Mirjalol Qosimov: "Nimaga shunaqa savollar beraverishadi?
Superliganing 22-turida OKMK klubi o‘z maydonida Farg‘onaning “Neftchi” jamoasini qabul qilid va 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ushbu bellashuvdan keyin OKMK ustozi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa yaxshi harakatlandi. Bu shunaqa og‘ir o‘yin bo‘lishini kutgandik. “Neftchi” ham yaxshi himoyalanib, qarshi hujumda o‘ynay oladi. Birinchi bo‘limda standart vaziyatdan o‘tkazib yuborgan golimiz qaysidir ma’noda o‘yin tizginiga ta’sir ko‘rsatdi. Shoshqaloqlik qilishni boshladik. Shunda ham birinchi bo‘limda ikkita vaziyatdan foydalanishimiz kerak edi. “Neftchi” darvozaboni Botirali ham darvozasini yaxshi qo‘riqladi. Ikkinchi bo‘limda imkon qadar o‘yin tizginini o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik, vaziyatlar yaratdik. “Neftchi” yaxshi himoyalandi. Futbolda gol urmasang yutishing qiyin. “Neftchi” haqli ravishda yutib ketdi. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Quvonarli tomoni jamoamiz 90+5-daqiqagacha, oxirigacha kurashdi. Buni juda yaxshi sifat deyman. Bu mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- Tarkib bo‘yicha xato qildim, deb o‘ylaysizmi?
- Nimaga shunaqa savollar beraverishadi?! Hech qachon hammaning ko‘nglini olib bo‘lmaydi. Kim tayyor bo‘lsa, o‘shalar harakat qilishdi. Masalan, boshqa tarkibni tushirib, yutqazib qo‘ysak, yana xohlaymizmi-yo‘qmi, tarkibni tushirib adashmadingizmi, degan savol bo‘ladi. Bu yaqqol keraksiz gap-so‘zlar.
- Ikkinchi bo‘limda Rahmonov bilan Ahmadaliev maydonga tushgandan keyin himoya tartibli va yaxshi o‘ynashni boshladi...
- Birinchi bo‘limda ham yaxshi o‘ynadik. Aytyapmanku, standartdan gol o‘tkazib yubordik. Oddiy vaziyatlarda chap tomonda Eldor xatolarga yo‘l qo‘ydi. Gadoev ham shoshqaloqlik qildi. Oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotdik. Shuning uchun birinchi bo‘limdan keyin almashtirdik. Yigitlar yanada yugurib, mehnat qilishdi. Bir-ikkita vaziyatlarda Botirali jamoasini gollardan qutqarmaganida o‘yin boshqa natija bilan ham tugashi mumkin edi. Dilshod urgan gol ham kechroq urildi, deb o‘ylayman.



Fikrlar