Muhammadievning yo‘qligi futbolchilarga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti? Yordamchi murabbiy "Buxoro"dagi vaziyat haqida gapirdi

  • 11 iyun, 2020, 23:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca-Cola Superliganing 4-turiga ham sanoqli kunlar qoldi. Barcha jamoalar esa bo‘lajak o‘yinlarga o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq hali ham muammolari tufayli ko‘ngildagidek shug‘ullana olmayotgan klublar ham yo‘q emas.

Tecno

Bu borada gap ketganda avvalo “Buxoro”ni tilga olish joiz. Avval ham xabar berganimizdek, jamoa ustozi Muhsin Muhammadiev Moskvadan kela olmayapti. Legionerlari ham o‘z yurtlaridan hali qaytishmadi. Ularning qachon “Buxoro”ga qo‘shilishlari noma’lum.

Aniqki, “Andijon” bilan uchrashuvda bosh murabbiy hamda legionerlar yordam bera olishmaydi. Biz mavjud vaziyatni hisobga olgan holda Muhammadiev bilan bir necha bor bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Lekin Muhsin Muslimovich bizning murojaatlarimizga javob berishni istamayapti. Balki hozirgi holatda uning kayfiyati yaxshi emasdir va jurnalistlar bilan suhbatlashish uning ko‘ngliga sig‘mayotgandir, yana kim biladi deysiz?!

Axir “Buxoro” o‘yinga bosh murabbiysiz tayyorlanmoqda va bunday paytda har qanday mutaxassisga ham oson tutib bo‘lmaydi. Unday bo‘lsa, “Buxoro”ni kim shug‘ullantirib, o‘yinga tayyorlayapti, deb o‘ylayotgandirsiz-a? Jamoada yordamchi murabbiy Mirislom Hasanov ayni paytda barcha mas’uliyatni zimmasiga olgan.

Tabiiyki, u “Andijon” bilan o‘tadigan uchrashuvda jamoani boshqaradi. Shunday ekan, “Buxoro”ning tayyorgarligi, hozirgi holati va bo‘lajak o‘yin haqida faqat u javob bera olardi. Shuni hisobga olib, Mirislom Hasanov Sports.uz uchun jamoasining bugungi holati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

-  Futbolchilarning kayfiyati qanday? Bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik qay tarzda ketmoqda?

-  Jamoamizda kayfiyat yaxshi, mashg‘ulotlarimizni ham boshlab olganmiz. Lekin o‘yinga tayyorlanish uchun vaqt kam-da. Kunlar esa juda tez o‘tib ketyapti. Hattoki, o‘rtoqlik o‘yini ham o‘tkazganimiz yo‘q. Chunki hali futbolchilarimiz tayyor emas. Ularni asta-sekin sport formasiga keltiryapmiz. Ammo bu u qadar qo‘rqinchli emas. Nasib qilsa, o‘yingacha yigitlarni yaxshiroq tayyorlashga harakat qilamiz.

xasanov_1

-  Baribir klubda muammolar etarlicha. Bosh murabbiy hamda legionerlar qaytib kela olmayapti. Bu esa katta yo‘qotish. Ularing yo‘qligi jamoadagi futbolchilarga ta’sir ko‘rsatmayaptimi?

-  O‘yinchilarimiz professional. Hammasi o‘z vazifasini bajarishyapti. Qachonki, yo‘llar ochilsa, shunda ular etib kelishadi. Endi esa tarkibimizdagi iqtidorli yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz.

-  Mashg‘ulot jarayonlari qanday davom etyapti? Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev Moskvadan turib masofaviy tarzda ishni o‘zi olib boryaptimi yoki mashg‘ulotlarni bilganingizcha olib boryapsizmi?

-  Muhammadiev bilan doimiy aloqadamiz. Birgalikda mashg‘ulot o‘tkazish usullarini muhokama qilib ishlayapmiz. U onlayn holatda hammasini nazorat qilib turibdi.

-  “Andijon” bilan o‘yingacha futbolchilar qanchalik tayyor bo‘la oladilar?

-  100  foizga bo‘lmasada, lekin 70-80 foizga tayyorlashga harakat qilamiz.

buxoro_1

-  Bo‘lajak raqibni o‘rganish ishlari qanday davom etyapti? Har holda ushbu uchrashuvda g‘alaba ikkala klubga ham juda muhim. Chunki “Buxoro” ham, “Andijon” ham hali g‘alaba qozonishgani yo‘q...

-  Ularda ham murabbiy almashgan. Aleksandr Xomyakovning uslubi boshqa edi, uniki bilan Viktor Kumikovning taktikasi farq qiladi. Baribir g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Ammo ustiga-ustak biz o‘z maydonimizda emas, balki Muborakdagi stadionda o‘ynaymiz. Hozirda esa u erdagi maydon qandayligini ham bilmaymiz. Karantin sababli stadionimizdagi ta’mirlash ishlari cho‘zildi. Endi esa sentyabr oyida maydon chimini yangilash rejalashtirilgan.

-  “Buxoro” nima uchun mavsumning dastlabki uchta turini ham 0:3 hisobida yutqazdi? Bunday startni hech kim kutmagandi.

-  Ko‘rgan bo‘lsangiz, biz “Paxtakor”, “Lokomotiv” kabi kuchli raqiblarga qarshi o‘ynadik. Ammo futbolchilarimiz ham yomon harakat qilmagandi. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Shunga qaramay, iloji boricha vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz. Bundan tashqari, tarkibimiz o‘zgargan. Yangi legionerlarni ham chaqirganmiz. Hali yigitlar bir-birlarini to‘liq tushunib ketishgani yo‘q. Ularga hali vaqt kerak. Tarkibimiz esa deyarli 80 foizga yangilandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!