
"Metallurg" 4 nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Ulardan uchtasi legioner
Mamlakat XXXIII milliy chempionati arafasida Bekobodning "Metallurg" jamoasi o‘z tarkibini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Qishki transfer oynasi ochilishi hamon klub rahbariyati to‘rt nafar futbolchi bilan kelishuvga erishdi. Ulardan uch nafari xorijlik, bir nafari esa O‘zbekiston futbolchidir.
Superliga-2023 mavsumi yakunida "Metallurg" jamoasi bilan shartnoma muddatini yana uch yilga uzaytirgan bosh murabbiy Vesko Steshevich ikki nafar hamyurtini Bekobod klubida o‘ynashga ko‘ndirdi. Ularning har ikkalasi hujumkor futbolchilar ekanligi e’tiborga molik. O‘tgan mavsumni Litvaning "Jalgiris" (Vilnyus) jamoasida o‘tkazgan Marko Milichkovich markaziy hujumchi ampluasida ko‘proq maydonga tushadi. Chernogriyaning "Arsenal" klubidan kelayotgan Boban Djordjevich esa ko‘proq hujum ortida o‘ynaydi. Jamoaning hujumlarini tashkil etish va imkon tug‘ilishi hamon boshlangan kombinatsiyani yakunlashni xush ko‘radigan Boban "Metallurg"ning oldingi chizig‘ini kuchaytirishi kutilyapti.
"Metallurg", shuningdek, o‘zbek futbol ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan yarim himoyachi Sirojiddin Qo‘ziev bilan ham kelishuvga erishdi. "Nasaf", "Mash’al", "Neftchi" klublarida o‘ynagan Sirojiddin Qo‘ziev o‘tgan yili Malayziyaga yo‘l olgan va "Kuching" jamoasiga o‘tgandi. U mazkur klub bilan birgalikda Malayziya chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Keyingi yildan e’tiboran esa yana Superligaga qaytishga qaror qilgan Qo‘ziev "Metallurg"dan tushgan taklifga rozilik bildirdi.
Bekobodliklarning himoya chizig‘ida esa tajribali Davronjon Ergashev paydo bo‘layapti. "Bunyodkor" bilan shartnomasi tugab, erkin agentga aylangan Tojikistonlik futbolchi ham faoliyatini "Metallurg" bilan bog‘lashga qaror qildi. Shuning barobarida bekobodliklar legioner o‘yinchilar limitidan to‘liq foydalanib bo‘lishganini ham qayd etish lozim.
Fikrlar