
Muhammadievni tovon pulisiz ketishga qanday ko‘ndirishgani, Xomyakov masalasi hamon kun tartibidaligi, legionerlarning keyingi taqdiri...Yoxud klubdagi o‘zgarishlar haqida "Buxoro" bosh direktorining munosabati
“Buxoro” klubida oldindan kutilganidek bosh murabbiy o‘zgardi. Tojikistonlik Muhsin Muhammadiev iste’foga chiqdi va uning o‘rnini Jamshid Saidov egalladi. Bunday o‘zgarish esa jamoa uchun juda zarur edi. Axir mavsum boshidan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Buxoro”ga yangi qon quyish kerak edi-da.
Jamoaning muvaffaqiyatsiz ishtiroki u erda muammolar borligini ko‘rsatib turibdi. Bundan avval esa, rahbariyatda ham o‘zgarish bo‘lganini bilsangiz kerak. Alisher Rustamov “Buxoro” bosh direktori sifatida ish boshlagandi. Muxlislar esa uni yaxshi bilishadi. 2016 yilgi mavsumda ham u klubda rahbarlik lavozimida ishlagan va o‘shanda “Buxoro” faxrli 4-o‘rinni egallagandi. Yana bir bor ushbu mutaxassisning klubga qaytishi mahalliy ishqibozlarda umid uchqunlarini uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas.
Kuni kecha Alisher Rustamov bilan bog‘landik. Zero, bunga bir nechta sabablar bor edi.
- Jamoada ish boshlaganimda bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev edi, - deya gap boshladi Alisher Rustamov. - Men klubga kelgan paytimda u karantin tufayli Moskvaga ketgandi. Uning o‘rnida esa bosh murabbiy vazifasini vaqtincha yordamchi murabbiy Mirislom Hasanov bajarib turdi. “Andijon” bilan durang o‘ynadik va safarda “Navbahor”ga yutqazganimizdan so‘ng Muhammadiev Rossiyadan qaytdi. 9 iyunda keldi va 23-sanagacha karantinda bo‘ldi. Shundan so‘ng, “Buxoro”da yana o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Qarshida “Nasaf” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadik. Bu esa biz uchun ijobiy natija hisoblanardi. So‘ng “Metallurg”ga yirik hisobda yutqazib qo‘ydik. O‘z stadionimiz rekonstruktsiya bo‘layotgani tufayli Muborakdagi stadiondan ijara hisobida foydalanib turibmiz. Xullas, o‘zimizda “Metallurg”ga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lganimizdan keyin Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga 3:1 natijasida yutqazib qo‘ydik. O‘yindan keyin hammaning – jumladan mening ham kayfiyatim yo‘q edi. Bosh murabbiyda ham shunday holat edi. “So‘g‘diyona” bilan uchrashuvdan so‘ng Muhammadiev bilan ikki tomonlama shartnomani bekor qilish bo‘yicha muzokaralarni boshladik. Chunki vaziyat og‘ir edi va klubda nimanidir o‘zgartirish kerak edi. Buni Muhammadievning o‘zi ham his qilib turgandi. Sabablar ko‘p edi, legionerlar ham etib kelishmagandi. Jarohat olgan o‘yinchilarimiz ham bor edi. Hammasi bir bo‘lib natijamizga ta’sir qildi. Ushbu oyning boshidan “Buxoro”da texnik direktor sifatida Jamshid Saidov ishga kirishgandi. Muhammadiev bilan bir to‘xtamga kelgunga qadar mashg‘ulotlarni Saidov o‘tkazib turdi. Oxir-oqibat Muhsin Muslimovich bilan moliyaviy masala bo‘yicha kelishib oldik. Barcha hisob-kitoblar yakunlanishini Muhammadiev kutdi. O‘tgan juma kuni esa u bilan to‘liq hisob-kitob qildik va undan umuman qarzimiz qolmadi. Dushanba kuni esa bosh murabbiy o‘zgarganini rasman e’lon qildik.
- Ayting-chi, unga qancha miqdorda tovon puli to‘ladinglar?
- Yo‘q, biz tovon puli to‘lamadik. Ikki tomonning o‘zaro roziligi bilan shartnomani bekor qildik. Murabbiy qaysi kundan ariza yozgan bo‘lsa, o‘sha kungacha to‘liq hisob-kitobni amalga oshirdik. Muhammadievga jamoadagi vaziyatni to‘g‘ri tushungani uchun rahmat aytmoqchiman. “Buxoro”ga og‘irligi tushmasligi hamda vaziyat tovon puli to‘lash holatiga etib bormasligi uchun o‘zaro kelishib oldik. Natijada u tovon pulidan voz kechdi. Faqat oylik maoshlarini to‘lab berdik. Chunki boya aytganimdek, uning o‘zi ham klubning ahvolini tushunib turgandi. O‘z o‘rnida shuni aytmoqchimanki, Muhammadiev bilan olib borilgan muzokaralarning ijobiy echim topishida Hasan Ro‘zievning ham hissasi katta bo‘ldi. Ushbu mutaxassis "Buxoro" klubida bosh direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlayapti.
- “Buxoro”ni Aleksandr Xomyakov boshqarishi haqidagi xabarlar ko‘p chiqdi. Hattoki, uning Buxoroga borib kelganidan ham xabarimiz bor. Lekin bosh murabbiylik vazifasi Jamshid Saidovga topshirildi. Aslida Xomyakov varianti ham bormidi?
