz ko‘rgazmali o‘yinlardan voz kechdi. Ommaviy xonakilashtirishdan poydevorni mustahkamlashga e’tiborni qaratdi va osiyo futbolining etakchi kuchiga aylandi. O‘nlab tarbiyalanuvchilar o‘z terma jamoalarida o‘ynashmoqda.

 

Andrey Kleщenokning sports.ru saytidagi maqolasidan foydalanildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
23/03/2019 00:10
Ана шундай иш олиб борилса, 5-10 йил утиб, бизда хам футбол булади.