"Murabbiy doim tavakkalona yo‘l tutadi" - Viktor Kumikov yangi klubida o‘zbekistonlik futbolchilarni ko‘rmoqchimi?

  • 12 may, 2021, 23:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tganimizdek, sizu-bizga yaxshi tanish bo‘lgan rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikov Belarus chempionatida ish boshladi. Bugun 58 yoshni qarshi olgan mutaxassisning faoliyatida shu tariqa yangi sahifa ochildi.

Tecno

Agar Kumikovning murabbiylik faoliyatiga nazar tashlasak, uning geografik ko‘rinishi asosan uchta mamlakat bilan bog‘liq: Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston. Asosan, qozoq va o‘zbek klublarida ancha samarali ishlaganini barchamiz yaxshi eslab qolganmiz. Bu borada gap ketar ekan, uning “Mash’al”, “Nasaf” va ayniqsa, “Shaxtyor” (Qarag‘anda)dagi faoliyati esda qolarli bo‘lgan. Qozog‘iston klubi bilan qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Yilning eng yaxshi murabbiyi deb e’tirof etilgan. “Shaxtyor”ni Evropa Chempionlar ligasi saralash bahslariga olib chiqa oldi.

Umuman olganda, Kumikov haqida ko‘p gapirish mumkin. Baribir uning yurtimizdagi faoliyati muxlislarni ko‘proq qiziqtiradi. “Mash’al” hamda “Nasaf”dan tashqari AGMK bilan “Andijon”da ham ishladi. Har qanday murabbiyning faoliyatida past va balandliklar bo‘lgani kabi Viktor Balyutovichda ham shu holat kuzatildi. O‘tgan yili “Andijon”dan tushgan taklifni qabul qildi. Biroq uning boshchiligidagi jamoa 10 ta o‘yinda umuman g‘alaba qozona olmagan. Shundan keyin Kumikov klubni tark etgandi.

kumikov3_6

Nihoyat, endilikda rossiyalik murabbiy yana ishga qaytdi. Albatta, u natijalari havas qiladigan klubga kelgani yo‘q. Aksincha, mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan jamoani oyoqqa turg‘azish uchun taklif qilindi. Shuni inobatga olganda, Kumikovni oldinda og‘ir va mashaqqatli mehnat kutib turibdi. Chunki uning yangi jamoasi – “Sputnik” Belarus chempionatida oxirgi o‘rinda boryapti. Uning o‘zi aytganidek, u autsayder klubni qabul qilib oldi.

Kumikovning oxirgi boshqargan klubi bilan yangi jamoasi o‘rtasida qanday farq bor? Yuqorida aytganimizdek, mutaxassis “Andijon” boshqaruvini qo‘lga olgan paytda ham klub g‘alabasiz odimlayotgandi va chempionatda autsayderlardan biri edi. “Sputnik”dagi vaziyat deyarli o‘xshash. Qiziq, bu safar Viktor Kumikov yangi klubida natijani o‘zgartira olarmikin? Darvoqe, u ilk bor Belarus chempionatida ish boshlaganini ham aytib o‘tish darkor. U katta ehtimol bilan mavsum oxiriga qadar "Sputnik"ni boshqaradi.

Viktor Balyutovich, “Sputnik”da ishga kirishganidan keyin dastlabki fikrlarini sports.uz uchun bildirdi.

kumikov4_3

- Viktor Balyutovich, avvalambor sizni tavallud topgan kuningiz bilan tabriklamoqchimiz va yangi jamoada sizga omad tilaymiz.

- Tabrik va yaxshi tilaklar uchun rahmat.

- Shuningdek, yangi klubni qabul qilganingiz bilan ham tabriklayman. Ammo bu sizga o‘tgan yilgi vaziyatni eslatib yubormayaptimi? Chunki qiyin vaziyatdagi “Andijon”ga bosh murabbiy bo‘ldingiz, ammo natijalar o‘nglanmasdan, yakunda baribir u erdan ketgandingiz. “Sputnik” esa Belarus chempionatida yaqqol autsayder. Bu borada fikringiz qanday?

- Albatta, siz aytganingizdek, vaziyat bir-biriga o‘xshash. Ammo tez orada klubning musobaqa jadvalidagi mavqeini yaxshilashga astoydil urinib ko‘raman va o‘ylaymanki, hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi.

- Aslida bu klubni boshqarishga rozi bo‘lganingiz katta tavakkalchilikmi?

- Murabbiy har doim tavakkalona yo‘l tutadi. Umid qilamanki, hammasi muvaffaqiyatli kechadi. Bu yo‘lda astoydil mehnat qilishga tayyormiz.

- O‘tgan vaqt davomida sizga O‘zbekistondan aniq takliflar tushganmidi?

- Yo‘q, takliflar bo‘lmadi.

kumikov2_4

- Viktor Balyutovich, Belarus chempionatida Shahzod Ubaydullaev, Shahboz Umarov kabi legionerlarimiz to‘p surishyapti. Ularni kuzatyapsizmi? Futbolchilarning imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Bu haqida bilaman. Ilgari ham ularni kuzatganman. Hozir yanada ko‘proq kuzatishga kirishganman.

- “Sputnik”da qanday o‘zgarishlarni qilmoqchisiz? Tarkibda qaysi o‘zbekistonlik futbolchilarni ko‘rishni istayapsiz?

- Futbolchilarning qaerdan kelgani unchalik muhim emas. Eng asosiysi, o‘yinchilar o‘zlaridan talab qilingan darajada to‘p sursalar kifoya.

- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi?

- Hozircha Oleg Kornienko va bir qancha mahalliy murabbiylar o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishyapti. Ular mening shtabimdan joy olishgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!