Mourino: "Ba’zida chempionlikni qo‘lga kiritish uchun durang o‘ynash kerak"
Portugaliya chempionatining 8-turida "Benfika" - "Portu" jamoalari o‘rtasidagi markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi (0:0). Uchrashuvdan so‘ng Joze Mourino matbuot anjumanida ishtirok etib, bellashuv haqida fikrlarini bildirdi.
"Raqib bizni hurmat qildi va tavakkal qilmadi. Ikkinchi bo‘limda ular bir necha o‘zgarishlar qilganidan so‘ng biz o‘yinni o‘z nazoratimizga oldik va yutqazmadik. "Benfika" g‘alaba uchun o‘ynaydi, ammo chempionlik uchun ham kurashadi. Ba’zida chempionlikni qo‘lga kiritish uchun durang o‘ynash kerak bo‘ladi. Bugungi o‘yin shunday o‘yin ediki, unda g‘alaba uchun intilasiz, ammo mag‘lub bo‘lmasligingiz zarurligini bilasiz. Futbolchilar maydonda diqqatni jamlash va hissiyotlarni boshqarish nuqtai nazaridan o‘zlarini ajoyib tarzda ko‘rsatishdi. Bu yaxshi o‘yin bo‘ldi, gol urishga imkon bo‘lmadi. Bunga kimdir aybdor deb o‘ylamayman, ammo mas’uliyat ikkala jamoaga ham teng taqsimlandi", - dedi portugaliyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Mourino boshchiligidagi "Benfika" ichki chempionatda 8 ta uchrashuv o‘tkazib, 18 ochko jamg‘argan holda, turnir jadvalining uchinchi pog‘onasida bormoqda. Undan yuqori o‘rinlarda "Sporting" 19 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, birinchi o‘rinni 22 ochko bilan "Portu" band qilib turibdi.
Fikrlar