Mirjalol Qosimov "Neftchi"ga qarshi o‘yindan keyin mag‘lubiyat sababi va Kannavaro haqida nimalarni aytdi?

  • 20.10.2025 08:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Superliganing 25-turidagi markaziy o‘yin - “Neftchi” - OKMK bellashuvida mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan keyin olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Ajoyib o‘yin guvohi bo‘ldik. Muhit, muxlislar...Har doim muxlislar uchun o‘ynaymiz deb aytganman. O‘z minnatdorchiligimni bildirib qo‘ymoqchi edim. Maydon sifati va futbol uchun barcha sharoitlar yaratib qo‘yilgan. Yigitlar ham harakat qilishdi. Ajoyib va kurashlarga boy o‘yin guvohi bo‘ldik. Birinchi bo‘limda oddiy vaziyatda qilgan xatoimiz bizga qimmatga tushdi. Futbol shunaqa, aybsiz Parvardigor deyishadi. Xursand qiladigani, hakam qancha vaqt qo‘shib bergan bo‘lsa, oxirigacha kurash bo‘ldi. Muxlislar ham o‘yindan zavq olib ketishdi. Hayot davom etadi. Bu yil chempionatda bir tekisda o‘yin ko‘rsata olmayapmiz. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz va “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz.  

- Stadionda bevosita 15 mingdan ziyod muxlis o‘yinni kuzatib bordi. Atmosfera, muxlislar haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Qaerdan keldim? Hozir nimani gapirdim? Hozir aytdim-ku, atmosfera juda ajoyib bo‘ldi. Maydon sifati va muxlislarga minnatdorchilik bildirdim. Boshqa tilda gapirdim, shekilli-a, menimcha?! Bir-biriga munosib jamoalar va kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Futbol muxlislar uchun.

- Birinchi davrada jamoangizda darvozabonlar bilan bog‘liq muammo mavjud edi. Ikkinchi davrada shu muammoni bartaraf eta oldingizmi?

- Yo‘q, bartaraf eta olmadik. Qo‘qon bilan o‘yinda ham xatoga yo‘l qo‘ydik. Imkoniyatlardan foydalana olmadik. Bu o‘zimiz uchun tajriba bo‘lyapti. Bu yil 3-4 ta darvozabonni tekshirib ko‘rdik. O‘yindan oldin ham shu haqida gaplashganimizda aytgandim, 10-12 ochko yo‘qotdik. Bugun darvozabonimiz yomon turgani yo‘q. Penaltidan gol o‘tkazib yubordik. 9 ochkoimiz bo‘lganida ham biz hozir liderlar orasida kurashayotgan bo‘lardik.   

- Keyingi o‘yin “Nasaf” bilan o‘tadi. Muammolar haqida gapiryapsiz. Bo‘lajak o‘yinga muammolarni qisman yopa olasizlarmi?

- “Neftchi”ga qarshi qanday chiqqan bo‘lsak, bunisiga ham shunday, bizga farqi yo‘q. 15 ta jamoa bilan o‘ynashimiz kerak. Bizni ham o‘zimizga yarasha muxlislarimiz bor. Ular uchun harakat qilamiz. O‘zbeklarda shunday gap bor: to‘ydan oldin nog‘ora chalib bo‘lmaydi. Uchrashuvdan keyin qandaydir xulosa chiqarib, gapirish mumkin. Ishonamanki, shogirdlarim “Nasaf”ga qarshi ham bugungidek yaxshi tayyorlanib, munosib harakat qilishadi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

- Fabio Kannavaroni milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlanganiga munosabatingiz qanday?

- Mutasaddilar bu murabbiyga ishonib, tavakkal qilib berishdi. Ertaga zo‘r bo‘lsa, yana boshqacha gap bo‘ladi. Shuning uchun ishonish kerak. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Jahon chempionatidan keyin qandaydir xulosaga kelish mumkin. Tilni suyagi yo‘q, hamma mutaxassis, gapiraverishi mumkin. Lekin u erda turishni o‘zi bo‘lmaydi.

- Katanets paytida 3-5-2 da o‘ynardi. Kapadze va Kannavaroda 4-3-3 ga o‘tishyapti. Fikringizcha, jahon chempionatida 4-3-3 da o‘ynasa qiynalib qolmaydimi? Raqiblar kuchli bo‘ladi...

- Har bir jamoani o‘rganib boriladi. Hali qur’a tashlangani yo‘q. Qur’adan keyin yordamchilari bor, har bir jamoani, o‘yinlarini ko‘rib chiqishadi. O‘rtoqlik uchrashuvlari o‘ynaydi, kuzatib borishadi. Shunga qarab turib gapiriladi. Masalan, Levchenko ham bir kunda natija bergani yo‘q. Uchinchi yil murabbiy bo‘lib ishlayapti. Ish jarayonida xatolar bo‘ladi, uni ustida ishlashadi. Kerakli pozitsiyaga kerakli futbolchilarni topib olib kelish ham bir jarayon. Terma jamoada ham uchta markaziy himoyachi, 5 ta himoyachi bilan o‘ynash mumkin. To‘g‘ri harakatlanib o‘ynasa bu ham yaxshi sxema hisoblanadi. Maqsad gol o‘tkazib yubormaslik, oldingi chiziqdan foydalana olishsa, bu yomon sxema emas. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
20/10/2025 19:23
такрор ва такрор берилган ахмокона саволларга
энса котирилиб берилган аклли жавоблар