
Mirjalol Qosimov: "Yo‘nalish ko‘rsatiladi, ammo aravani tortish o‘zlarini qo‘lida"
OKMK klubi Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvda 0:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan keyin olmaliqliklar ustozi Mirjalol Qosimov bir qator savollarga javob qaytardi.
- Ikkala jamoa uchun muhim o‘yin edi. Uchrashuv shiddatli va kurashlarga boy bo‘ldi. “Lokomotiv” ham juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Qolaversa, “Navbahor”ga mag‘lubiyatga uchragandi va biz ham xuddi shunaqa vaziyatda edik. Shuning uchun ikkala jamoa uchun g‘alaba muhim edi. Golgacha o‘yin bo‘ldi. Uchrashuv boshlarida “Lokomotiv”da ham, bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Oxir-oqibat o‘yin oxirlarida gollar urdik. Kim gol ursa o‘sha jamoa yutib ketardi. Xudda shunaqa bo‘ldi. Ochkolar soni ham bir xil edi. Muxlislar ham oxirigacha bahsni kuzatishda davom etishdi. Jamoalar oxirigacha kurashishdi. Yutganimizdan xursandmiz. Turnir jadvalida zichlik. Oldin 6-7 ta turdan keyin kimdir oldinga o‘tib ketardi. O‘yinlar qiziqarli o‘tyapti.
- O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, o‘yin golgacha bo‘ldi. Jamoangiz asosan to‘pga egalik qilishga va pas o‘ynashga intildi. Golgacha “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynash qanchalik qiyin bo‘ldi? Masalan, gol bo‘lmay qolishi ham mumkin edi...
- Yo‘q, hamma narsa bo‘lishi mumkin edi. Masalan, kecha “Nasaf”ni “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvida ham uzun paslar va ko‘p kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. “Bunyodkor” 10 kishi bo‘lib qolishiga qaramasdan shiddatli himoyalandi va kerakli natijaga ega bo‘ldi. Futbol shunaqa, bilib bo‘lmaydi. O‘zimni jamoamga keladigan bo‘lsam, iloji boricha to‘p bilan muomala qilish, qanaqadir ma’no bo‘lishi uchun. Shunaqasini yoqtiraman.
- “Lokomotiv”dagi Anzur Ismoilov, Sanjar Tursunov va Muhammadanas Hasanov OKMKda to‘p surishgan. Ularni o‘yin uslubini bilasiz. Bu narsa sizga ustunlik berdimi?
- Haqiqatan ham qiyinchilik tug‘dirishdi. Sanjarni salohiyatini yaxshi bilamiz, Anzurni ham. Kuchi bor, katta klublarda, milliy terma jamoalarimizda to‘p surishgan. Malaka degan narsa bor. Shuning uchun ham qiyinchilik tug‘diradi. Bugun oson uchrashuv bo‘lgani yo‘q. Ikkala jamoa maydonga faqat g‘alaba uchun chiqishdi. Kim gol ursa o‘sha jamoa yutib ketadigan o‘yin bo‘ldi.
- Odatda OKMK gol kerak paytda, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda qanaqadir “yonib” o‘ynaydi. Bugun garchi ikkita gol urib yutgan bo‘lsa-da, jamoa o‘yinida muammo sezilgandek...
- Har xil o‘yin bo‘ladi. Masalan, yarq etib o‘ynaysizda, ammo mag‘lub bo‘lib chiqib ketishingiz mumkin. Muammo o‘yinchilarimizda bor, qolaversa himoyada. Jarohatlar ham bor. O‘tgan yili jarohatlagan futbolchilar hali ham jarohatidan forig‘ bo‘lmasdan yordam bera olishmayapti. Olimpiya terma jamoamizda masalan Fayzullaev, Erkinov va Xusanov final oldidan ketishdi. Buni ham finalda ta’siri bo‘ldi. Ammo yigitlarimiz zo‘r o‘ynashdi. Haqli ravishda Kubokni Toshkentga olib kelishadi, deb o‘ylagandim. Lekin bunaqa vaziyat bo‘lishini hech kim kutmagandi. Biz ham to‘liq tarkib bilan o‘ynashni xohlardik.
- Bahromov yaxshi taassurot qoldirdi...
- O‘zi yarim himoyachi. Kimdir chiqishi uchun kimdir surib qo‘yiladi. Ha, ko‘p ishlashi kerak, himoyada qiladigan ishlari ham bor. Shunaqa uchrashuvlar orqali toblanib boraveradi. To‘p bilan yaxshi muomala qiladi, birga-bir vaziyatda bemalol alday oladi. Kerakli paytda himoyadan kutilmaganda hujumga chiqa oladi. Raqib jamoasiga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Oyog‘i erdan uzilishi kerak emas. Hali ko‘p ishlash kerak. O‘sib ulg‘aysin, o‘zi uchun harakat qilsin. Ko‘p futbolchilarni kelajagi bor. Hammasi o‘ziga bog‘liq. Yo‘nalish ko‘rsatiladi, ammo aravani tortish o‘zlarini qo‘lida. Sizlar bilan biz o‘ynab bera olmaymiz.
- “Lokomotiv” bosh murabbiyi o‘tgan yili sizni jamoangizda ishlagan. U assistentingiz sifatida sizdan ko‘p narsa o‘rgangan. Uning boshchiligidagi “Lokomotiv”ni mag‘lub etish qanchalik muhim edi?
- Menga farqi yo‘q. Chempionatda 26 ta tur. Ahamiyati yo‘q, avvalo muxlislar uchun yaxshi o‘yin ko‘rsatish va shunday bo‘lsa natija ham bo‘ladi. Malakali futbolchilar ham, yoshlar ham bor. Faqat tezroq muhitga kirishib ketish. Biz yosh, yosh deb ko‘niktirib qo‘ydik. Maydonga chiqdimi, kattalar bilan teng harakat qilaverishi kerak. Farqi yo‘q, u 16 yosh bo‘ladimi yo 40 yoshmi, tayyormi, muxlislarga yoqadigan o‘yinni ko‘rsatishi kerak.
- Hujumchi Rubin Sanches o‘tgan mavsumdan beri o‘ynamayapti...
- Nafaqat u, Gadoev ham. Operatsiya bo‘lgan. Og‘ir jarohat olgan. Vaqt kerak Ba’zida yillar kerak bo‘ladi. O‘zim ham belimni operatsiya qildirganimda bir yildan ortiq o‘ynamaganman. Hammasiga sabr. Sport jarohat bilan. Statistika bo‘yicha futbol dunyo bo‘yicha eng ko‘p jarohat oladigan sport turi hisoblanadi.
- Bugun o‘g‘lingiz gol urdi, chap oyoqda...
- Ishxonada o‘g‘lim emas, o‘yinchi. Uyda, ha o‘g‘lim. Gol urdi, “molodets”, davom ettirsin.
Fikrlar