Mirjalol Qosimov: "Futbolda taltayish kerak emas"
O‘zbekiston Superligasining 28-turidan o‘rin olgan OKMK – “Navbahor” (3:1) uchrashuvidan keyingi matubot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. “Konchilar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Yana ikki xil bo‘lim ko‘rdik. Uchrashuvning birinchi bo‘limini yaxshi o‘tkazdik, vaziyatlar yaratdik, gollar urdik. Ikkinchi 45 daqiqalikni ham yaxshi boshladik. “Navbahor” darvozaboni bir nechta goldan qutqarib qoldi. Keyin esa nima uchundir o‘yinni tashlab yubordik. Ikkinchi bo‘limning yarmidan keyin yaxshi harakat qila olmadik. O‘z darvozamizdan to‘p ham o‘tkazib yubordik. Agar raqib ikkinchi to‘pni kiritganida, o‘yin tizgini umuman o‘zgarib ketishi mumkin edi. O‘zbek bo‘lganimiz uchun ham shu narsani yo‘q qilib bo‘lmayapti. Juda erta xotirjamlikka berilib qolyapmiz. Vaholanki, shogirdlarimga ishonaman, biz oxirigacha o‘yin ko‘rsata olamiz. G‘uzorda “Sho‘rtan” bilan ham shunday bo‘lgandi. U erda ham xotirjamlikka berilib, buning oqibatida xato qilib yutqazib qo‘ygandik. Futbol esa xatolarni kechirmaydi. Doim oxirigacha xushyor turish kerak. Endi qisqa ta’tilga chiqamiz, FIFA kunlari boshlanadi. So‘ngra yana yig‘ilib, mashg‘ulotlarni davom ettiramiz.
- Umumiy mavsumni oladigan bo‘lsak, OKMK chempionatni juda yaxshi boshladi, bir nechta kambeklar guvohi bo‘ldik, jamoa turnir jadvalida peshqadamga ham aylandi. Lekin shundan so‘ng ikkinchi davraga kelib, pastga sho‘ng‘ish kuzatila boshlandi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
- Hammasi “Sho‘rtan” bilan bellashuvdan keyin boshlandi. Uchrashuv qoldirildi, keyin boshqa payt o‘tkazildi, 0:0 o‘ynadik va hammasi shu bilan boshlandi. Futbolda taltayish kerak emas, doim erda yurish kerak. Ko‘pincha turnir jadvaliga qarab, hozir bemalol yutamiz, deb o‘ylaymiz, lekin bunday emas. Har bir raqibni hurmat qilish shart. Qaysi yutuq osonlikcha qo‘lga kiritiladi, hech biri. Shuning uchun imkonim bo‘lganida, futbolchilar miyasiga kirib, nima xayolda ekanliklarini bilgan bo‘lardim, deb bekor gapirmadim. Bizga barqarorlik etishmadi. O‘yin paytida o‘zingni o‘zgartirishing qiyin, bunga o‘yindan oldin ruhan tayyorlanish kerak. Hozir maydonga chiqib, undoq qilaman, bundoq qilaman, degan bilan ish bitmaydi. Raqib ahmoq emas, ular ham qarab turmaydi. Jadvaldagi yuqori jamoalar bilan yaxshi o‘ynadik, biroq o‘zimizdan pastdagilar bilan o‘ynay olmadik.
- Kelasi yil jamoa tarkibi ancha yosharar ekan, degan gaplar quloqqa chalindi...
- Futbolda hamma narsa tabiiy bo‘lishi kerak. Mish-mishlar esa doim bo‘lgan, hech qachon to‘xtamaydi. Biz har doim sabrli, harakatchan yoshlarga imkon beramiz. Pomidorning ham sun’iysining mazasi boshqacha bo‘ladi, tabiiysi esa umuman boshqa ta’m beradi. Narxiyam boshqacha bo‘ladi. Men buni misol tariqasida aytdim. Yoshlar ham tabiiy katta bo‘lishi kerak. Ular ham kimdandir o‘rnak olib, ulg‘ayishi lozim. Lekin hammasi tabiiy yo‘l bilan amalga oshishi kerak. Birdaniga yoshartirish yaxshi oqibatga olib kelmasligi mumkin.
Bir gal aytgandim: jurnalistlarning ham aybi bor deb. Chunki bizning OAVda ko‘tar-ko‘tar nihoyatda chegarasiz. Sal yaxshi o‘ynab qolsa, darrov yuqoriga ko‘taramiz, yulduz yasab qo‘yamiz. Bitta o‘yinda zo‘r o‘ynab, keyin o‘nta o‘yin o‘tirsa, buning kimga keragi bor? Shuning uchun ham hammasi tabiiy bo‘lishi kerak. Bu albatta, mening shaxsiy fikrim. Agar rahbariyat faqat 17 yoshlilar o‘ynasin, Superligada yursanglar bo‘ldi desa, unda boshqacha ish tutamiz.



Fikrlar