- Aleksandr Andrevich – yaxshi mutaxassis. U o‘zini ko‘rsata olgan. O‘zbekistonga moslashgan, ko‘plab futbolchilarni yaxshi taniydi. “Mash’al”da 10 yil davomida iqtidorli yoshlarni tarbiyaladi. Menimcha, har qanday jamoa mana shunday murabbiy bilan ishlashni xohlaydi. Biz ham Xomyakov bilan muzokara olib boryapmiz, ammo hali shartnoma imzolaganimiz yo‘q. To‘g‘risi, jamoamizda Xomyakov ishlashini xohlaymiz. Plyus tomoni shundaki, Xomyakov bilan Saidov “Mash’al”da va “Andijon”da birga ishlagan. Ularning uslublari o‘xshash va bir-birini juda yaxshi tushunishadi.
- Agar voqealar rivoji sizlar istagandek kechib, Xomyakov “Buxoro”ga kelsa, u qanday lavozimda ishlashi mumkin?
- Maslahatchi murabbiy bo‘ladi.
- Jamshid Saidovning bosh murabbiylikka tayinlanishi oldindan rejada bormidi yoki boshqa variantlar ham mavjudmidi?
- Yuqorida aytganimdek, Saidov klubda texnik direktor bo‘lib ishlab turgandi. Unda ham Muhammadiev bilan birga ishlash imkoniyati bor edi. Oxir-oqibat Muhsin Muslimovich bilan muzokaraga kirishganimizdan so‘ng klubning infratuzilmasini yaxshi biladigan, pro litsenziyasiga ega bo‘lgan va ayrim klublarni boshqargan Jamshid Saidovning nomzodi bor edi. Ya’ni, biz ichki resursdan foydalandik. Chetdan murabbiy qidirishning hojati yo‘q edi.
- Etib kela olmagan legionerlar masalasi qanday echim topish mumkin?
- Echim topilishi bizga bog‘liq emas. Legionerlarimizning to‘rttasi asosiy tarkib o‘yinchilari edi. Ikki nafari esa jamoamizda o‘tgan yildan beri to‘p surib kelayotgandi. Aynan Milovan Kapor bilan Jiba Lipartia Buxoroga moslashib qolgandi. Albatta, xorijlik futbolchilarning jamoamizga etib kelmagani bizga pand berdi. “Buxoro”da zaxira o‘rindig‘imiz keng emas. Ikkita teng kuchli tarkibga ega emasmiz. Mana shunday pallada legionerlarimizning yo‘qligi katta ta’sir qilyapti. Ammo hozirgi paytda aviareyslar berkitilgan. Boshqa ilojimiz yo‘q, qachon karantin tugasa, o‘shanda kelishadi, kutishga majburmiz.
- Legionerlarga oylik maosh to‘lanyaptimi yoki to‘xtatib qo‘yilganmi?
- Karantin joriy etilgani munosabati bilan ularga ish haqlarini to‘lash borasida muzokaralar olib borilyapti. Hozirgi vaziyat fors-major. Ularning kela olmasligiga sabab bor – yo‘llar yopiq. Shu o‘rinda aytishim mumkinki, bizni ham bu vaziyatda aybimiz yo‘q. Lekin o‘rtada shartnoma bor.
- Umuman olganda, “Buxoro”ning muvaffaqiyatsiz ishtirokini nima bilan bog‘laysiz: murabbiyning xatosimi, moliyaviy muammolarmi yoki tarkibdagi kamchiliklarmi?
- Murabbiyning ishi bo‘yicha aniq gap ayta olmayman. Chunki o‘sha paytda men klubda bo‘lmaganman. Ammo unutmaslik kerakki, futbolda har xil vaziyatlar bo‘lib turadi. Mendan oldingilarning ishlarida xato va kamchiliklarni topib, muhokama qilish to‘g‘ri ish emas. O‘zim ham erta-indin shunday vaziyatga tushishim mumkin. Bo‘lgan ish bo‘lib o‘tdi. Masalan, nima sababdan bunday bo‘lgani endi meni unchalik qiziqtirmaydi. Meni qiziqtirayotgani hozir va bundan keyin nima qilish kerak? Mana shu holat meni ko‘proq o‘ylantiryapti. Baribir oldin ishlagan rahbarlarga va murabbiylarga rahmat. O‘tgan yili Muhammadiev jamoani saqlab qolgan. Endi esa yana bir bor “Buxoro”ni Superligada saqlab qolishga harakat qilamiz.
- Yaqinda klubda 8 nafar futbolchida koronavirus aniqlangandi. Ularning hozirgi holati qanday? Qolgan o‘yinchilarni qanday himoyalayapsizlar?
- Jamoamizda dastlabki test o‘tkazilganida 8 ta futbolchimizda virus borligi ma’lum bo‘lgandi. Ikkinchi yarmini ham testdan o‘tkazganimizda yana uch nafar futbolchimizda koronavirus aniqlandi. Ayni paytda ular izolyatsiyaga olingan. Ular shifokorlar nazoratida. Keyinchalik o‘shalarni yana bir bor testdan o‘tkazamiz. Qolgan yigitlarni alohida ajratganmiz va ular sog‘-salomat.
Fikrlar