Mirjalol Qosimov: "Darvozabonlarni ham xato qilishga haqqi bor"

  • 10.05.2025 22:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Superliganing 9-turida OKMK safarda “Qo‘qon-1912”ni 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuvdan so‘ng matbuot anjumanida OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.

- Asabiy o‘yin bo‘ldi. Har doim aytganman: vodiyda, shu jumladan Qo‘qonda ham o‘ynash oson emas. Birinchi bo‘limda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi va hisobda oldinga chiqib oldi. Shunga qaramasdan yigitlarimiz irodali g‘alabaga erishishdi. Ularga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu erda Qo‘qon jamoasiga qarshi o‘ynash har doim og‘ir kechgan. Yutganimizdan xursandman.

- OKMK so‘nggi paytlarda g‘alabali seriyani qayd etyapti. Zaxiradan maydonga tushayotganlar o‘yinni kuchaytiryaptimi yoki boshqa siri bormi?

- Boshqa siri yo‘q. Hammani maqsadi, maydonga tushgan futbolchilarim chiroyli o‘yin ko‘rsatish va muxlislar uchun o‘ynash.

- O‘zbek futbolida hakamlar saviyasini oshirish maqsadida kurslar ochildi. Shularga futbolni yakunlaganlarni jalb qilib, hakam sifatida tarbiyalasak yaxshi bo‘lmaydimi? Masalan, Nikita Mustafin, Rustam Lutfullin, Asker Najafaliev kabi hakamlar futbol o‘ynashmagan. Faoliyatini yakunlangan futbolchilardan hakamlar chiqarsak foyda bo‘larmikin?

- Savolingiz uchun rahmat. Menimcha, O‘zbekistonda futbol o‘ynamagan erkak kishi bo‘lmasa kerak. Hamma o‘ynagan. Baribir futbol maktablariga borishgan. O‘ylaymanki, hozirda eshitishimga qaraganda, hakamlarning akademiyasi ochilgan. Bu kelajakda o‘z samarasini beradi, yaxshi hakamlar chiqadi. Bilmadim, saviyasi deb qaysi sababdan aytyapsiz?! Hakam o‘yinni boshqarayotganida o‘yin tizginini buzib qo‘ymasligi kerak. O‘zini rahbarlari, qo‘mitasi va hakamlarni ustozlari bor. Ular ham issiq jon. Hayotda hamma xato qiladi, Parvardigordan boshqa! Ishlamagan xato qilmaydi. Ularga baho berish menga emas. Men o‘z yigitlarimga baho berishim mumkin. Raqib jamoaga ham baho bera olmayman. Qancha yaxshi futbolchilar chiqsa va shuncha ko‘p hakamlar chiqsa ham biz xursand bo‘lamiz. Nimagaki, xalqaro musobaqada ishtirok etishsa, baribir bayrog‘imizni ko‘tarishadi va hakamlarimizga ham ishqibozlik qilamiz.

- “Qo‘qon-1912”ning goli vaqtida darvozabon to‘pga chiqishda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Buni qanday baholaysiz?

- O‘yinlar orqali toblanib boradi. Masalan, undan oldin ham xatolar qilgan. Bir-ikki vaziyatda himoyachilarni “straxovka” qilishi kerak edi. Ikkinchisi shu gol. Shu narsa signal bo‘lgandi. Darvozabonlarni ham xato qilishga haqqi bor. Shu orqali keyingi uchrashuvlarga xulosa chiqarib, bartaraf qilishi kerak. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!