Mirjalol Qosimov "Sho‘rtan"ga boy berilgan o‘yindan keyin qanday izoh berdi?
“Sho‘rtan” - OKMK (4:3) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov savollarga javob qaytardi.
- Ajoyib o‘yin guvohi bo‘ldik. O‘zimni jamoamga keladigan bo‘lsam, birinchi bo‘limdan keyin yigitlarga hech qanaqa e’tiroz yo‘q edi. Chiroyli, kombinatsion o‘yin ko‘rsatishdi. Tanaffusdan keyin 10 daqiqa ichida ikkita to‘p o‘tkazib yuborishimizni hech kim o‘ylamagandi. O‘ylaymanki, bu ruhiyat bilan bog‘liq. Qaniydi, imkoniyatim bo‘lganida futbolchilarimni miyasiga kirib nima hayolda ikkinchi bo‘limga chiqishdi? Lekin unaqa maqsad qo‘yilmagandi. O‘yinni yanada kuchaytirib, natijani muhrlash edi. Biroq futbol shunisi bilan qiziq. Birinchi gol, qolaversa, penalti. Bu o‘zimizni xatoimiz bilan bo‘ldi. Birinchi golda darvozabonimiz oxirgi epizodda qutqarishi kerak edi. Penalti bo‘lgan vaziyatda buyuk o‘yinchilar ham to‘pni sekin tepib yuborishadi. Avaz esa to‘pni nazoratga olmoqchi bo‘ldi. Oqibatda 11 metrli nuqta va ketidan uchinchi gol. Shunga qaramasdan oxirigacha kurashishdi va hisobni tenglashtirdik. Ammo omad oxirida baribir “Sho‘rtan”ga kulib boqdi. Bu ruhiyat bilan bog‘liq, “Sho‘rtan”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Menimcha, xohish bugun g‘alaba qozonib ketdi.
- “Sho‘rtan” turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. OKMK bu jamoa bilan birinchi davrada 0:0 o‘ynagan. “Sho‘rtan” OKMK uchun noqulay raqibmi yoki...
- Jadvalni qarasa ham kim qanaqa qabul qiladi? Natijaga qarab turib shundoq chiqamiz-u...Lekin futbolni aldab bo‘lmaydi. Futbolda o‘sish uchun quyi pog‘onadami yo yuqori pog‘onadimi, professionalmiz deyishadiyu, shuni oxiriga etkazib o‘ynash kerak, muxlislar uchun. Haqiqatan ishqibozlar ajoyib o‘yin guvohi bo‘lib, xursand bo‘lib ketishdi.
- Oxirgi 5 ta o‘yinni 4 tasida durang va 1 ta mag‘lubiyat. Bu mavsumdagi charchoqmi yoki yigitlar ruhiy tushkunlikdami?
- Bundan tashqari, oddiy epizodlarda xato qilinyapti. Lekin raqib jamoalari bunday xatolarni kechirmayapti. Xatolar juda ko‘p bo‘lyapti. “Sho‘rtan”ga qarshi uchrashuvda ham birinchi, ikkinchi gollarda ham kuzatildi.
- “Sho‘rtan” ikkinchi taymda boshqacha o‘ynadi. Tezkor gollardan keyin reja o‘zgardimi va shu rejaga futbolchilar ko‘nika oldimi?
- Agarda ko‘nikmaganda 3:1 hisobida yutqazayotib tenglashtirmagan bo‘lardik. 10 daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazish o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shunga qaramasdan oxirigacha kurashib natijani tenglashtirdik, to‘g‘rimi? Oxirgi standartdan keyin futbolchimiz to‘pni chiqarib yubormoqchi bo‘ldi, bu yoqda raqib jamoasiga to‘p tegib darvozamizdan joy oldi.
Fikrlar