Muhammadali Aliqulov: "Koreya klubiga o‘tishimga ko‘proq Rustam Ashurmatov sababchi"
“Metallurg” klubi sharafini himoya qilib kelgan Muhammadali Aliqulov faoliyatini endi Janubiy Koreya chempionatida davom ettiradi.
U K2 ligasida “Pusan IPark” jamoasi a’zosiga aylandi. Faoliyatida ilk bor legionerga aylangan himoyachi Sports.uz uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Muhammadali, Koreya klubi bilan shartnoma izlaganingiz yuzasidan tabriklayman. Bu qanday sodir bo‘ldi? O‘zingiz kutganmidingiz yoki barchasi to‘satdan yuz berdimi?
- Rahmat. Ha, qiziqish bo‘lgan ekan. Murabbyilari mening ikkita o‘yinimni to‘liq ko‘rib chiqishibdi. Shundan keyin meni bu klubga o‘tishim hal bo‘lib ketdi. Ko‘proq Rustam Ashurmatov sababchi bo‘ldi. Chunki uning oldingi murabbiylari hozirgi jamoada ishlashyapti.
- Faoliyatingizda ilk bor legionerga aylandingiz. Bu taklifni qabul qilishdan avval ikkilanish bo‘lmadimi? Balki kimdandir maslahat olgandirsiz...
- Dadam futbol o‘ynamagan. O‘zlari o‘ynamaganlari uchun bizga qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, sharoit yaratib bergan.

- Xusniddin Aliqulovni akasi sifatida ham muxlislar sizni yaxshi bilishadi. Dastlab ukangiz legionerga aylandi. Balki bu holat ham faoliyatingizni chetda davom ettirishga undagandir. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, ukam mendan oldin tanildi. U ko‘p mehnat qildi. Men ham ancha erta tanilardim. Ammo hammasi Allohdan. Jarohat sababli kechroq o‘ynashni boshlaganman.
- Yangi klubda sizni qanday kutib olishdi? Yangi mamlakat, mentalitet va jamoaga ko‘nikishingizda kimlar yordam beryapti?
- Juda zo‘r kutib olishdi. Farijkan degan agent meni joylashtirib ketdi.
- U erda qaysi raqamni tanladingiz?
- Yana 97 ni oldim.

- Bunga 1997 yilda tug‘ilganingiz sababmi?
- Ha, sababi shu.
- Bungacha "Metallurg"dan tashqari, "Sho‘rtan" va "Mash’al"da o‘ynagansiz. Xusniddin esa "Nasaf"dagi o‘yinlari orqali ko‘zga tashlandi. Adashmasam, siz "Nasaf"da to‘p surmagansiz, bunday imkoniyat sizda bo‘lmaganmi?
- Yo‘q, bo‘lmagan.
- Ya’ni, ukangiz bilan birga to‘p surishni xohlarmidingiz? "Nasaf"da sizda to‘p surish imkoni bo‘lmagani xafa qilmaganmi?
- Yo‘q, xafa qilmagan. Xudo xohlasa, milliy terma jamoada birga o‘ynaymiz.

- Yangi jamoangiz bosh murabbiyi bilan ilk suhbatingiz qanday kechdi?
- Biz senga ishonganimiz uchun chaqirdik dedi. Boya aytganimdek, Rustam Ashurmatov ko‘proq sababchi. Hozirgi bosh murabbiy va yordamchisi o‘z vaqtida uni murabbiylari bo‘lishgan.
- “Pusan”ning maqsadi qanday va futbolchi sifatida oldingizga qanaqa vazifa qo‘ygansiz?
- Maqsadimiz chempionlikni qo‘lga kiritish va elitaga chiqish. Niyatlarim katta, Xudo xohlasa, mehnat qilib, barchasini amalda ko‘rsatmoqchiman.
- Oxirgi savol! Sizga Superligamizdan va yana boshqa mamlakatlardan ham takliflar bo‘lganmidi yoki koreyaliklarning taklifi siz uchun eng asosiysi bo‘ldimi?
- Ha bor edi. Superligadan ikkita va Tailanddan bitta. Lekin men o‘zim uchun eng ma’qulini tanladim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar