
"Mozgovoyni ketishi biz uchun yo‘qotish, Kojoni ijara puli ham, talablari ham yuqori" - Ro‘ziqul Berdiev yana nimalarni aytdi?
Superliganing 15-turidagi markaziy to‘qnashuvlardan biri Samarqandda “Dinamo” – “Nasaf” ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobi bilan yakun topdi. O‘yindan so‘ng “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida bir qator savollarga javob berdi.
- Ikkita etakchi jamoa bir-biriga qarshi o‘ynagani ko‘rinib turdi. Kurash ham, sifat ham bo‘ldi. O‘yinni tashkil qilish ham yomon bo‘lmadi. Faqat bu uchrashuvda eng bahsli vaziyat VARni bo‘lmaganidir. Bunday o‘yinlarda VAR juda kerak edi. VAR ko‘rib chiqadigan vaziyatlar bo‘lgandi. VARni yo‘qligi o‘yinni bezamadi. Raqib jamoani bilamiz, to‘p bilan yaxshi harakat qiladi. O‘z uyida, muxlislari qarshisida ajoyib futbol o‘ynab kelyapti. Birinchi bo‘limni o‘rtasidan keyin muvozanatni yo‘qotdik. Shuni evaziga ikkita gol o‘tkazdik. Hisobda orqada qolgach, ikkinchi bo‘limda o‘zgartirishimiz kerak edi. Ko‘rdinglar, ikkinchi bo‘limda to‘liq tashabbusga ega bo‘lib, g‘alabani o‘ylab harakat qildik. Afsuski, durang bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limdagi o‘yinimizga qarasak, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Ko‘p hujum qildik, ko‘p vaziyatlar yarata oldik. Yaxshi jamoaga qarshi safarda o‘yin o‘tkazdik. Balki durang uchrashuvga mos bo‘lgandir.
- Akmal Mozgovoy haqida turli gap-so‘zlar yuribdi...
- Akmalga jamoamiz, muxlislar, matbuot nomidan minnatdorchilik bildiramiz. Jamoa uchun bor kuchini berib harakat qildi. G‘alabalarimizga munosib hissa qo‘shdi. Yanada o‘sishga qodir. Biz yigitlarni kelajagini o‘ylab, qaerdadir moliyaviy tarafdan yutug‘i bo‘ladigan bo‘lsa, bu haqida ham kelishilgan. O‘ziga yaxshi taklif bo‘ldi. Klub bilan tuzilgan shartnomasida ham ko‘rsatilgan narsa bor ekan. Jamoamizni tark etishga qaror qildi. Albatta, u etakchimiz, bu biz uchun yo‘qotish. O‘ylaymanki, ichki zaxiramizdan yoki kimnidir taklif qilib bu pozitsiyani yopishga harakat qilamiz.
- “Dinamo” futbolchisi Ratino Mozgovoyning o‘rnini egallaydi, degan xabarlar bor. Shunga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Ko‘p o‘yinchilar bilan muzokara olib boryapmiz. Ratino ham bulardan biri bo‘lishi mumkin.
- Bundan tashqari, Kojoga ham “Nasaf” qiziqayotgani haqida eshitdik...
- Kojoni bilasizlar, uni shartnomasi bor, olishimiz oson bo‘lmaydi. Ijara puli ham, uni talablari ham yuqori. Bu masala biz uchun og‘irlik bo‘lishi mumkin. Bilasizlar, biz ijaraga ko‘p o‘yinchi olib o‘ynatmaymiz, bundan ko‘p naf tegmaydi.
- Murod Rahmatov bilan Cholovich zaxirada ham yo‘q edi. Bundan tashqari, ikkinchi bo‘limda nimaga Golban maydonga tushdi?
- Golban yoshligida hujumda ham o‘ynagan. Ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydi. Qanotdan uzun paslar bilan hujum uyushtirganimizda u kerak edi. Qisman bo‘lsa ham yordami tegdi. Bu variantni mashg‘ulotlarda ham sinab ko‘ramiz. Alibek boradi, u boradi. Oldin Xusniddin borardi. Shuning uchun Golbanni hujumga qo‘yishga qaror qildik. Yo‘qotishlar oldin ham bor edi. Rahmatov yo‘q, Cholovichni jarohati bor. Umarda ham jarohat bor, majburiy o‘yinga qo‘shdik. Tanaffus paytida bu yigitlar tiklanib olishadi.
- Rubin Xebayni birinchi davra oxirigacha olib qolishni imkoni yo‘qmidi? Norchaev o‘rniga nominal hujumchi tushmadi. O‘zingiz aytganingizdek, himoyachi hujumga o‘tkazildi.
- Xebay yaxshi, tajribali hujumchi. Bizga kelganda jarohat bilan va ortiqcha vazn bilan harakat qildi. Shu bois klub u bilan kelishdi va ertaroq ketishga qaror qildi. Oxirgi uchrashuvlarda Rubin deyarli jamoamiz bilan birga emasdi.
- Chempionlikdan ko‘ra chempion bo‘lish qiyin deyishadi. Chempionlikni ushlab turish qanchalik qiyin bo‘lyapti?
- Chempionatimiz juda kuchayib ketgan. O‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar ko‘p. Oldin 2-3 ta bo‘lsa, hozir 7-8 tagacha kurashishyapti. Birinchi davrani kichik ochkolar farqi bilan bo‘lsa ham peshqadam sifatida tugatish salohiyatimizdan bir darak. Oxirigacha kurashamiz, bu vazifa oldimizda bor. Futbolchilar ham maqsad qilishgan. Umid qilamanki, biz uchun hammasi yaxshi tugaydi.
- “Dinamo”ni boshidan baland sakrayotganini aytishyapti. “Neftchi” va “Bunyodkor”ga o‘z maydonida yutqazgandan keyin “Nasaf” futbolchilarida osonlik bilan yutamiz, degan fikr tug‘ildimi?
- Yo‘q, biz hurmat qilamiz. Aytishim kerakki, “Dinamo” jamoasining tarkibini sayoz yoki kuchsiz deb bo‘lmaydi. Salohiyatli o‘yinchilar bor. Ikkinchi yildirki shunday. O‘yinchilarni murabbiylar bilgan holda jamoaga taklif qilishyapti. “Dinamo”ni oldinda borishi tasodif emas. Abramov ikki-uch yildan beri ishlayapti va o‘ziga mos futbolchilarni chaqirib olyapti. Murabbiylarni mahorati va ularni qarashlaridir. O‘tgan o‘yinlarda mag‘lubiyatlarga uchradi. Hozirgi chempionatimizda bunday holatlar bo‘lib turibdi. Faqat “Dinamo”da emas, boshqa jamoalar bilan ham yuz beryapti.
- “Nasaf” birinchi davrada grandlarga qarshi ko‘proq o‘z uyida o‘ynadi. 15 ta turda “Nasaf” qaysi raqibga qarshi ko‘proq qiynaldi?
- Bilmadim, qaerdadir ochko yo‘qotdik yoki mag‘lubiyatga uchratdik. Buni chuqurroq o‘ylab ko‘rish kerak. Uzr, bu haqida o‘ylamabman.
Fikrlar