
Mirjalol Qosimov "O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik" fondiga 75 mln so‘m o‘tkazib berdi
Shu kunlarda mamlakatdagi barcha soha vakillari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda yordam qo‘lini cho‘zishga harakat qilmoqda.
Jumladan, yurtdoshlarimiz "O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik" jamoat fondining hisob raqamlariga jismoniy yoki yuridik shaxs sifatida mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan o‘z hissalarini qo‘shishga harakat qilishmoqda.
Dunyodagi murakkab vaziyatda o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bahamjihatlik va saxovatpeshalik koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan "O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik" jamoat fondiga beg‘araz hamda beminnat yordamini ayamayotgan katta korxonalar, tadbirkorlar, taniqli va mashhur insonlar tomonidan katta miqdordagi mablag‘lar xayriya qilinmoqda.
O‘z navbatida, mazkur xayrli ishga o‘zbek futboli afsonasi, ayni paytda AGMK jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan mutaxassis Mirjalol Qosimov ham ixtiyoriy ravishda ushbu fondga beg‘araz yordam tariqasida 75 million so‘m mablag‘ni o‘tkazib berdi. Bu haqda esa klub matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha "So‘g‘diyona" klubi futbolchi va xodimlari ham mana shunday xayrli ishga o‘z hissalarini qo‘shgan edilar.
Fikrlar