
"Mo‘minjonov bilan telefonda gaplashdik va darhol kelishib oldik" yoxud "Neftchi"ga o‘tgan Stoykovich nimani va’da berdi?
Ma’lum tanaffusdan so‘ng yana Superligaga qaytgan Farg‘onaning “Neftchi” klubi jiddiy maqsad yo‘lida ishlarni boshlab yuborgan. Kuzatayotgan bo‘lsangiz, ushbu jamoa ham selektsiya ishlarini olib boryapti va shu kunga qadar bir qator yangi o‘yinchilar bilan shartnomalar tuzilganini e’lon qilib kelmoqda.
Bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov o‘z rejalari va o‘yin uslubidan kelib chiqqan holda o‘yinchilarni taklif qilyapti. Tarkibga qo‘shilayotgan futbolchilar mahalliy va xorijlik ijrochilar bo‘lib, ayni chog‘da tarkibdagi raqobat ham sezilarli darajada ortdi, deyishimiz mumkin.
Xabaringiz bo‘lsa, “Neftchi” yaqinda serbiyalik legioner Daniel Stoykovichning transferini e’lon qildi. Rasman farg‘onaliklar o‘yinchisiga aylangan futbolchidan klubdagilarning umidi katta. Bu yil 32 yoshni qarshilaydigan himoyachi faoliyati mobaynida o‘z yurtida “PKB Padinska Skela”, ”Vojdovats”, “Borcha”, “OFK Belgrad”, “Radnik”, qolaversa, Armanistonning “Alashkert”, Belarusning “Neman” hamda o‘tgan yili Qozozistonning “Atirau” jamoalarida o‘ynagan. Ko‘rib turganingizdek, Stoykovich ilk bor O‘zbekiston chempionatiga keldi. Darvoqe, u “Atirau” safida 24 ta o‘yinda 1 ta gol urgan.
Daniel Stoykovich “Neftchi” a’zosiga aylanganidan keyin o‘zining dastlabki fikrlarini bildirdi. Serbiyalik legioner avvalo yangi klubi haqida to‘xtaldi.
“Klubda to‘p surgan serb o‘yinchilaridan yaxshi gaplarni eshitganman. Ular menga jamoada boy tarix borligini va muxlislari ajoyib ekanligi xususida so‘zlab berishgan. Vatandoshlarimning O‘zbekistonda to‘p surish borasida yaxshi tajribalari bor”.
“Neftchi”da Stoykovichdan tashqari yana ikki nafar hamyurtlari – Darko Stanoevich bilan Aleksandr Eshich ham bor. Tabiiyki, yangi futbolchining “Neftchi”ga moslashishida yuqorida nomlari keltirilgan hamyurtlari yaqindan ko‘maklashishyapti. Buning ustiga Danielni klubga bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov taklif qilgan. Bu borada shunday dedi:
“Neftchi” bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov bilan telefonda gaplashdik va Farg‘onada to‘p surishim yuzasidan hammasini darhol kelishib oldik. Shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, menga bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovning falsafasi juda yoqdi. Birgalikdagi hamkorligimiz yaxshi chiqishidan umid qilib qolaman”.
Mo‘minjonov Stoykovichning o‘yinlarini kuzatgan va uning harakatlari murabbiyda juda katta taassurot qoldirgan. Aks holda bu hamkorlik amalga oshmasdi. Murabbiy Danielning “Neftchi”ga foydasi tegishiga ishonyapti. Tan olish kerak, Stoykovich katta tajribaga ega. Faqat yangi jamoasi hamda chempionatimizga qanchalik moslashishini vaqt ko‘rsatadi. O‘z o‘rnida serbiyalik legioner quyidagilarni qo‘shimcha qildi.
“Eng asosiysi, klubdagilarga o‘zimning kuchli jihatlarimni ko‘rsatishni xohlayman. O‘z navbatida bor kuchim bilan to‘p surgan holda jamoaning musobaqa jadvalida iloji boricha yaxshiroq pog‘onalaridan joy olishi uchun harakat qilishga va’da beraman. Umuman aytganda, men Belarus chempionatida Umarov va Yaxshiboevga qarshi o‘ynaganman. Shu bois o‘zbek futbolchilari haqida ham menda harqalay iliq taassurot qolgan.
“Neftchi”ni avvalgi shonli mavqeiga qaytarish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Barcha ushbu klubning boy tarixini biladi. Jamoaning shu kungacha erishgan muvaffaqiyatlari bevosita Yuriy Sarkisyan bilan bog‘liq. Daniel Stoykovich esa klub tarixini o‘rgangani haqida ham gapirdi:
“Ha, Yuriy Sarkisyanning o‘zbekistonlik armani ekanligini va “Neftchi” tarixida chuqur iz qoldirganini eshitganman. Jamoaning tarixini harqalay ancha bilishga, o‘rganishga harakat qilganimni alohida aytmog‘im darkor”.
Fikrlar