"Metallurg" o‘rtoqlik uchrashuvida "Jetisu"ni taslim qildi

  • 11 fevral, 2024, 02:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Turkiyaning Antaliya shahrida qishki yig‘inni davom ettirayotgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi bu safar Qozog‘iston Premer ligasi vakili – Toldiqo‘rg‘onning “Jetisu” jamoasiga qarshi to‘rtinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi va irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.

O‘yin bekobodliklar uchun o‘ta omadsiz boshlandi. Toldiqo‘rg‘onliklarning birinchi hujumiyoq darvozaning ishg‘ol etilishi bilan yakunlandi. O‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatib berilgan to‘pni himoyachimiz yopa olmadi va “Jetisu”ning qanot hujumchisi ortiqcha qiyinchiliksiz darvozani nishonga oldi.

O‘tkazib yuborilgan goldan “Metallurg” futbolchilari tushkunlikka tushishmadi. Aksincha to‘p nazoratini to‘liq o‘z qo‘liga olgan Vesko Steshevich shogirdlari shimolliklar darvozasi yonida ketma ket xavfli vaziyatlarni sodir etishdi. Shunday hujumlardan birida “Jetisu” himoyachisi o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pga qo‘li bilan o‘ynadi. Penaltini Boban Jorjevich aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi – 1:1.

Tanaffusdan so‘ng ham o‘yin stsenariysi o‘zgarmadi. Tashabbus to‘liq Toshkent viloyati vakillari tomonida bo‘ldi. 64-daqiqaga kelganda “Metallurg” hisobda oldinga chiqib oldi. O‘ng qanotdan to‘pni Shahzodbek G‘ofurbekov jarima maydoni ichiga etkazib berdi. Boban Jorjevichning zarbasini qozog‘istonliklar qaytarishgandek edi. Ammo jarima maydoni ichida paydo bo‘lgan Sirojiddin Qo‘ziev to‘pni darvoza to‘riga to‘g‘rilab qo‘ydi – 2:1. Shu tariqa “Metallurg” Turkiya safaridagi birinchi g‘alabasini tantana qildi.

Endi "Metallurg" a’zolari Antaliyadan Belek shahriga ko‘chadi. Bu erda ham bekobodliklar kundalik mashg‘ulotlardan tashqari nazorat o‘yinlarida maydonga chiqishni rejalashtirishgan.

Nazorat uchrashuvi
“Metallurg” (Bekobod) – “Jetisu” (Toldiqo‘rg‘on) – 2:1 (1:1). 10 fevral 2024 yil. Antaliya. “Nirvano Kosmopolitan” sport majmuasi futbol maydoni.
Gollar: Boban Jorjevich (25-p), Sirojiddin Qo‘ziev (64)
“Metallurg”: Akmal Ortiqov, Ergash Ismoilov, Rizo Yazdando‘st, Davron Ergashev, Shahzodbek G‘ofurbekov, Xudoyshukur Sattorov, Sardor Abduraimov, Sirojiddin Qo‘ziev, Marko Milichkovich, Daler Sharipov, Boban Jorjevich.

"Metallurg" matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!