
MOQ rahbariyatining hududlarga tashrifi boshlandi
Ma’lumki, joriy yilning 23 may sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida sport ta’limini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyatiga mazkur yo‘nalishda bir qator topshiriqlar berildi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Sportni rivojlantirish vazirligi hamkorlikda tuzilgan reja asosida berilgan topshiriqlar ijrosini hududlar kesimida amalga oshirish ishlarini boshlab yubordi.
Ayni paytda Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov Andijon viloyatida bo‘lib turishibdi.
Ular viloyat hokimligi, sportni rivojlantirish boshqarmasi, BO‘SM, IBO‘SM, OZKlarning mas’ul mutasaddilari, trener va hakamlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida A.Kamilov davlat rahbari tomonidan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan barcha tanqidiy e’tirozlar o‘rinli ekanligi, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun ustuvor vazifalar belgilab berilganligini aytib o‘tdi. Biz birgalikda bu ishlarni samarali tarzda amalga oshirib, mas’uliyat va vijdonan ishlashimiz kerak, deb ta’kidladi so‘z yakunida A.Kamilov.
Tashrif davomida ishchi guruh sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari, federatsiyalar va Respublika oliy sport maxorati maktablari o‘rtasida selektsiya borasida uzviy yangi mexanizmni shakillantirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya zaxiralari kollejlaridan munosib sportchilarning etishib chiqmasligi sabablari, joylardagi mutaxassis va trenerlarning malakasi, yoshlarni sportga jalb qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va selektsiya qilish bo‘yicha milliy chempionatlarning viloyat bosqichini o‘tkazish tizimlarini o‘rganib chiqdi.
Bundan tashqari xududlarda sport turlari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan trenerlar va hakamlarning shaffof - odilona ishlash tizimini yaratish, ularning saloxiyatini hamda ishlash samaradorligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Sherzod Tashmatov, hududlarda yoshlarni sportga jalb etish, ularni saralash bo‘yicha yangi tizim joriy qilish bo‘yicha Prezidentimiz bergan topshiriqlari asosida, dzyudo va taekvondo sport turlari misolida yangi tizim ishlab chiqilganligini qayd etdi va bu tizim mexanizmi bo‘yicha musobaqalarni sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, xar bir hududning tuman va shaxarlarida yosh toifalari bo‘yicha zonalar va sektorlar kesimida musobaqalarni o‘tkazish, mazkur sektorlarga mas’ul trenerlar va mutaxassislarni biriktirish, musobaqalarni boshqarishda shaffof va odilona xakamlik korpuslarini yaratish kerakligi hamda musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan iqtidorli sportchilarni sport maktablari va Olimpiya zaxiralari kollejlariga yo‘naltirish tizimi bilan tanishtirib o‘tdi.
Ushbu ishlab chiqilgan yangi tizim mexanizmi boshqa olimpiya sport turlari bo‘yicha ham zonalar va sektorlar kesimida yoshlarni sportga jalb etish va selektsiya musobaqalari o‘tkazishda qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Fikrlar